
Toshkent viloyatida fuqarolarni “oson pul ishlash” va’dasi bilan aldab, katta miqdorda mablag‘ni o‘zlashtirgan kiberjinoyatchilar qo‘lga olindi. Ular Telegram va Instagram orqali “limitni naqdlashtirish xizmati” degan soxta sahifalar ochib, yuzlab odamlarning ishonchini suiiste’mol qilgan.
Ichki ishlar organlarining ma’lum qilishicha, IIBB Kiberxavfsizlik xizmati hamda Toshkent viloyati IIBB “Axborot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi” xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Ohangaron tumanida yashovchi 2005-yilda tug‘ilgan B.N. ismli fuqaro va uning uch nafar sherigi ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular mikromoliya tashkilotlari orqali ajratilgan kredit limitlarini naqdlashtirib berishni va’da qilib, odamlarning ishonchini qozongan. Shu orqali o‘zlari ro‘yxatdan o‘tkazgan kichik tadbirkorlik subyektlari orqali onlayn savdo platformalarida soxta bitimlar tuzishgan.
600 dan ortiq fuqaro ushbu sxema qurboniga aylanib, jami 1 milliard 32 million so‘mlik mablag‘ jinoyatchilar qo‘liga tushgani aniqlangan. Hozirda gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (katta miqyosdagi firibgarlik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov harakatlari boshlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, viloyat miqyosida noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” deb e’lon qilindi va aholi orasida profilaktika ishlari kuchaytirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 10 oyida Toshkent viloyatida qayd etilgan jinoyatlarning qariyb yarmini — 44 foizini kiberjinoyatlar tashkil etgan. Ular asosan zararli havolalar orqali kartalarni bo‘shatish, oldindan to‘lov talab qilinadigan soxta bitimlar, soxta kriptobirjalar orqali foydalanuvchilarni aldash, yoki o‘zgalar nomiga onlayn kredit olish bilan bog‘liq holatlardir.
Kiberxavfsizlik mutaxassislarining tavsiyalari:
- “limitni naqdlashtirib beramiz”, “oson daromad” degan e’lonlarga ishonmang;
- har qanday pul o‘tkazishdan oldin faoliyat yurituvchi subyektning huquqiy maqomini tekshiring;
- shubhali havolalarga bosmang, SMS orqali kelgan kodlarni hech kimga aytmang;
- kiberjinoyatga duch kelsangiz, darhol IIBB yoki “102” raqamiga murojaat qiling.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, internetdagi har bir “oson pul” taklifi ortida ehtimolan firibgarlik yotadi. Demak, ehtiyot bo‘lish nafaqat to‘g‘ri qaror, balki moliyaviy xavfsizlikning asosiy kafolatidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!