Biznes bilan ishlash bo'yicha eng past baho Soliq qo'mitasiga berildi

Biznes-ombudsman idorasi tadbirkorlar faoliyatini nazorat qiluvchi davlat organlari bo'yicha reyting natijalarini e'lon qildi. Unda Soliq qo'mitasi atigi 5 ball to'plab, ro'yxatning eng oxiridan joy oldi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Reytingda idoralar uch toifaga ajratilgan: “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz”. “Yaxshi” baholanganlar orasida Hisob palatasi (95 ball), Arxivlar agentligi (90 ball), shuningdek Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Kinematografiya agentligi hamda Davlat rezervlarini boshqarish qo'mitasi (har biri 85 balldan) qayd etilgan. Biznes-ombudsman ma'lumotiga ko'ra, bu tuzilmalar past ziddiyatlilik va minimal ma'muriy bosim bilan ajralib turadi.
“Qoniqarli” toifasiga Bojxona qo'mitasi, Markaziy bank, Sog'liqni saqlash vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi va Ichki ishlar vazirligi kiritilgan. Ularning faoliyati umuman olganda maqbul deb topilgan bo'lsa-da, tadbirkorlar ortiqcha talablar, cho'ziladigan tartib-taomillar va ayrim jarayonlarda shaffoflik yetishmasligiga hanuz duch kelayotgani aytiladi.
Eng yomon ko'rsatkich Soliq qo'mitasida qayd etilgan — 5 ball bilan u “qoniqarsiz” toifasiga tushgan. Biznes-ombudsman idorasi soliq organlari tadbirkorlardan keladigan murojaatlar soni bo'yicha eng yuqori ulushni tashkil etishini bildirgan.
Past baholar, shuningdek, Madaniy meros agentligi, Spirtli ichimliklar va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi, Kadastr agentligi hamda qurilish va sanitariya nazorati yo'nalishidagi ayrim tuzilmalarda ham kuzatilgan.
Biznes-ombudsman idorasi reyting davlat organlariga bosim o'tkazish vositasi emasligini ta'kidlab, uning maqsadi davlat va biznes o'rtasidagi hamkorlikdagi tizimli muammolarni aniqlash hamda nazorat faoliyatida islohotlarni rag'batlantirish ekanini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!