Siyosiy tahlilchi Sherzod Ziyoyev Dubayda 140 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan BMT iqlim sammitining O‘zbekiston uchun ahamiyati va mamlakatning bugungi tashqi siyosati haqida so‘z yuritdi.
— Bu konferensiya bir necha sabablarga ko‘ra ahamiyatlidir. Birinchi o‘rinda global iqlim o‘zgarishlari dunyo davlatlarini birdek tashvishga solyapti. To‘g‘ridan to‘g‘ri xavf bo‘lmagan davlatlar uchun ham bu narsa xavfli, chunki davlatlar iqtisodiyoti bir-biriga bog‘liq. Sarmoya, inson resurslari, logistika, kapital bozorlarini bog‘lab turadi, iqlim o‘zgarishlari esa iqtisodiyotga ta’sir qilyapti. Dunyo mamlakatlari buni muvofiqlashtirish kerakligini tushunib yetdi, shuning uchun BMT darajasida ko‘rilyapti.
80-90-yillarda iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha ko‘p muhokamalar bo‘lgan. 2015 yilga kelib, Parijda iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha kelishuvlar boshlangan, 2018 yilda O‘zbekiston ham qo‘shildi bunga. Butun insoniyat iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘ryapti, bu holat nisbatan rivojlanmagan, aholisi ko‘p bo‘lgan davlatlarda gumanitar inqirozlar keltirib chiqarishi xavfi tug‘ilyapti. Vaziyat o‘zaro hamjihatlikni taqozo etyapti. Xalqaro tashkilotlar bu borada faol bo‘lishi kerak.
2015 yildagi Parij kelishuviga ko‘ra, global harorat ko‘tarilishi darajasini sanoatlashuv davrigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan 2 darajadan ortiq bo‘lmagan darajada ushlab turish ko‘zda tutilgan. Lekin ekspertlar fikriga ko‘ra, asrning ikkinchi yarmida iqlim o‘zgarishlari kuchayib ketadi, insoniyat esa bunga ko‘nikishi kerak.
Hozirgi konferensiyada iqlim o‘zgarishlari davrida iqtisodiyotni, ijtimoiy hayotni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, gender tenglik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma kabi masalalar ham bo‘ladi.
Sammitda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning birinchilardan bo‘lib so‘zga chiqishi biz uchun quvonarli bu, albatta. Oxirgi yillardagi O‘zbekistonning faol tashqi siyosati nafaqat o‘zimiz uchun, balki mintaqa va dunyo davlatlari uchun global ahamiyatga ega. So‘nggi yillardagi O‘zbekistondagi rasmiy uchrashuvlar, davlat tashriflari tarixiy bir bosqich bo‘layotganini bildiradi. Bu faollik O‘zbekiston imijini yaxshilayapti, dunyoga ochilishdan manfaatdormiz ham. Ko‘plab davlatlar bilan teng munosabatlar olib borayotganimiz O‘zbekiston diplomatiyasining yutug‘idir.
Konferensiya misolida oladigan bo‘lsak, qator masalalar turibdi, O‘zbekiston rivojlanishi bilan bog‘liq. Iqtisodiyotda katta rejalar qo‘yilyapti, 2030 yilgacha YAIM hajmini 2 barobarga oshirish ko‘zlanyapti, katta ish bu, lekin salohiyat bor. Xalqaro hamkorlikni jadallashtirish orqali erishiladi bunga. Dunyodagi geosiyosiy, geoiqtisodiy vaziyat, logistika tarmoqlari, sarmoyalar masalalari bor.
Bizda muammolar ham bor. Dengizoldi davlatlarida imkoniyatlar yuqori. Shuning uchun bizda ham imkoniyatlarni oshirish maqsadida o‘rta va uzoq istiqbol uchun muhim qadamlar tashlanyapti.
Prezidentimizning tashrifidan maqsad birinchi o‘rinda konferensiyada ishtirok etish va shu mavzuga bog‘liq ravishda boshqa uchrashuvlar xam rejalashtirilgan. Fikrimcha, bu uchrashuvlar sarmoyalar va ijtimoiy rivojlanish bilan bog‘liq. Xususan, yashil texnologiyalarni rivojlantirish, energetika sohasini xilmaxillashtirish kabilar. O‘zbekiston teng manfaatli xamkorlik o‘rnatishga arzirli mamlakat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Biz uchun muhim bu. O‘zgarib borayotgan globallashgan dunyoda yashayapmiz. Nafaqat iqtisodiyot, balki tinchlik diplomatiyasi masalalari ham bor, deylik, Afg‘oniston, logistika masalalari. O‘zbek diplomatiyasi samara beryapti bugungi kunda.
Xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar O‘zbekiston diplomatiyasiga katta imkoniyatlar beryapti. O‘rta va yaqin istiqbolda buning natijalarini ko‘ramiz. Sarmoyalar kirib kelyapti, ilg‘or davlatlar hamkorlik taklif etyapti. Aytganimdek, hatto mintaqalararo diplomatiyada muhim bir davlatga aylanib bormoqdamiz. Bu omillar bizga katta imkoniyatlar beradi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring