00:30 / 25.09.2024
72

Turkiy alifbo bo‘yicha kelishuvga erishildi: “Yuz yillar oldin qilinishi kerak edi”

Turkiy alifbo bo‘yicha kelishuvga erishildi: “Yuz yillar oldin qilinishi kerak edi”
170 millionlik turkiy xalqlarning o‘zaro yaqinlashuviga xizmat qiladigan navbatdagi qadam tashlandi. 11 sentyabr kuni Ozarboyjon poytaxti Bokuda, Turkiy dunyo uchun umumiy alifbo ishlab chiqish bo‘yicha komissiyaning uchinchi yig‘ilishida 34 ta harfdan iborat alifbo loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Lotin grafikasiga asoslangan bu harflar turkiy tillarda mavjud 34 ta tovushni aks ettiradi. Komissiya barcha manfaatdor institutlarni olimlar tomonidan taklif etilayotgan bu alifboni amalga tatbiq qilishni samarali qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Kun.uz muxbiri mavzuni tahlil qilish uchun “Geosiyosat” dasturiga pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev va siyosatshunos Fazliddin Madiyevni taklif etdi.

Turkiy xalqlarning umumiy alifbosini tayyorlash jarayonlarida bevosita qatnashgan Qozoqboy Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, olimlar bu masala ustida ikki yildan beri bosh qotirayotgan edi, mana endi umumiy to‘xtamga kelindi.

Ko‘pchilik umumiy alifbo tasdiqlandi degan noto‘g‘ri fikrga boryapti, ammo bu – birodar alifbo loyihasining taqdim etilishi bo‘ldi. Turkiy davlatlar buni o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib joriy etishlari mumkin”, deydi Qozoqboy Yo‘ldoshev.

Olim turkiy xalqlarning bir necha yuz yilliklardan beri birlashuviga to‘sqinlik qilingani, bu jarayon tilga ham ta’sir qilganini ta’kidlaydi.

Umumiy alifbo turkiy o‘zlikni namoyish etishga qaratilgan ramziy ishorami yoki real natijaga intilishmi? Qozoqboy Yo‘ldoshevga ko‘ra, bu yerda hech qanday ramziylik yo‘q. “Bu yuz yillar avval qilinishi kerak bo‘lgan ish edi”, deydi u.

Siyosiy tahlilchi Fazliddin Madiyevning fikricha, dunyo siyosatidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda, umumiy alifboga turkiy xalqlarning birlashuviga olib boradigan omillardan biri deb qarash lozim.

Dunyoda tillarning yo‘qolish jarayoni tezlashgan. Biz turkiy makonda axborot almasha olishimiz uchun, makonimizni o‘z qo‘limizga olishimiz, yangi shakllanayotgan geosiyosiy tartibotda turkiy dunyoning alohida o‘rnini yaratish uchun ham bu nihoyatda muhim. Birodar alifbo – o‘tmishimiz uchun armon, lekin kelajagimiz uchun katta imkon. Hozirgi tarixiy shart-sharoit – turkiy mintaqa uchun oxirgi imkoniyat bo‘lishi ham mumkin”, – deydi siyosatshunos.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Turkiy alifbo bo‘yicha kelishuvga erishildi: “Yuz yillar oldin qilinishi kerak edi”