![Malayziya kompaniyasi Oʻzbekistonda dron ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi](/uploads/posts/2025-02/photo_2025-02-05_14-53-08-awrfazme.webp)
Foto: Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Oʻzbekiston va Malayziya aqlli qishloq xoʻjaligi texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarishda amaliy hamkorlik qilishga kelishdi. Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida bir nechta yoʻnalishda hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Shu maqsadda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimi mas'ullari, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hamda tuman rahbarlari va klasterlardan iborat delegatsiya Malayziyada xizmat safari bilan bordi.
Tashrif davomida aqlli qishloq xoʻjaligi texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarish, sholichilik, baliqchilik, kauchuk etishtirish, meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish kabi yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik ishlarini boshlashga kelishib olindi.
Xususan, Meraque kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanidagi Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida aqlli qishloq xoʻjaligi texnikalari va dronlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish boʻyicha kelishuv imzolandi.
Malayziya Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Baliqchilik departamenti hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi hamkorligida Oʻzbekistonda Malayziyaning yangi texnologiyalari asosida intensiv baliqchilik, bioflok va krivetka etishtirish loyihalari yoʻlga qoʻyiladi. Malayziya Qishloq xoʻjaligi marketing agentligi bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali Oʻzbekistonda etishtirilgan meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Malayziya kompaniyalari Oʻzbekistonda dronlar ishlab chiqarishga qiziqish bildirayotgani haqida 2023 yilning aprelida ma'lum qilingandi. 2024 sentyabrida Malayziyaning etakchi robototexnika etkazib beruvchisi Meraque Group kompaniyasi va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangandi.
Ushbu kompaniya kelgusi uch yil ichida Oʻzbekistonda mingta ish oʻrni yaratadigan va 100 ming gektar qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatadigan ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun 20 million Malayziya ringgiti sarmoya kiritmoqchi. Kompaniya, shuningdek, mintaqadagi texnologik takomillashtirish uchun qoʻshimcha 30 million ringgit yigʻmoqchi.
2018 yilda tashkil topgan Meraque kompaniyasi keng turdagi dronlar va ular uchun dasturiy ta'minot ishlab chiqarish, robototexnikaga ixtisoslashgan. Kompaniya Vetnam, Kambodja, Filippin, Laos va Pokistonda faoliyat yuritadi.
Shavkat Mirziyoyevning uchuvchisiz parvoz qiluvchi zamonaviy qurilmalar — dronlar qishloq xoʻjaligida muhim ahamiyatga egaligini aytgandi.
“Agar sohaning ertangi kunini oʻylasak, bunday zamonaviy tizimga tezroq oʻtishimiz kerak. Dronlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, bu borada qoʻshma korxona tuzish va kadrlar tarbiyalash masalasiga alohida e'tibor qaratish lozim”, degan edi davlat rahbari.
Oʻzbekistonda 2021 yilning noyabridan boshlab qishloq xoʻjaligida agrotexnik tadbirlar uchun moʻljallangan, maksimal uchish ogʻirligi 100 kilogrammgacha (boshqa maqsadlarda 25 kilogrammdan ortiq boʻlmagan) uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishga ruxsat etilgan. Ularni olib kirish va foydalanish uchun ruxsat olishning ancha murakkab tartibi tufayli qishloq xoʻjaligida agrodronlardan foydalanish keng tarqalmagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar