49
18+: Internetdagi axloqsiz va qonli batllari orqali mashhur blogerlarni qoʻllayotganlar kimlar?
Foto: xabar.uz
«Birinchi shart (soʻkinish, jaranglatib, bor ovoz bilan asabiy holda soʻkinish) birinchi shart eshitinglar, ogʻalar, eshitinglar – sochingni qirasan. Ikkinchi shart boshingni devolga qarsillatib urasan, uchinchi shart, uchinchi shart, hozir senga shunaqa shartning jirkanchini beraman, bajarmasang erkakmassan, turgan joyingda ishtoningni hoʻllaysan... ogʻalar qani ketdik, layk bosamiz, podpiska qilamiz, sizlardan jon soʻramadim, bitta layk, podpiska soʻradim....»
Nima uchun bu maqolaga 18 yoshdan oshganlar belgisi qoʻyilganining sababini tushungandirsiz? Chunki biz pardasiz soʻzlarni ishlatib qoʻyishimiz mumkin, yoʻgʻe sizlarga mumkinmas, deyishga shoshilmang chunki, maqola eng axloqsiz batllari bilan nafaqat yurtimizda, balki dunyoga mashhur boʻlgan blogerlarimiz haqida... Agar ular haqda istihola qilib andisha bilan yozsak, haqiqiy maqsadini ochib berolmaymiz, ushbu hatti-harakatlarning yumshoqroq sinonimlari ham yoʻq, shu bois oʻquvchidan uzr soʻragan holda boshladik...
Tik Tokdagi mashhur «maniya velichiya» sindromiga chalingan, endilikda batllari bilan YouTubega koʻchgan bir bloger bor. Uning ruhiy sogʻlomligiga shubha bildrishimga asosiy sabablaridan biri ba'zan oʻzi haqida u shunday deydi(onani qoʻshib soʻkinishdan boshlaydi): «Biz bu erlik emasmiz ogʻalar, biz bu erlik emasmiz, men oʻzimni boshqa sayyoradan kelgandek his qilayapman, men sherman, men qirolman, Tik Tok qiroliman, oʻzimning batllarim (ya'ni bir-biriga shart beradigan oʻyinlar) bilan butun dunyoga mashhurman, hali meni engadigan bloger yoʻq.
Shu batllarni deb (soʻkinadi) tishimni sugʻirdim, qoshimni qirdim, qulogʻimni kesdim... Ogʻalar bizga qoʻshiling, layk, podpiska, layk, podpiska, oʻzbekistonliklarning kimligini boshqalarga koʻrsatib qoʻyaylik ogʻalar...» Afsuski xuddi shunday bu jirkanch shartlariga qoʻshib bayrogʻimizni ham boshqa yurtlarga hilpiratib namoyish qilmoqda...(Oʻzbekiston bu ketishda shunaqa blogerlari bilan mashhur boʻlmasa edi?!)
Foto: ochiq manbalar
Men bu blogerning nomini atay aytmoqchi va reklama qilmoqchi emasman, afsuski u bitta emas, undaylar oʻnlab, yana koʻpaymoqda... Bunday bloger bilan «tanishishim»ga sabab «agar qiz farzand tugʻilsa axlatga otaman» degan gapi va bu ortidan javobgarlikka tortilgani boʻlgan. Oʻsha blogerning ming-minglab obunachilari bor. Va bu blogerning oʻynagan batllarini koʻrsangiz, odam bolasi ham shu qadar tuban boʻlishi mumkinmi, deb oʻylaySIZ, lekin yana boshqa SIZlar ham borki, uning ishini qoʻllab-quvvatlaydi... Kimlardir uni «oʻla shunaqa qilib pul topgandan koʻra, erkakman deb yuribsanmi» deb ayblasa, yana kimlardir «mayli nima qilib boʻlsayam pul topayaptiku yoki oʻzi shunday boʻlsayam odamlarga yordami tegayapti», deb yozadi... mana shu erda bu odamlar manipuliatsiya qurboni boʻlganini anglash qiyin emas.
Mazlum har doim haqmi?
Ha bizga shunday deb oʻrgatishgan, mazlum har doim haq, lekin u oʻzini mazlumlikdek koʻrsatayotgan firibgar boʻlsa-chi? Bugungi internet talatoʻp zamonida aynan shuni ajratib olishimiz kerak?
«Mazlum» soʻzining kengroq ta'rifi diniy manbalarda shunday tasniflanadi: «Mazlum» soʻzi «zulm»dan olingan. Zulm – bir narsani oʻz eridan boshqa erga qoʻyish, jabr, haddan oshish kabi ma'nolarni anglatadi. Mazlum – zulm koʻrgan shaxs, ya'ni haqqi poymol boʻlgan, haqqiga tajovuz qilingan kishidir. Moli nohaqdan tortib olingan odam, haqsiz diliga ozor berilgan inson mazlum hisoblanadi.
Keling mazlum har doim haq degan stereotipni nega sindirishimiz kerakligini koʻrib chiqamiz.
Aynan mana shu qarash koʻpchilikning aldanishiga sabab boʻlmoqda, oʻzidan mazlum va yanada tushunarliroq tilda aytadigan boʻlsak «jertva», jabrdiyda yasaganlar kimlar, ular har doim haqmi? Yoʻq, mana qanchadan-qancha voqealarni koʻrayapmiz, oʻzidan bechora yasaganlar har doim haq emasligini, demak mazlum har doim haq emas, siz u tomon boʻlishingiz esa harom luqma eyotganlar luqmasiga sheriklik... Xoʻp, bu blogerning bir ikkita odamga qilgan ehsoni muhimmi yoki oʻzining oʻta andishasiz batllari bilan butun kelajak avlodga etkazayotgan zararini bilishimiz muhimmi?
Endi bu blogerning qanday yoʻllar bilan pul topishiga qiziqib koʻramiz va oʻzining chiqishlari bilan yosh avlodga nimani singdirayapti va ularga shunday pul topsa ham boʻlaveradi, degan fikrni etkazayotgani haqida. Bunday blogerlarning soʻnggi markadagi mashinalarga ega boʻlishi, chet elma-chet el sayohatda yurishi afsuski uning izdoshlarini koʻpaytirmoqda.
Bunday blogerlar oʻzbeklar nomidan boshqa mamlakatlar batlxoʻrlari bilan bir-biriga odamni esidan ogʻdiradigan shartlar berib oʻyin oʻynaydi. Va bu oʻyinda kimning dominatorlari, fanatlari koʻp kuzatsa va pul tashlasa gʻolib boʻladi. Bu batllar orasida eshak boʻlib hangrash, ishtonini turgan joyida hoʻllashdan tortib uyatli tana a'zolarini yuzga, badanga chizishgacha bor, tasavvur qilishning oʻzi naqadar jirkanch-a? Ammo shunga chapak chalayotanlarning, «sen mujiksan, yashavor erkak» deyotganlarning soni qancha ekanliginiku aytmay qoʻyaqolay. Yuqorida manipuliatsiya haqida gapirdik. Xoʻp ular odamlarning, ayniqsa yoshlarning qalbiga yana qanday yoʻllar bilan kirib borayapti, qanday hurmatga ega boʻlayapti – mazlumga ehson qilishi orqali kirib borayapti.
Ular biladi, batamom qoralab tashlanmaslikning va obunachilar sonini koʻpaytirishning eng ishonchli yoʻli – qoʻli saxiy ehsonchi boʻlish. U odamgarchilik, insongarchilik yuzasidan qilmayapti ehsonni, qalbida vijdoni bor odam yuziga uyatli a'zoni chizib yoki hojatxona unitaziga kallasini tiqib pul topmaydi. Insoniyligi bor odam hazar, or qilish degan fazilatlariga ega boʻladi. Bunday blogerlarlar ehson qilishining sababi odamlarda mana shunaqa batlchi boʻlsam ham yaxshi odamman degan fikrni ong ostiga sizdirish bor. Va shu kichkina manipuliatsiyasi orqali kichkinagina ehson qiladi, undan 100 barobar koʻproq pul topadi...Oʻsha pullariga keyin chet elma chet el sayohatga yuradi...
Manipuliatorni qanday tanib olish va ularga ishonmaslik mumkin? Bu haqda psixolog Larisa Lebedeva shunday yozadi: «Manipuliatorlar «qoʻgʻirchoqbozlar» deyiladi. Manipuliator ongli ravishda, ba'zan esa ongsiz ravishda «ob'ekt» – oʻljasining irodasini boʻysundirish uchun aldamchi nayranglardan foydalanadi. Haqiqiy his-tuygʻular va niyatlarni yashirish, boshqa odamlarga moddiy dunyoning jonsiz ob'ektlari sifatida munosabatda boʻlish – bu manipuliatorning oʻziga xos xususiyatlari. U uchun muhim narsa narsa va hodisalarning asl mohiyati emas (uni shunchaki qiziqtirmaydi), balki bu narsa va hodisalar uning foydasiga taqdim etilishi va talqin qilinishidir. Biror kishiga ta'sir oʻtkazayotganda, manipuliator odob, mas'uliyat va mehribonlik kabi «jabrlanuvchining» ya'ni mazlumning ogʻriqli nuqtalaridan foydalanadi. Manipuliatsiyaga qarshi turish oson emas. Inson manipuliatsiyadan foydalangan holda bu dunyoga yovuzlik dirijyoriga aylanadi va ertami-kechmi bu juda qimmatga tushadi.
Manipuliatorlar qanday ishlaydi? Turli yoʻllar bilan: faol usullardan foydalangan holda odamlarni boshqaradiganlar bor. Faol manipuliator munosabatlarda oʻzining ustunligini namoyish etadi, hal qiluvchi va tashabbuskor shaxs rolini oʻynaydi. U suhbatdoshiga oʻzining ijtimoiy mavqeidan foydalanib, unga bosim oʻtkazadi. Faol manipuliatordan farqli oʻlaroq, passiv manipuliator oʻzining psixologik xususiyatlariga koʻra har qanday bosimdan butunlay mahrumdir. Aksincha, oʻzini nochor, tor fikrli qilib koʻrsatib, doim xafa boʻladigan odam rolini oʻynaydi. Shu tariqa manipuliator oʻzi bilan aloqada boʻlgan odamni unga achinish va u yoki bu harakatni uning foydasiga bajarishga majbur qiladi.
Ya'ni faqat blogerlar emas «mazlumlar» ham manipuliator. Men esa ularni oʻzimizning tilda avrovchilar degan boʻlardim.
Bir yosh kelinchak video murojaat qilayapti, oʻsha oʻzidan Napaleon yasab olgan blogerga, «men siz bilan tushgan rasmimni qaynonamga, erimga koʻrsatdim, nahotki sen oʻshani koʻrgan boʻlsang, nahotki sen oʻsha bilan uchrashgan boʻlsang deb ularam hayratlanishdi» deydi, bu gapni oddiy qishloq qizi aytayapti. Oxirida bu kelinchakning nega bunchalar hayajonlanib blogerga yaltoqlanishining sababi ma'lum boʻldi, dardi uy uchun toʻlanadigan bosh toʻlovga mablagʻ soʻrash ekan.
Men mazlum deganda abgor kiyingan, koʻzlari mayus, rostdan ham azob chekkan odamni tushunaman, bu kelinning esa baxtdan yal-yal yongan, yuzlari qip- qizil, uyi yoʻqligiga sabab moliyaviy savodxonligining yoʻqligi, topgan mablagʻini oʻylamay ishlatib yuboradiganlar toifasidan boʻlsa kerakki bundaylarga sirayam rahmim kelmaydi, (buyam bir katta mavzu chalgʻimaymiz ogʻalar...) xullas bunday blogerlarning koʻpayishi harom pulga uyalmay yordamni qabul qilayotganlarning ham koʻpayishiga sabab boʻlmoqda...
Ogoh boʻling, manipuliator toʻr toʻqiydi: tajovuzkor (faol usul – blogerlar) yoki jabrlanuvchi (passiv usul – mazlumlar) rolini oʻynaydi, toki siz oʻzingiz, xuddi xohishingiz bilan, ochil dasturxondek unga xohlagan narsani taqdim etguningizcha.
Mana kuni kecha yana bir bloger – uning izdoshi chiqdi, ayollarga xunuk harakatlar qilib... agar ushbu qarsillatib shapaloqlaydiganning andishasizligiga vaqtida chek qoʻyilmasa, bemalol kelgusida porno kino ishlab tarqatadiganlar chiqadi ular orasidan.
Hozir aynan shu blogerlarning ortidan izdoshlari chiqib kelmoqda va eng achinarlisi ona suti ogʻzidan ketmagan qizlar, pul uchun sigir boʻlib moʻra desa sigirdek moʻraydi, sochingni kes desa sochini kesadi, qoshingni qir desa qiradi, echin desa echinadi.
Demak bularni qattiq nazoratga oladigan vaqt keldi.
Kuni kecha Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan «Uy» shahrini tark etayotgan kitoblar haqida juda chiroyli rolik namoyish qilindi. Bu tahsinga sazovor. Ammo mana shunday blogerlarning tanobini tortish, ularni ma'muriy jazoga emas, jinoiy javobgarlikka tortilishigacha kurashish aynan shunday tashkilotlarning vazifasi emasmi? Axir ular bekinib qochib yurmasa, mana men deb oʻzini namoyon qilib turgan boʻlsa nahotki topib jazolash qiyin... Bularga hammaning jim turganini koʻrib millatni ich-ichidan emirish uchun sabotaj ketmayaptimikin deb oʻylab qoladi odam. Yoki boʻlmasa mahalla tizimi, Yoshlar ishlari agentligi-chi? Ichki ishlar tizimlari-chi? Bir bolaga etti qoʻshni ota-ona deymiz. Etti qoʻshnidan tashqari yana qanchadan-qancha vakolatli tashkilotlar bor. Biri boʻlmasa biri bularni nazoratga olishi kerak emasmi?
Masalan yaqinda Braziliyada maktab oʻquvchilari uchun telefon tutish taqiqlandi. Tik-Tok bizda ham taqiqlandi, ammo noqonuniy yoʻllar bilan kirish avj olgan, buyam javobgarlikka tortishga asos boʻladi. Yoki ularning boshqa ijtimoiy tarmoqlarga gurra-gurra koʻchib oʻtayotgani-chi?
Majburiyat yuzasidan bu batllarni koʻrdim, bu tomoshada eng jirkanch haqoratlarni eshitishingiz mumkin. Material tayyorlash asnosida nafaqat quloqlarimdan balki jonsiz quloqchinlardan uyalib ketgan paytlarim boʻldi. Ayting, ayting sizning bu mavzularga ishingiz tushmasin, toza fitratingiz kirlanib bir necha kun uyqungizdan halovat qochmasin.
Foto: ochiq manbalar
Qonli batllar, hayosiz shartlar, ularni pul bilan ragʻbatlantirayotgan donatorlar kimlar – terroristlarning bir toifasi desam gapimni tasdiqlaysizmi? Ulardan keladigan xavf qanchalik qoʻrqinchli ekanini-chi?
Men ularni koʻrinmas qurolga yoshlar ongini, tafakkurini portlatib maydalab tashlaydigan, falajga aylantiradigan minaga oʻxshatdim...
Ogoh boʻling, batlchi blogerlarning bir-biriga berayotgan shartlari kundan-kunga keskinlashmoqda, ularning safi koʻpaymoqda, qoʻllayotganlar, pul bilan ta'minlayotganlarning asl maqsadi qandayligi esa hozircha noma'lum...
Barno Sultonova
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gulnora Karimovaga qarashli boʻlgan “Sijjak” dam olish maskani Kasaba uyushmasiga berildi
2025 yil 1 maydan boshlab “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshiriladi
Yangiyoʻlda ekologiya inspektorlarini kaltaklab ketgan shaxslar qidirilyapti
Oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi transyogʻlarni aniqlash boshlanadi
Qamchiq dovonidagi zaxira yoʻlda qor uchgani chiqqan 2 kishi vafot etdi
Oʻzbekistonda mashina oʻgʻirlanishi holatlari ortib bormoqda: haydovchilarga qanday choralar tavsiya etilmoqda?
2025 yilda Ai-80 benzini sotuvi cheklanishi mumkin
Kuniga 10 ming qadam yurganlarni ragʻbatlantirish taklif etilmoqda