
Oiladagi teng taqsimlanmagan majburiyatlar va hayotiy voqealar tadbirkor ayollarning biznes faolligini deyarli 30 foizga kamaytirishi mumkin. Bu haqda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankining (EBRD) kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Hargitay Unlocking Women’s Potential (Ayollar salohiyatini ochish) mavzusidagi yalpi sessiyada ma’lum qildi.
Hargitay hayotiy voqealarning biznesdagi erkaklar va ayollarga ta’siridagi jiddiy farqlarni ta’kidladi. "Go‘yo hayotda faqat ayollar bilan ’nimadir’ sodir bo‘layotgandek tuyuladi", - dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush qurish, onalik va boshqa parvarish bilan bog‘liq majburiyatlar ayollar boshqaruvidagi korxonalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hargitay Marokashda o‘tkazilgan tadqiqotga ishora qilib, yirik hayotiy voqealar ayollar biznes faolligini 27-30 foizga kamaytirishini aytdi.
Moliyaviy vositalar tizimli muammolar, xususan, parvarish bilan bog‘liq yuk asosan ayollarga tushayotgani hal etilmaguncha yetarli bo‘lmasligini ham qayd etdi. Unlocking Women’s Potential: The Strategic Value of Non-Financial Services (Ayollar salohiyatini ochish: Moliyaviy bo‘lmagan xizmatlarning strategik qiymati) mavzusidagi yalpi sessiya biznesni barqaror rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlovga bag‘ishlandi.
Sessiyada Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillari sifatida KMF Bank, Hamkorbank va tadbirkor Mariya Portnova nutq so‘zlab, moliyaviy bo‘lmagan xizmatlar kreditlash kabi muhimligini tasdiqlashdi. Ular o‘quv dasturlari, ustozlik, maslahat berish va yangi bozorlarni ochishga yordam kabi vositalar ayollarga tartibga soluvchi to‘siqlarni yengishda va o‘z loyihalarini uzoq muddat davomida rivojlantirishda yordam berishini ta’kidlashdi.
Tuzilmaviy qiyinchiliklar saqlanib qolayotganiga qaramay, moliyaviy tashkilotlar aytmoqdalar: ayollar boshqaruvidagi kichik va o‘rta korxonalar istiqbolli va tez rivojlanayotgan soha bo‘lib qolmoqda. Qirg‘iziston Investitsiyalar va Kredit Banki (KICB) bosh direktori Arif Ali EBRD ko‘magida bank 2021-yilda ayollar uchun mo‘ljallangan birinchi kreditlash dasturini ishga tushirganini ma’lum qildi.
Shu vaqtdan beri KICB ayollarga 200 million dollardan ortiq miqdorda kredit ajratgan bo‘lib, bu orqali 600 million dollarlik kredit resurslari jalb etilgan. Ali so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda KICB mijozlari orasida ayollarning ulushi 44 foizni tashkil etadi va ular bank daromadlarining 33 foizini ta’minlaydi.
"Ayollarga e’tibor – bu bizning strategiyamizning muhim qismidir. Bu ikkinchi darajali yo‘nalish emas", - dedi u va bunday dasturlar mahalliy iqtisodiyot va oilaviy daromadlarning barqarorligini oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.