date
views 42

O‘zbekistonda sun’iy intellekt haqida qonun qabul qilinmoqda

O‘zbekistonda sun’iy intellekt haqida qonun qabul qilinmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 15 aprel kungi yalpi majlisida «sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga» doir qonun birinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonun bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Deputat Shahnoza Xolmuhammedovaga ko‘ra, «butun dunyoda, xususan, O‘zbekistonda sun’iy intellekt inson huquqlari va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi uchun tahdidlarni yuzaga keltiryapti».

«Xususan, o‘tgan yili SIdan foydalanib, taniqli shaxslarning audio, foto va videolarini soxtalashtirish 50 barobarga oshgan. O‘zbekistonda 2023 yilda internet tarmoqlarida 1129 ta, 2024 yilda esa 3553 SI yordamida ishlov berilgan noqonuniy materiallar tarqatilgani aniqlangan. Bunda aholining ishonchiga kirish maqsadida o‘zga shaxslarning qiyofasi va ovozidan foydalanilgan», deydi u.

Shahnoza Xolmuhammedova
Deputatning fikricha, bu holatlar milliy qonunchilikda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish zaruratini vujudga keltirmoqda.

«Qolaversa, prezidentimiz ham aynan shu binoda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ilk yalpi majlisida SI bilan bog‘liq masalalarni tartibga solishning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha o‘z tavsiyasini bergan edi. Shu munosabat bilan ushbu qonun loyihasi ishlab chiqildi», – deydi parlament a’zosi.

Deputatlar, doimgidek, qonun loyihasi matnini e’lon qilmagan, uni jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘ymagan.

Ochiqlanmagan loyiha bilan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonun hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ma’ruzachiga ko‘ra, loyihada «sun’iy intellekt» tushunchasiga ta’rif berilgan, sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilangan.

SI texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yish talabi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, loyihada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish hamda uni OAV, ijtimoiy tarmoqlar va internetda tarqatmaslik majburiyati belgilanmoqda. Buning uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda. Lekin deputatlar bu ish uchun qanday turdagi jazolar taklif etayotganini ochiqlamagan.

Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirovning yozishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasiga 2-qo‘shimcha kiritilmoqda:

«Sun’iy intellektdan foydalanib, shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov bergan va tarqatganlarning ish qurollari musodara qilinadi, 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinadi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravargacha jarimaga tortiladi».

Quyi palataning jonli efirda ketgan majlisida bu haqda ma’lumot berilmadi.

Qonunchilarga ko‘ra, loyihani ishlab chiqishda AQSH, Yevropa, Sharqiy Osiyo va MDH davlatlari tajribasi o‘rganilgan va manfaatdor vazirlik-idoralar bilan kelishilgan.

«Loyihada, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish ko‘zda tutilyapti. Bundan tashqari, insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanilmasligi ham o‘z aksini topmoqda», deyiladi quyi palata Telegram-kanalida loyiha haqida berilgan ma’lumotda.

Deputat Shahnoza Xolmuhammedovaning ma’ruzasidan so‘ng deputat Yekaterina Smesova so‘z olib, SI muhimligi, ushbu qonun jamiyat uchun kerakligini aytdi. Shuningdek, u SI bilan bog‘liq qonun talablari amalga oshirilishini kim nazorat qilishini so‘radi.

«Ushbu qonun qabul qilinganidan keyin qonunosti hujjatlari qabul qilinadi. Unda markirovka qo‘yish kim tomonidan, qanday amalga oshirilishi batafsil yoritiladi. Albatta, sun’iy intellektdan foydalanib axborot mahsuloti yaratilsa, uni OAVga yoki internetga joylashtirgan shaxs tomonidan markirovkalash talab qilinyapti», dedi Shahnoza Xolmuhammedova.

Deputat Zafar Xudoyberdiyev sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborotni markirovkalash qanday bo‘lishi, buning uchun MJtKga kiritish taklif qilinayotgan moddada nega javobgarlik belgilanmagani haqida so‘radi. Savolga deputat Ilhom Abdullayev javob berdi.

«Aynan bu qonun doirasida qaysidir organlar SI sohasidagi vaziyatni nazorat qilishi belgilanmayapti. Sun’iy intellekt yordamida haqorat yoki mazax qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir qilinsa, bu moddalar bo‘yicha javobgarlikka tortish uchun mas’ul idoralar o‘z ishini qiladi. Bu yerda faqat huquqbuzarlikning ko‘rinishi o‘zgaryapti.

Yevropada ko‘plab normalar qabul qilinib, SIdan foydalanish regulirovka qilinmoqda. AQSHda esa, ayniqsa yangi prezident kelganidan keyin barcha taqiqlar yechilib, texnologiyalar rivojlanishiga qo‘yib berilmoqda. Biz keyinroq qonunlar bilan «yetib olamiz» degan ma’noda.

Deputat Ilhom Abdullayev
[O‘zbekistonda] biz qabul qilayotgan qonun esa taqiqlovchi, cheklovchi yoki nazorat qiluvchi emas. Balki huquqiy maydonga sun’iy intellekt tushunchasini kiritib, o‘yinning asosiy qoidalari va subyektlarini aniqlayapmiz», dedi Abdullayev.

Ilhom Abdullayevga ko‘ra, SI mahsulotlarini markirovkalash bu – biror mahsulotni sertifikatlash degan tushuncha emas. Bundan maqsad qo‘lda yaratilgan raqamli mahsulot, san’at asarining SIdan yaratilganidan farqlash va buni bildirish uchun markirovkalash kerak. Ularni markirovkalash tartibi hukumat qarori bilan belgilanadi.

Deputat Aziz Akbarov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning loyihada keltirilgan 46-2-moddasiga qo‘shimcha kiritishni taklif qildi.

«Faqat shaxsga doir ma’lumotlar uchun javobgarlik kiritilyapti. Men kecha fraksiyada ham taklif qilganman, davlat imijiga ta’sir qiluvchi, xalqimiz umummilliy manfaatlariga zid keluvchi yoki tarixiy shaxslarimizni obro‘sizlantirish bo‘yicha javobgarlikni hozirdan qonun loyihasiga kiritsak maqsadga muvofiq bo‘lardi», deydi Aziz Akbarov.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. 130 kishi uni qabul qilishga tarafdor bo‘ldi, 3 nafar deputat betaraf qoldi. Qarshi ovoz berganlar bo‘lmadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda sun’iy intellekt haqida qonun qabul qilinmoqda