date

Instagram millionlab foydalanuvchilar hayotini yaxshilayaptimi yoki izdan chiqaryaptimi?

Instagram millionlab foydalanuvchilar hayotini yaxshilayaptimi yoki izdan chiqaryaptimi?

O‘zbekistonda internet foydalanuvchilarining salmoqli qismi ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa Instagram’da kundalik faoliyat olib boradi. NapoleonCat tomonidan taqdim etilgan statistikaga ko‘ra, mamlakatimizda bu tarmoqdan foydalanuvchilar soni 6 milliondan ortiq. Ulardan taxminan 64 foizi erkaklar, 36 foizi esa ayollardir. Bu ko‘rsatkichlar Instagram’ning qanchalik ulkan ta’sir maydoniga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Biroq, savol tug‘iladi: Instagram – zamonaviy jamiyat uchun imkoniyatlar eshigini ochayotgan platforma sifatida qaralishi kerakmi yoki unda yashirin xavflar ham juda ko‘pmi?

Instagram’ning ijobiy jihatlari

Avvalo, ijtimoiy tarmoqning afzalliklarini qayd etish zarur. Bu yerda odamlar uchun muloqot va aloqa imkoniyatlari beqiyos. Yaqinlar, do‘stlar va hatto dunyoning boshqa chekkalaridagi insonlar bilan tezkor tarzda aloqada bo‘lish mumkin.

Bundan tashqari, Instagram orqali fan, tibbiyot, psixologiya yoki shaxsiy rivojlanishga oid ko‘plab bilimlar tarqalmoqda. Ayrimlar uchun bu platforma hatto shaxsiy rivojlanish maktabiga aylangani ham sir emas.

Tadbirkorlar va yirik kompaniyalar uchun esa bu tarmoq reklama va mijoz topishda eng samarali kanallardan biri sifatida xizmat qilmoqda. Biror mahsulot yoki xizmatni keng auditoriyaga yetkazish uchun Instagram deyarli eng qulay yo‘l hisoblanadi.

Shuningdek, bu maydon yoshlar va iste’dodli ijodkorlar uchun o‘zini ko‘rsatish va yaratilgan ishlarini ommaga taqdim etishda katta sahnaga aylanib ulgurgan.

Instagram’ning salbiy jihatlari

Biroq Instagram faqat ijobiy qirralardan iborat emas. Uning ayrim salbiy jihatlari ham borki, ular jamiyat uchun jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi.

Avvalo, filtrlar va ideallashtirilgan hayot aks ettirilgan postlar orqali yolg‘on obrazlar yaratilishi yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa ko‘p hollarda solishtirish sindromi va o‘z-o‘ziga ishonchsizlikka olib keladi.

Ikkinchidan, feyk xabarlar va manipulyatsiya hodisalari juda ko‘p. Tekshirilmagan ma’lumotlar jamoat ongiga ta’sir etib, noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga ham olib kelishi mumkin.

Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi ham jiddiy muammo. Akkaunt buzilishi, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlanishi yoki onlayn ta’qib kabi holatlar kundan kun ortib bormoqda.

Vaqtni sezmay qolish ham katta masala. Rilslar va turli videolarga berilib ketgan insonlar ko‘pincha ish yoki o‘qish samaradorligidan qolishadi. Bu esa jamiyatning ishchanlik madaniyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Eng xavflisi, bolalar va o‘smirlar nazoratsiz holda Instagram’dan foydalanishsa, ma’naviy buzilish, diqqat tarqoqligi va psixologik qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.

Instagram – ikki qirrali qo‘lyovir kabi. U to‘g‘ri yo‘naltirilganda bilim, aloqa va rivojlanish imkoniyatlarini yaratadi, ammo nazoratsiz foydalanilganda inson hayotida salbiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli yuqori. Jamiyat uchun eng to‘g‘ri yo‘l – tarmoqdan ma’suliyat bilan foydalanish va undagi ijobiy imkoniyatlarni ko‘proq rivojlantirishdir.

Instagram ta’siridagi ayollar

Yuqorida keltirilgan statistikada foydalanuvchilar orasida ayollar ulushining nisbatan kamligini ko‘rsatsa-da, tarmoqning emotsional ta’siriga tushib qolish ayollarda ko‘p uchraydi. Bunga ulardagi fiziologik jarayon sabab bo‘lishi mumkin. Fiziologik jihatdan ayol organizmida har ikki soatda gormonlar o‘ynab turadi, erkaklarda esa bu holat bir kunda bir marta yuz beradi. Bu degani ayollar emotsional va o‘ta hissiyotga beriluvchan bo‘lishadi.

Nigora (28 yosh, Toshkent)

— Oddiy ishchi oilada o‘sganman, turmushga chiqqanman. O‘rtahol yashaymiz, hech narsadan nolimaganman. Lekin 2-yil avval yangi telefon olganimda Instagram ochdim. Ungacha ham bir ochgandim, bolalar bilan vaqt bo‘lmasdi kirishga. Endi sal bemalol bo‘ldim va qiziqdim. Ovqatlar tayyorlashni, ozishni, shunga o‘xshash narsalarni o‘rgatadiganlarni kuzatardim, yaxshi ma’lumotlar olardim. Bora-bora ko‘proq kiradigan bo‘ldim.

Eslasam oxirgi bir yil davomida qo‘limga telefon olganimda faqat instablogerlarning sayohatlari, qimmat mashinasi, brend kiyimlarini ko‘ribman. O‘zimni ularga nisbatan juda kambag‘al va omadsiz his qilardim. Asta-sekin motivatsiyam yo‘qoldi, hatto ishga borgim kelmay qoldi. Juda qashshoq, zerikarli, baxtsiz hayotda yashayotganday his qilardim o‘zimni. Hatto oshxonaga bolalarim uchun taom tayyorlashga kirib ham eski oshxona mebelimizni ko‘rganimda blogerlarning uyidagi hashamatli oshxonalar ko‘z oldimga kelib, ovqat tayyorlagim kelmay qolardi. Turmush o‘rtog‘imni omadsizlikda ayblay boshladim, boshqalarga eri doim gullar berishini, u esa buni bilmasliginiyam yuziga soldim. Xayriyatki erim o‘qimagan bo‘lsa ham, tushungan odam. Hozir bolalarimiz kelajagi uchun poydevor qo‘yayotganini, men juda ko‘p yaxshi narsalarga arzishimni aytib telefonimdan Instagram’ni o‘chirishimni iltimos qildi. Demak undan to‘g‘ri foydalanish ham juda ahamiyatli ekan”.

Mutaxassislar nima deydi?

Psixoterapevt guli To‘rayeva:

— Bugun hamma ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Ayniqsa Instagram’da shunaqaki, inson ichki istaklariga mos narsalarni tavsiya qiladi. Rilslar, postlar ketma-ketligi shunga qarab chiqaveradi – sayohat, taomlar, mashina va hokazo. Neyropsixologik tomondan qaralsa, inson ularni ko‘rib yetarlicha dofamin olishi mumkin. O‘zida yo‘q bo‘lsa ham chiroyli, yoqimli narsalarni ko‘rsa xursand bo‘ladi. Buning zararli tarafi shundaki, tarmoqdagi qisqa rilslarni ko‘rish oqibatida organizmdagi dofamin ishlab chiqarish tizimi o‘z zaxirasini tugatib qo‘yadi. Miyada dofamin ishlab chiqarish buziladi, diqqat konsentratsiya buziladi, xotira yomonlashadi. Dofamin sintezlari buzilib depressiyaga tushish xavfi bor.


Ijtimoiy tarmoqlar orasida aynan Instagram’da hamma o‘zining yaxshi hayotini, hashamatni ko‘z-ko‘z qiladi. Bu esa ba’zilarga motivatsiya bo‘lsa, pessimistik kayfiyatdagi odamlarga o‘zidan qoniqmaslik, atrofdagilar bilan muammolar, tushkunlik hissini beradi.


Ko‘pincha charchagan, stressga tushganlar Instagram’ga chalg‘ish uchun kiradi. Bu chora emas, chunki xuddi narkotik kabi vaqtincha ta’sir berishi mumkin, ammo qaramlik keltirib chiqaradi.


Ijtimoiy tarmoqlarda ideallashtirilgan obrazlarni ko‘rish ko‘p yoshlarda “men undan orqada qolib ketyapman” degan fikrni uyg‘otadi. Bu holat depressiya va o‘zini past baholashga olib kelishi mumkin. Ota-onalar farzandlari Instagram’da ma’lumotlarni filtrlashlariga e’tiborli bo‘lishlari zarur. Bu nafaqat bolalar uchun – kattalar ham ma’lumot olishda, tarmoqqa vaqt sarflashda muvozanatni ushlashlari kerak.


IT xavfsizlik mutaxassisi Azizbek Mamatqulov:

— Instagram akkauntlari orqali shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi holatlari ko‘paymoqda. Ba’zida odamlar bilmasdan xavfli havolalarga kiradi yoki soxta giveveylarda ishtirok etadi. Shuning uchun ikki bosqichli himoyani qo‘llash va shaxsiy ma’lumotlarni e’lon qilmaslik muhim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Instagram millionlab foydalanuvchilar hayotini yaxshilayaptimi yoki izdan chiqaryaptimi?