Afrika Kubogi finalidagi janjallar uchun keskin jazolar berildi

Yillar davomida muxlislar eslab yuradigan Afrika Millatlar Kubogi finalidan keyin ehtiroslar sal pasaygach, Afrika futbolini boshqaruvchi tashkilot — CAF (Afrika Futbol Konfederatsiyasi) o‘sha o‘yin atrofidagi tartibsizliklar va bahsli holatlar bo‘yicha rasmiy jazolarni e’lon qildi. Final shunchaki trofey uchun emas, maydondagi va maydon tashqarisidagi keskinliklar bilan ham “tarixga kirib” ulgurgandi.
Unutilmas uchrashuv Senegalning g‘alabasi bilan yakunlandi, ammo o‘yin davomida va ayniqsa oxiridagi voqealar barcha e’tiborni o‘ziga tortdi. Muxlislar bilan bog‘liq muammolar, futbolchilarning o‘ynashdan bosh tortishi, bahsli hakamlik qarorlari va urilmagan penalti — finaldagi eng og‘riqli mavzular sifatida tilga olindi.
Eng ko‘p muhokama qilingan holat esa o‘yinning asosiy vaqti oxirida Marokash foydasiga penalti belgilanganidan keyin Senegal futbolchilarining norozilik bildirib, maydonni tark etgani bo‘ldi. Har kim “final — bu oxirgi qadam” deb turgan paytda, o‘yin deyarli to‘xtab qolish darajasiga borib yetgani turnirning bosh og‘rig‘iga aylandi.
Tiavga diskvalifikatsiya, federatsiyaga katta jarima
Shundan so‘ng Senegal bosh murabbiyi Pape Tiav CAF tomonidan besh o‘yinlik diskvalifikatsiyaga tortildi. U norozilik harakatlarini boshqargani va “sportga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar” uchun 100 ming AQSH dollari miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.
CAF finaldan keyingi tartibsizliklar bo‘yicha Senegal futbol federatsiyasini ham katta jazoga tortdi. Muxlislar politsiya bilan to‘qnashgani uchun “muxlislarning noo‘rin xatti-harakati” sifatida 300 ming dollar jarima belgilandi. Bundan tashqari, futbolchilar va murabbiylar shtabi xatti-harakatlari uchun yana 300 ming dollar qo‘shildi. Ustidan-ustak, besh nafar futbolchi hakam tomonidan ogohlantirilgani uchun qo‘shimcha 15 ming dollar jarima ham qayd etildi.
Senegal yulduzlari Ndiaye va Ismoil Sarr esa hakamga nisbatan harakatlari sabab ikki o‘yinlik diskvalifikatsiya oldi.
Muhim jihat: bu diskvalifikatsiyalar Jahon chempionatiga taalluqli emas. Chunki JCHni FIFA o‘tkazadi, CAF emas. Demak, jazolar faqat CAF rasmiy musobaqalari doirasida amal qiladi.
Marokash ham “quruq qolmadi”
Jazolarning asosiy qismi Senegal zimmasiga tushgan bo‘lsa-da, Marokash ham bir nechta sanksiyalarga duch keldi.
Jamoa sardori Ashraf Hakimi finaldagi “sportga xos bo‘lmagan xatti-harakat” uchun ikki o‘yinlik diskvalifikatsiya oldi, shulardan biri bir yil muddatga shartli ravishda to‘xtatildi. Uning jamoadoshi Ismoil Saybari esa uchta rasmiy CAF o‘yiniga chetlatildi va 100 ming dollar jarimaga tortildi.
Marokash futbol federatsiyasi umumiy hisobda 315 ming dollar jarima to‘laydi. Bu summa futbolchilar va murabbiylar shtabi xatti-harakatlari, shuningdek, muxlislarning final paytida futbolchilarni chalg‘itish uchun lazer nurlaridan foydalangani bilan bog‘liq. Jarima tarkibiga hatto o‘yin vaqtida Senegal darvozabonining qo‘l sochig‘ini tortib olishga uringan to‘p tashuvchi bolalarning nomaqbul xulqi uchun ham jazo kiritilgani aytilmoqda.
Turnir ajoyib o‘tdi, ammo nuqta og‘ir qo‘yildi
CAFning bu qarori, umumiy olganda, yuqori kayfiyatda o‘tgan, ammo finali murakkab tus olgan turnirga rasmiy nuqta qo‘ydi. Lekin bu nuqta hammaning qalbida “tinch” qo‘yilgani yo‘q: Afrika futbol muxlislari orasida hanuz bahslar, qarama-qarshi fikrlar va qattiq muhokamalar davom etmoqda.
Bir narsa aniq: bu finaldan keyin CAF endi “emotsiya bor ekan, hammasi mumkin” degan qarashni qabul qilmasligini ko‘rsatdi. Final — sahna, sahnada esa qoida buzilsa, chek to‘lanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!