20:38 / 27.09.2024
38

Jinsiy zaiflikka qarshi superdori, G‘azo bolalariga ehson va olomon effekti haqida

Jinsiy zaiflikka qarshi superdori, G‘azo bolalariga ehson va olomon effekti haqida
To‘rning g‘aroyib ilmiy nomi ham bor — astroturfing. Prezident yaqinda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi konferensiyasida kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib borayotgani, yoshlar “onlayn manqurtlashtirish” qurboniga aylanayotgani haqida gapirdi. “Qotil” texnologiyalardan biri esa shu.

Olomon effekti

Latifani eshitgan bo‘lsangiz kerak. Afandi ko‘cha changitib yurgan bir to‘da bolalarni “boplamoqchi” bo‘lib “Hoy churvaqalar, hov anavi yerda tekin yong‘oq sochilib yotibdi” deydi. Yosh-yalanglar ko‘rsatilgan tomonga gurr etib yugurib ketadi. Afandi, ular ortidan bir muddat termilib, “to‘xtachi, balki rostdir” deb o‘zi ham chopgan ekan.

Olomon effektini bundan zo‘r ochib beradigan “tadqiqot” bo‘lmasa kerak. Ko‘pchilikka ergashish tirik jonga xos. “Bir o‘zing dono bo‘lguncha, ko‘p bilan devona bo‘l” yoki “Yolg‘iz yurib yo‘l topguncha, ko‘p bilan yurib adash” degan maqollarimiz bor, ming afsus. Yakkalanib qolishdan xavotir ehtimol, qadimgi tosh davrida qo‘l kelgandir. Ammo bugungi raqamli dunyoda kiberfiribgarlar bu genetik xoslikdan odamlarni chalg‘itish, terisi-yu cho‘ntagini shilib olishda faol foydalanyapti.

Astroturfing texnologiyasi zamirida ham olomon effekti yotibdi. Bunda — internet tarmoqlarida qandaydir g‘oya, tashabbus, mahsulot yoki xizmat go‘yoki “keng jamoatchilik” tomonidan “qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotgani” haqida sun’iy, noto‘g‘ri tasavvur shakllantiriladi. “Hamma yagona umumiy fikrda sobit” ekanini ko‘rgan/o‘qigan oddiy mediasavodsiz foydalanuvchi esa, boshqalardan ajralib, yoki biron “savob” ish, qandaydir “yaxshi narsa”dan quruq qolayotgandek bo‘laveradi.

U qanday ishlaydi?

Masalan, qaysidir muttaham kompaniya jinsiy zaiflikni “davolovchi” mag‘zava (albatta, uni preparat yoki biologik faol qo‘shimcha deb taqdim etishadi) ishlab chiqaradi.

Internetda fishing sayt (himoyalanmagan, “kompaniya” haqida hech qanday ma’lumot aks etmaydigan soxta veb-sahifa) yaratilib, unda “oddiy foydalanuvchilar”ning o‘sha dori — taniga kuch, hayotiga ma’no, juftiga rohat baxsh etgani haqidagi jo‘shqin fikrlari (izohlari) joylashtiriladi.

“Sinab ko‘rdim, zo‘r ekan” deb yozgan o‘nlab Falonchibek yoki “Shu vosita tufayli baxtimiz to‘kis bo‘ldi” deya komment qoldirgan ayrim Falonchioylar aslida sun’iy intellekt, botlar yoki o‘sha firibgarlarning o‘zi ekanini anglamagan o‘quvchi, ayniqsa, muammosi bor odam esa, tabiiyki “hamma maqtayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan” “mag‘zava” uchun bor-budini chiqarib beradi.

Yoki bugunimiz uchun o‘ta dolzarb boshqa bir misol: Suriyadagi terrorchi ijtimoiy tarmoqda shartli “Saxiy qo‘llar” degan sahifa ochib, Idlib yoxud G‘azoda bolalar o‘layotgani, tiriklari och-nahor qolayotgani aks etgan “qayg‘uli” foto-videolar joylaydi, ora-orada dunyodagi barcha vijdonli musulmonlar dindoshlari uchun ehson qilayotgani haqida yasama xabarlarni ulashib turadi. Izohlar qismi ham botlar yo odamkushlarning yuzlab soxta profillari orqali “bomba ostida qolayotgan norasidalarga yordam berish farz” mazmunidagi soxta chaqiriqlarga to‘ldiriladi.

Ta’sirchan, dinini yaxshi ko‘radigan yoki umuman nochor ahvoldagi odamlarga befarq bo‘lmagan, turli medianayranglardan esa bexabar Falonchibek “savob”dan quruq qolmaslik, “falastinlik jigargo‘shalariga himmat ko‘rsatayotgan” boshqa “yuzlab dindoshlari” qatorida oxirgi chaqasini ham “bolaparvarlar” (aslida terrorchilar) qo‘liga qo‘sh-qo‘llab tutqazishi hech gap emas.

Nimadan boshlangan?

“AstroTurf” aslida futbol va boshqa sport turlariga mo‘ljallangan stadionlar uchun sun’iy yashil qoplama ishlab chiqaradigan kompaniya. 1970 yilda Texas shtati senatori Lloyd Bensen AQSH senatiga saylovlar davrida katta Jorj Bushni qo‘llash uchun jalb etilgan bir guruh odamlardan iborat “Xalq harakati”ga ishora qilib ularni “astroturflar” deb atagan. Ya’ni, siyosatchi bu bilan “ular shunchaki sun’iy o‘t-o‘lanlar — real hayotda yashayotgan insonlar va keng jamoatchilik fikrini anglatmaydi” demoqchi bo‘ladi. Termin shunday kirib kelgan.

To‘g‘ri, “astroturfing” fenomeni internet va ijtimoiy tarmoqlar ommalashishi ortidan ilmiy o‘rganila boshlandi. Ammo u eski, qadimiy manipulyatsion taktikalardan. Masalan, Shekspirning “Yuliy Sezar” pesasida Brutni otasini o‘ldirishga ishontirish uchun Kassiy unga “jamoatchilik nomidan yozilgan” qalbaki maktub yuboradi.

Bugun astroturfingdan vijdonsiz kontent orqali muayyan maqsadni ko‘zlagan deyarli hamma, deylik — firibgarlar pul shilish, ekstremistlar xayrixoh (“loxlar” deb o‘qilsa ham xato bo‘lmaydi) to‘plash, biznes-korporatsiyalar raqobatchilarini sindirish, siyosiy kuchlar elektoratini ishontirishda foydalanadi.

Bunda ular dasturiy ta’minotlar, botlar, feyk akkauntlarni ishga soladi, muayyan mablag‘ evaziga izoh yozib beradigan trollar yollaydi, yasama notijorat tashkilotlar ochadi, platformalarida ko‘rishlar yoki auditoriya sonini sun’iy oshiradi, onlayn petitsiyalar uyushtiradi, so‘rovlar natijalarini soxtalashtiradi va hokazo.

Tadqiqot va faktlar

2017 yilda Buyuk Britaniyaning Bell Pottinger kompaniyasi Janubiy Afrikada yirik masshtabli astroturfing operatsiyasi o‘tkazadi — Tvitterda yuzlab feyk akkauntlar, bloglar, veb-saytlar orqali go‘yoki mamlakatda irqiy adovat avj olayotgani haqida jamoatchilikda yolg‘on tasavvur uyg‘otishga qaratilgan axborotlar tarqatadi. Keyinchalik bu infoxuruj mamlakatning sobiq prezidenti Jeykob Zuma bilan bog‘liq korrupsion mojarodan aholini chalg‘itish maqsadida uyushtirilgani, avvalgi rahbarga yaqin manfaatdor kuchlar operatsiya uchun kompaniyaga pul to‘lagani ma’lum bo‘ladi.

Ayrim mashhur brendlar ham astroturfing bilan shug‘ullangani o‘z vaqtida shov-shuv bo‘lgan: 2009 yilda Amazon korporatsiyasining bir guruh xodimlari turli veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlaridan soxta ekspert yasab, Amazon Kindle elektron kitobini ko‘kka ko‘taruvchi, ayni paytda uning raqobatchilarini yer bilan yakson etuvchi postlar, izohlar yozgan; 2013 yilda Samsung boshqa bir texnogigant — HTC mahsulotlari haqida turli internet-forum va bloglarda negativ kommentlar qalashtirib tashlash uchun talabalarni yollagan va nayrangi fosh bo‘lgach mo‘may jarima to‘lagan.

Umuman, ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha ekspert, Illinoys universiteti professori Bin Lyuning hisob-kitobicha, Internetdagi barcha iste’molchilar fikr-mulohazalari — izohlarning uchdan bir qismi soxta. 2021 yilda o‘tkazilgan yana bir tadqiqot esa Tvitterda siyosiy mazmundagi xabarlarni tarqatish uchun foydalaniladigan “odamga o‘xshash botlar” platforma tomonidan aniqlanib, bloklangunga qadar bitta bot o‘n to‘rt kun davomida avtomatik tarzda ishlashi va 1586 tagacha xabar yuborishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Belgilari

Xo‘sh, to‘r tashlanganini qanday payqash mumkin? Astroturfing alomatlari nimalarda namoyon bo‘ladi? Mutaxassislarning bu boradagi xulosalari shunday:

1. Qo‘llab-quvvatlashning g‘ayritabiiy yoki tasodifiy yuqori darajasi. Deylik, internetdagi qaysidir soxta “investor”ning kuni kecha ochilgan sahifasida bir kunda o‘nlab “foydalanuvchi” besh ming tikib — besh million yutvoganini aytayotgan bo‘lsa, darrov cho‘ntak kovlamasdan o‘ziga savol berishi kerak kishi: bular kim, qachon paydo bo‘laqoldi?

2. O‘ta rasmiy, g‘aliz va nosamimiy ohang. Jumlalar telba-teskari, xuddi “Google translate” tarjimasidek yozilayotgan, odatiy suhbatlardan ko‘ra, badiiy adabiyotlarda qo‘llaniladigan so‘zlar ishlatilayotgan bo‘lsa, bilingki, ekran ortida yuzlab “alisalar” xizmat ko‘rsatyapti.

3. Umumiylik va takroriy xarakter. Kommentlar faqat bir xil mazmun va ohangda, bir-biridan farq qiluvchi yoki rad etuvchi mulohazalarsiz bo‘lsa, demak, bir gap bor. Masalan, shartli “Saxiy qo‘llar”da “G‘azoni tashlab qo‘ymaylik” degan umumiy chaqiriqlardan tashqari, “yaxshi, lekin ehsonning rasmiy hisoboti bormi, pullar bolalarga yetib borishini qayerdan bilamiz” singari mulohazaga chorlaydigan, qarshi fikrlarni uchratmasangiz, qochish kerak.

4. Anonimlik. Nimanidir olqishlab yoki yerga urib post/komment yozayotganlar kim ekanini bilolmasangiz, axborotning dastlabki manbasi, shuningdek g‘oya tashabbuskorlari, mahsulot va xizmatlarning asl egalari, ishlab chiqaruvchilarini topishda qiynalsangiz, astraturfing hidi anqiyotgan bo‘ladi.

Yana, tadqiqotchilar fikricha, katta auditoriyali blogerlar, xususan vaynerlarning o‘z sahifasida (vaynlarida) muayyan mahsulot yoki xizmat “zo‘r”ligini “qistirib” o‘tib ketishi va bu uchun tekin mahsulot yoki qandaydir imtiyozga ega bo‘lgani haqida obunachilariga churq etmasligi ham astroturfing hisoblanadi (va bizda bundaylar oz emas).

Qanday oqibatlari bor?

O‘qishga sabringiz chidagan bo‘lsa, sezdingiz, oqibatlari og‘ir:

- yosh umringiz turmada chiriydi (o‘sha shartli “Saxiy qo‘llar”ga “hamma vijdonli musulmonlar qatori” ehson qildingizmi — bu qonunda terrorizmni moliyalashtirish sifatida malakalanadi);

- teshik tog‘ora bilan qolasiz (bir to‘da anonim lo‘ttibozning Prezident suratini qo‘yib, “hammaga falon so‘mdan tarqatilyapti, quruq qolmang” deganiga ishonib karta raqamlarni bersangiz, urdi xudo);

- ajalingizdan besh kun oldin o‘lasiz (maqola avvalida aytilgan “mag‘zava” qon bosimingizni oshirib yuborishi hech gap emas).

Chora nima?

Hushyorlik. Tanqidiy fikrlash ko‘nikmasi. Farosat. Mediasavodxonlik. Internet muhitidagi virtual ayyorliklar, manipulyatsion texnologiyalar, raqamli to‘rlarning o‘ljasiga aylanmaslik, olomon emas, shaxs bo‘lib qolish uchun ular doim ratsionda bo‘lishi kerak.
O‘z navbatida, davlat ham, deputatlar ham qarab turmasligi, balki, ko‘plab taraqqiy etgan mamlakatlar qatorida, qonunchilikka zamonaviy media sohasini tartibga soluvchi, xususan, astroturfing bilan bog‘liq nayranglarning oldini olishga qaratilgan normalar kiritishni o‘ylab ko‘rishi lozim, nazarimizda.

Dilshod Nurulloh

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jinsiy zaiflikka qarshi superdori, G‘azo bolalariga ehson va olomon effekti haqida