13:58 / 01.12.2016
6 921

O‘zLiDeP: Halq farovonligining muhim tayanchi

O‘zLiDeP: Halq farovonligining muhim tayanchi

Bizning nomzod Shavkat Mirziyoyevning Saylovoldi dasturida iqtisodiyot sohasidagi chora-tadbirlar alohida o‘rin egallaydi. Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va so‘nggi yillarda erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy valyuta va ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar taklif etilgan. Iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatdoshligini hamda investisiyaviy jozibadorligini oshirish, sanoatni modernizasiya va diversifikasiya qilish, qishloq xo‘jaligini isloh etish masalalari ham bu boradagi asosiy vazifalar sifatida qayd etilgan.

Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, xususiy mulkni rivojlantirish va himoya qilish, sohadagi barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish chora-tadbirlariga ustuvor ahamiyat qaratilgan.
Mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot tajribasi hamda rivojlangan demokratik davlatlarning amaliyoti iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarida, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish va farovonligini ta’minlashda kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikning o‘rni beqiyos ekanidan dalolat beradi.

Bugungi kunda mamlakatimizda ish bilan band aholining 78 foizga yaqini aynan shu sohada mehnat qilmoqda, korxonalarning 90 foizdan ortig‘i xususiy va korporativ mulkchilikda fao­liyat yuritayapti, ularda sanoat mahsulotlarining 80 foizdan ortig‘i ­ishlab chiqarilayotir. Qishloq xo‘jaligi sohasida tayyorlanayotgan mahsulotlar, ­ulgurji va chakana tovar ayirboshlashning jami hajmi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning barchasi nodavlat va xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har ming kishiga qariyb 11,1 kichik biznes sub’ekti to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu ko‘rsatkich MDH mamlakatlariga nisbatan ancha yuqori hisoblanadi. Oxirgi o‘n yilda aholining tadbirkorlik faoliyatidan real daromadlari barcha manbadan keluvchi ­daromadlarning 50 foizidan ortdi.

Tahlillardan ayon bo‘lishicha, kichik biznes sub’ektlari milliy iqtisodiyotimizning ajralmas bo‘g‘iniga, ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, odamlar farovonligini oshirishning lokomotiviga aylandi. Xususiy tadbirkorlar mulkdorlar, ya’ni o‘rta sinfi sifatida mamlakatni modernizasiya qilish va yangilash, jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashning ­mustahkam tayanchi sanaladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay biznes muhitini shakllantirish nafaqat milliy iqtisodiyotni rivojlantirish hamda uning raqobatdoshligini oshirishga, balki, eng avvalo, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan. Shu sababli partiyamizdan nomzod Shavkat Mirziyoyev qulay ishbilarmonlik va investisiya muhitini shakl­lantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikka imtiyoz va ­preferensiyalar berish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralarga urg‘u bermoqda.

Saylovoldi dasturida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, tadbirkorlik faoliyatini nazorat qilish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishga doir takliflar ilgari surilgan. Ma’lumki, ko‘plab korxonalar bank kreditlari evaziga rivojlanib, keng quloch yoymoqda. Shu sababli Shavkat Mirziyoyev kichik biznes sub’ektlarini kreditlash bilan bog‘liq qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqmoqda. So‘nggi o‘n yilda xu­susiy sektorga kreditlar ajratish sur’atlarining o‘rtacha yillik o‘sishi 30 foiz­ni tashkil etdi, aniqrog‘i, 29 karra ortdi, mikrokreditlar ajratish ko‘rsatkichlari esa 56 barobar o‘sdi. Bu jarayon kelgusida sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettiriladi.

Nomzodimizning fikricha, tadbirkorlarni sud yo‘li bilan himoya qilishni kuchaytirish va ularning javobgarligini liberallashtirish, ayni paytda xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashgani uchun mansabdor shaxslarning mas’uliyatini kuchaytirish orqaligina ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga erishish mumkin. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta’minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik tadbirkorlik fao­liyatini yanada rivojlantirish ­sohasida davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Shuningdek, Saylovoldi dasturida soliq boshqaruvi va bank faoliyatida zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini joriy etish, qolaversa, ruxsat berishga oid hujjatlar va lisenziyalar berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir aniq chora-tadbirlar taklif etilmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilini mustahkamlash hamda so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutilgan. Ularning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashishi oqibatida etkazilgan zararni undirish mexanizmlari ta’minlanadi. Bu ishbilarmonlarga o‘z biznesini samarali yuritish va iqtisodiyotga munosib hissa qo‘shish imkonini beradi. Albatta, tekshiruvlar sonining qisqarishi tadbirkorlarning vaqti va mablag‘larini iqtisod qiladi. Binobarin, bugungi zamonaviy tadbirkor uchun har kun va har daqiqa qadrli.

Tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Ma’muriy tartib-­taomillar to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda boshqa qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish taklifi ilgari surildi. Ushbu qonunlar korrupsiya tusidagi huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishga qaratilgan choralarni takomillashtirish hamda qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga yo‘naltirilgan. Oldinlari tadbirkor zarur masalalarni hal etish uchun turli organlar eshigida sarson bo‘lardi, ba’zan faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan bo‘lsa, qonunchilikka kiritiladigan yangiliklar bunday holatlarga chek qo‘yish imkonini beradi.

Xususiy sektor vakillarining aytishicha, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ishbilarmonlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llashning bekor qilinishi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha rag‘bat, o‘z ishini noto‘g‘ri yuritgan, buni anglab etgan hamda etkazilgan zararni qoplagan ishbilarmonlar uchun esa kerakli saboq chiqarish, avvalgi xatolarni inobatga olgan holda faoliyatini yangidan boshlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va ko‘makka biznes vakillari, albatta, munosib javob qaytaradi. Tashabbuskor va ishiga mas’uliyat bilan yondashuvchi ishbilarmonlar buni chuqur anglab, Vatanimiz iqtisodiy salohiyatini mus­tahkamlash yo‘lida astoydil mehnat qilishga tayyorligini bildirishmoqda.

Umuman, Saylovoldi dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning ro‘yobga chiqarilishi mamlakatimizda ishbilarmonlik va investisiyaviy muhitni yaxshilash, sud-huquq tizimini liberallashtirish, pirovardida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati, ­xalqimiz farovonligining yuksalishiga olib keladi.
Bu ezgu maqsad yurtimiz ertasida o‘z in’ikosini topsin, mamlakatimiz kelajakda dunyoning eng taraqqiy topgan davlatlari qatorida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lsin, degan fuqarolarni BIZNING NOMZOD – ShAVKAT MIRZIYoEV uchun ovoz berishga chaqiramiz.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zLiDeP: Halq farovonligining muhim tayanchi