
Joriy yilning 15—16 oktyabr kunlari Xiva shahrida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferentsiya boʻlib oʻtdi. Mazkur konferentsiyada ishtirok etgan Turkiyaning Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Goʻrmez Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ham ma'naviy, ham iqtisodiy islohotlarni yuksak e'tirof etdi.
Movarounnahr tsivilizatsiyasi
“Doʻst va birodar Oʻzbekistonga ushbu muhim konferentsiyani tashkil qilgani uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman. Xususan, meni ham taklif qilishgani uchun alohida tashakkur izhor etaman. Albatta, Oʻzbekiston qadimiy tarix va juda boy tamaddunga ega davlat. Biz buni Movarounnahr tsivilizatsiyasi deb ataymiz. Ma'ruzamda ham aytib oʻtganimdek, Movarounnahr tsivilizatsiyasining 5ta asosiy xususiyati bor. Ulardan birinchisi haqiqiy universal ilm tasavvuriga ega boʻlishdir. Ya'ni ham ijtimoiy ilmlar, ham tabiiy fanlar, ham islom ilmlarini birlashtirgan chuqur tafakkurga suyanish.

Oʻzbekiston zamini bu ilmlarni oʻz hayotiga tatbiq qilgan islom olamining eng buyuk muallimlarini tarbiyaladi. Shunday qilib bu erdan Buxoriy, Termiziy, Dorimiy kabi buyuk hadis ulamolari etishib chiqdi. Ayni paytda Ibn Sino kabi ulugʻ tabiblar, Beruniy kabi faylasuflar ham boʻy koʻrsatdi. Shuningdek, tasavvuf allomalari ham shu moʻtabar zaminda tarbiya topdi. Bu tsivilizatsiyaning ikkinchi muhim xususiyati shundaki, u juda kuchli metodologiya ishlab chiqdi. Ya'ni ilm xom ashyo sifatida Movarounnahrga kelganida bu yurt allomalari unga tartib berdi. Uni muayyan qonun-qoidalarga aylantirib, ilmiy yoʻsinga soldi va dunyoga taqdim etdi. Shuning uchun ushbu metodologiya ilmiy jamoatchilik uchun juda ham muhim.
Tasavvufning, ya'ni ma'rifat an'anasining Movarounnahrda tarqalishi, imom Moturidiy islom dunyosining asosiy aqidaviy yoʻlining shu erda takomilga etkazgani ham bu tsivilizatsiyaning eng katta xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Movarounnahr tsivilizatsiyasining xususiyatlarini sanab tugatib boʻlmaydi. Agar sizlar, Oʻzbekiston ahli, har bir buyuk olim ajdodingiz uchun bir institut yo markaz ochsangiz, har qancha arziydi. Siz ayni shu toʻgʻri yoʻldan bormoqdasiz. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, imom Moturidiy, imom Termiziy markazlari bunga yaqqol misol. Agar Oʻzbekiston jahonga taqdim etgan har bir olim uchun bir institut ochsa edi, bu mamlakatdagi har bir xonadon alohida bir institutga aylangan boʻlar edi.
Oʻzbekiston — ma'naviy va iqtisodiy oʻsishni birlashtirayotgan mamlakat
Men 15 yil davomida Turkiya din ishlari boshqarmasida rahbar lavozimlarida ishladim. Shu davrda Oʻzbekistonni yaxshi tanidim. Ma'ruzamda aytganimdek, Oʻzbekistonning marhum buyuk olimi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan dunyoning turli joylarida uchrashdik, birga suhbat qurdik. Men yurtingizda yaqin tarixda dunyoning koʻplab joylarida kuzatilmagan katta islohotlar harakati boshlanganini koʻryapman. Bu islohotlar ikki tomonlama boʻlishi muhimdir. Ba'zi mamlakatlarda ulkan iqtisodiy jonlanish bor, ammo ma'naviy jonlanish etishmaydi. Ba'zi mamlakatlarda esa ma'naviy jonlanish bor, lekin iqtisodiy rivojlanish etishmaydi.
Oʻzbekiston esa ikkisini birlashtirmoqda. Ya'ni ham shaharsozlik, ham iqtisodiy rivojlanish, ham madaniyat jihatdan katta oʻsishga ega. Shu bilan birga ushbu tabarruk zaminning asosiy ruhi hisoblangan ma'naviy tiklanish ham amalga oshmoqda. Bu holat Oʻzbekistonni nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda oʻziga xos namuna sifatida koʻrsatadi. Shuning uchun ham men Oʻzbekiston bu rivojlanish yoʻlini muvaffaqiyatli olib borayotganini e'tirof etaman. Ishonchni, iymon-e'tiqodni, axloqni, ilmni, madaniyatni, tsivilizatsiyani e'tibordan chetda qoldirmasdan birlashtirsa, Oʻzbekiston haqiqiy Oʻzbekiston boʻladi.
Islomning moʻtadil yoʻlini tutgan zamin
Men muhtaram prezident Shavkat Mirziyoev janobi oliylari boshlagan bu katta harakatga Alloh Taolodan muvaffaqiyatlar ato etishini soʻrayman. “Islom tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferentsiya nafaqat ilmiy, balki amaliy xususiyatga ega. Oʻzbekiston prezidenti konferentsiya ishtirokchilariga tabrik yoʻllagani, ularga oʻz fikrlarini taqdim qilgani bu tadbirning oddiy uchrashuv emas, balki tinchlik va ezgulikka yoʻl ochadigan, amaliy natijalarga olib keladigan muhim loyiha ekanini koʻrsatib beradi. Bu nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda, dunyoda tinchlik, yaxshilik, xayr-barakaga sabab boʻladi deb oʻylayman.
Yana bir narsani aytishim kerakki, terrorizm, radikalizm va ekstremizm kabi illatlarning eng katta sababi jaholatdir. Diniy va dunyoviy bilim qancha kam boʻlsa, odamlar shu qadar boʻlinishga moyil boʻladi. Bugun dunyoda turli mojarolar, koʻngilni gʻamga soladigan holatlar boʻlmoqda. Mana shunday bir sharoitda tinchlik va yaxshilik haqida gapirish muhimdir. Yana bir jihati — ushbu zamin hech qachon tafriqaga berilmagan. Har doim islomning moʻtadil yoʻlini tutgan.
Imom Abu Hanifa va imom Moturidiyning yoʻli ana shu yoʻl edi. Bugungi tadbirda dunyo ulamolarining mazkur haqiqatni ta'kidlaganlari konferentsiyaning muhim jihatlaridan biri boʻldi deb hisoblayman. Movarounnahr tsivilizatsiyasi boʻlmaganida edi, bizning taraqqiyotimiz ham boʻlmasdi. Biz Anadoʻli, ya'ni Turkiyada sizlarni bobolarimiz sifatida qadrlaymiz. Biz sizlarning avlodlaringizmiz. Biz otga minib Anadoʻliga keldik. Siz esa Movarounnahrda qoldingiz. Shuning uchun bizning ota yurtimiz Oʻzbekiston bilan aloqa oʻrnatishimiz juda ham muhim. Men Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon janoblarini Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev janoblari bilan birga koʻrsam, koʻksim toʻlib, koʻzimga yosh keladi. Chunki ikki davlat oʻrtasidagi aloqani juda muhim deb hisoblayman. Soʻnggi uch yilda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Islom tsivilizatsiyasi markazlari mutaxassislarining biz bilan hamkorligidan juda ham xursandman. Umid qilamanki, bu aloqalar davom etadi. Sizlarni doim duo qilaman. Barchasi uchun katta rahmat”, dedi Mehmet Goʻrmez. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar