17:13 / 10.07.2023
204

Adolat qaror topdi: sudma-sud yugurtirgan “i” harfi

Adolat qaror topdi: sudma-sud yugurtirgan “i” harfi
Turmush o‘rtog‘ini haqorat qilganlikda ayblanib, ishi Oliy sudgacha borgan er Sirdaryo viloyati sudi tomonidan yana bir bor oqlandi. “Harom” va “haromi” so‘zidagi farq – birgina “i” harfi uni yillar davomida sarson qildi.

Abror Shamarov ma’lum sabablarga ko‘ra turmushidan ajrashgan, 4 farzanddan 3 nafari ota bilan yashayotgandi. 2021 yilning 30 noyabr kuni Abror bolalarini ko‘rish uchun kelgan turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qoladi va tortishuv vaqtida uning tilidan “harom” degan so‘z ishlatiladi. Turmush o‘rtog‘ini haqorat qilgani uchun avval ham MJtKning tegishli moddasi bilan ma’muriy jazoga tortilgan Abrorga shu so‘z qimmatga tushdi.

Ayol IIBga murojaat qiladi va endi unga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismi (ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin 1 yil ichida takroran haqorat qilish) bilan ish qo‘zg‘atiladi. Ishni ko‘rib chiqqan JIB Toshkent tuman sudi sudyasi Mirali Mirraximov Abror Shamarovni Jinoyat kodeksining 140-moddasi 1-qismi (haqorat qilish) bilan aybli deb topgan va 5,7 mln so‘m jarima jazosi tayinlagan.

Ish 2022 yil Toshkent viloyati sudi jinoiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida qayta ko‘rilib, Toshkent tumani sudining chiqargan hukmi bekor qilinadi va Shamarov oqlanadi.

Shu bilan adolat tiklanganday bo‘lib turgan bir vaziyatda ayolning shikoyati bo‘yicha ishni ko‘rib chiqqan Oliy sud kassatsiya instansiyasi oqlovni bekor qilib, qayta ko‘rish uchun ishni apellyatsiya instansiyasiga yuborgan.

Darvoqe, Shamarovga nisbatan oqlov hukmida ta’kidlanishicha, dastlabki tergov organi va birinchi instansiya sudi Oliy sud Plenumi qarorlari tushuntirishlariga rioya qilmasdan, Abror Shamarovni ayblash uchun (!) faqatgina guvohlarning isbotini topmagan ko‘rsatuvlarini asos qilib olgan.

Bundan tashqari, sudga oid lingvistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, taqdim etilgan diskdagi videolavhada Abror Shamarov turmush o‘rtog‘i bilan tortishuvda “haromi” so‘zini ishlatmagani, “harom” so‘zini shar’iy nuqtayi nazardan taloq ma’nosiga tenglashtirib qo‘llagani aniqlangan.

Oliy sud ishni adolatli ko‘rib chiqilishini, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida takroriy apellyatsiyani Sirdaryo viloyati sudi jinoiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga yukladi.

Oliy sudning ma’lum qilishicha, mazkur ish doirasida yaqinda bo‘lib o‘tgan sud majlisida xotinini haqorat qilganlikda ayblangan er qayta oqlandi. Ya’ni, sud hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudining 2022 yil 9 fevraldagi hukmi bekor qilindi. Shuningdek, Abror Shamarovning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan reablitatsiya qilinib, u oqlandi: sud uni turmush o‘rtog‘ini haqorat qilmagan, deb topdi.

Toshkent tumani IIB tergovchilari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi sudyasining bu kabi “adashish”lari insonlar uchun qimmatga tushmoqda. Adolat maskanida adolatsizlik qilayotganlarga chora ko‘riladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adolat qaror topdi: sudma-sud yugurtirgan “i” harfi
ePN