22:37 / 20.08.2024
151

O‘zbekiston va Yangi Dunyo tartiboti: xatarlar, muammolar va yechimlar

O‘zbekiston va Yangi Dunyo tartiboti: xatarlar, muammolar va yechimlar
Foto: Google Images
Yangi Dunyo tartiboti o‘rnatilishida ikkita eng muhim asos - ilm va adolatga suyanib ish tutgan davlat yoki xalq, jahonda barcha jabhalarda eng zo‘r bo‘lganiga tarix guvoh.

Vatanimiz va xalqimiz Yangi Dunyo tartibotida O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar nomini hamda suverenligini saqlab qolishi uchun, XIX asr 2-yarmi va XX asr boshida qilingan xatolarni takrorlamasligi lozim. O‘shanda, uchta xonlikning o‘zaro adovati hamda butun xalqning ma’rifati, ya’ni zamonaviy bilim, kasb-malakalar va rivojlanish uchun yakdil bo‘lmagani sabab, mustaqilligimizdan ayrilgandik.

Ushbu ikki mash’um xatolarni takrorlamaslik uchun, millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, mamlakatimizdagi har bir shaxsning qadr-hurmati bir xil saqlanishi kerak.

Yaqin yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘rnatilgan jami qo‘shnilarimiz bilan teng-huquqli, strategik-do‘stona va ittifoqchi munosabatlarimizni yanada mustahkamlab, tashqi yovuz kuchlarning qo‘zg‘amoqchi bo‘lgan birorta ham fitna-nizosiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. 100-160 yil oldin, ular bizni shu kabi nizolar yordamida bo‘lib, keyin mustamlaka tarzida ustimizdan boshqaruvni o‘rnatishgandi.

Shuning uchun, vatanimiz bizning har qachongidan ko‘ra hozir bir tan, bir jon bo‘lib rivojlanish yo‘lida harakat qilishimizga muhtoj. Dunyoga mashhur ajdodlarimiz Imom Buxoriyning "Najot - ilmda" va Amir Temurning “Kuch – adolatda” kabi hikmatlarini davlatimiz va xalqimiz hayotimizning barcha jabhalarida dastur-ul amal qilib olsa, O‘zbekiston hech qachon o‘zligini yo‘qotmaydi.

Bunga tarixdan misollar ko‘p. Iqtisodiy-ijtimoiy hayoti 2-Jahon urushida vayron bo‘lgan, qolaversa, Xirosima va Nagasaki shaharlari atom bombasi bilan yakson qilingan holatda, butun yapon xalqi ilmga asoslangan hayot tarziga o‘tgan. Ilm-innovatsiyaga xalq safarbar bo‘lgani uchun juda qisqa vaqt ichida iqtisodiy va ijtimoiy hayotda misli ko‘rilmagan Yapon mo‘jizasiga erishish bilan birga, yapon xalqi dunyodagi eng madaniyatli va intizomli xalqqa aylanib, dunyoda Buyuk Yettilik davlatlaridan biri bo‘lishga erishdi.

Islohotlardan oldin koreys xalqining sezilarli qismi savodsiz bo‘lgan bo‘lsada, bu xalqning ommaviy ilmga jalb qilinishi natijasida, Janubiy Koreya dunyodagi eng yuksak rivojlangan va farovon 20 ta davlatlardan biriga aylandi.

X-XI asr oldin, hozirgi dunyo rivojlanishi uchun tamal toshini qo‘ygan, o‘z davrida “Oltin asr”ni qurgan Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Forobiy, Beruniy va Farg‘oniy kabi ko‘plab ajdodlarimiz dunyoda Birinchi Renessansga sababchi bo‘lishgan. Yevropadagi Uyg‘onish davridan oldin Temuriylar davlatida Ikkinchi Renessans joriy qilinganiga tarix guvoh.

Prezidentimiz 4 yil oldin tashabbus qilgan Uchinchi Renessans uchun xalqimizning irsiy va ilmiy-merosiy haqqi bor. Shuning uchun, O‘zbekiston xalqi bir tan bir jon bo‘lib, Renessans ustozlari bo‘lmish ajdodlarimizga ergashib, ilm-ma’rifatda innovatsiyalar qilishi lozim. Birinchi Renessansdan oldin, buyuk ajdodlarimiz o‘z davrining xalqaro fan, ta’lim, muloqot va tadbirkorlik tili bo‘lgan arab tilini o‘rganib, shu til vositasida inqilobiy innovatsiyalar qilishgan.

Shu kabi, hozirgi kunda, xalqimiz, ayniqsa 40 yoshgacha bo‘lgan yoshlarimiz, bilim va ma’lumotlarning 85-90 foizi jamlangan xalqaro fan, yuksak texnologiya, raqamlashtirish, innovatsiyalar, biznes va muloqot tili bo‘lgan ingliz tilini o‘rganishi lozim. Chunki, tarjima bilan ilm o‘rganilsa, vaqt va zamonda orqada qolishlik hammaga ma’lum haqiqatdir. Hozirda fan, texnologiya va innovatsiyalar rivojlangan Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy xalqlari ham ingliz tilini o‘rganib, barcha sohalarda rivojlanishga erishyapti.

Shulardan kelib chiqqan holda, 3-Renessans uchun yo‘l xaritalari bo‘lgan va amaliy isbotga ega quyidagi 7ta takliflarni bildirib o‘tmoqchiman:

1) Ishga muhtojlarni smart kasblar, innovatsion va yuksak texnologik hayotiy yondashuvlarini yaratish maqsadida xayrixoh xalqimiz uchun xalqaro fan-talim, yuksak texnologiya-innovatsiyalar va biznes-muloqot tili va vositasi ingliz tilini “Noldan B2 (kompetent) darajada xalqaro sertifikat bilimiga o‘ttiz kunda jiddiy tarzda yoki juda oddiy holda 60-90 kunda shartli-kafolatli o‘z uylarida qulay o‘rgatishni ta’minlash.

2) Doimo yangilanib, boyitilib boradigan yuqori texnologik-innovatsion smart kasblarni xalqqa onlayn nazariy inglizchada o‘rgatish va joylarda ayniqsa monomarkazlarda yetuk professional ekspertlar tomonidan amaliy o‘zlashtirishlarini ta’minlash va xalqaro smart kasblar sertifikatlarini taqdim qilish.

3) Kanada, Avstraliya va Yaponiya kabi o‘ttizdan ortiq yuksak rivojlangan Yevropa, Janubiy va Sharqiy Osiyo davlatlarida Xalqaro til va smart kasblarga sertifikatli xalqimiz vakillarini tayyorlab, ularni birinchidan, tajriba almashish, ikkinchidan oilasiga, davlatimizga daromad va tajriba olib kelish uchun yetuk va qadrli kadrlar sifatida yuborish.

4) Statistika bo‘yicha O‘zbekiston aholisining 80 foizi hovli-joyda yashashini hisobga olgan holda, xalqaro til va smart kasb sertifikat bilimlariga xalqimiz vakillarini tayyorlab, o‘z uy-joylarida innovatsion-yuksak texnologik bilim va yondashuvga asoslangan hayot tarzini va tadbirkorlikni joriy qilgan holda, kichik va o‘rta biznes-iqtisodiyot lokomotivini yaratish va Yalpi milliy mahsulot hajmini bir necha martaga oshirish.

5) Xalq ta’limida 8, 9, 10 va 11-sinflar o‘quvchi va ustozlariga “Xorijiy tilni noldan B2 (kompetent) darajada rekord qisqa vaqtda o‘zlashtirish”larini ta’minlab, har bir maktabda Prezident maktabi andozasidagi Steam yoki Stem xalqaro tan olingan maktab ta’limini joriy qilish. Bunda: sanoqli Prezident maktablaridagi sanoqli o‘quvchilarimiz uchun haddan tashqari yuqori xarajatlar sarflansa, bu islohot natijasida, deyarli hech qancha xarajat natijasida oltin genofondimiz-to‘laqonli oltin boshlarimiz kelajagimiz uchun yengilmas kuch bo‘lib tayyorlanadi.

6) Oliy ta’limdagi talabalarimiz va o‘qituvchilarga “Xorijiy tilni noldan B2 (kompetent) darajada” va zarur bo‘lganda “B2 dan C1 yoki C2 darajada” o‘zlashtirishlarini shartli-kafolatli ta’minlab, oliy ta’limdagi talabga umuman javob bermaydigan qoloq o‘quv dasturidan voz kechib, yuksak rivojlangan dunyoning top o‘ntalik universitetlari o‘quv dasturlarini asl tilida joriy qilish.

7) Global Janub, Global Shimol, Global Sharq va Global G‘arbni bog‘lovchi zo‘r geostrategik manzilimizdan foydalanib, Oltin ko‘prik vazifasidagi “Innovatsion-yuksak texnologik oliy ta’lim xabi“ni O‘zbekistonda tashkil qilish uchun “Xorijiy tillarni noldan B2 ga o‘ttiz kunda” va “B2 dan C2 ga xorijiy tilni bir necha oyda o‘zlashtirish”ni shartli-kafolatli ta’minlagan holda, dunyoning top o‘ntalik universitet filiallarini o‘zimizda ochishimiz va Markaziy Osiyo va butun dunyo talabalarini O‘zbekistonga jalb qilishimiz kerak. Hozirgi zamon fan – texnikasi tamal toshini qo‘ygan o‘z davrining Fanlar Akademiyasi bo‘lmish Baytul Hikmaning rahbari va o‘rinbosari bo‘lgan ajdodlarimiz singari Prezidentimiz 2020 yil mustaqillik kunida olg‘a surgan 3- Renessans uchun bizda ham irsiy va ham ilmiy-merosiy huquqimiz bor.

Abdulaziz Hojiyev, Tilshunos,
ingliz-nemis tillari mutaxassisi

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va Yangi Dunyo tartiboti: xatarlar, muammolar va yechimlar