
12–13 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Digital Startup Awards xalqaro dasturining final bosqichi mintaqadagi ilg‘or innovatsion g‘oyalarni bir maydonga jamladi. Quvonarlisi, ushbu nufuzli tanlov finaliga O‘zbekistondan to‘rtta startap loyihasi yo‘l oldi va ular orasida munosib natijalar qayd etildi.
O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan HGT startapi eng faol va istiqbolli loyihalardan biri sifatida e’tirof etildi. GovTech yo‘nalishida ish olib borayotgan mazkur jamoa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 25 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot bilan taqdirlandi. HGT aholi uchun kommunal xizmatlar sohasida to‘lovlarni xavfsiz, qulay va shaffof tarzda amalga oshirish imkonini beruvchi innovatsion tizim ustida ishlamoqda. Ushbu yechim davlat xizmatlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani yanada soddalashtirishni maqsad qilgan.
Tanlov g‘olibligi esa Qozog‘istondan qatnashgan Multicode startapiga nasib etdi. Ushbu jamoa 40 ming dollarlik bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Multicode yuk vagonlari operatorlari uchun sun’iy intellektga asoslangan B2B SaaS platformani ishlab chiqqan bo‘lib, logistika va transport sohasida samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Uchinchi o‘rin Gruziyadan ishtirok etgan Telagri startapiga berildi. 15 ming dollar mukofotga sazovor bo‘lgan mazkur loyiha qishloq xo‘jaligi sohasida kreditlashni osonlashtiruvchi moliyaviy texnologik yechim taklif etadi. Bu innovatsiya fermerlar va moliya muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zlaydi.
Shuningdek, “Eng yaxshi ayollar startapi” nominatsiyasi doirasida 10 ming dollarlik mukofot Qirg‘izistonning MamaSpace platformasiga topshirildi. MedTech yo‘nalishidagi ushbu loyiha sun’iy intellekt yordamida onalar salomatligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, Digital Startup Awards finalida Markaziy Yevroosiyoning turli davlatlaridan jami 22 ta startap ishtirok etdi. Tanlov sun’iy intellekt, fintex, edtex, GovTech, SaaS va barqaror rivojlanish kabi zamonaviy yo‘nalishlardagi loyihalarni qamrab oldi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million dollarni tashkil etuvchi ushbu dastur 2025 yil uchun 1000 dan ortiq arizani qabul qildi.
Final bosqichiga Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston va O‘zbekistondan eng sara loyihalar chiqqan bo‘lib, Toshkent yana bir bor mintaqada startap ekotizimining muhim markazlaridan biri ekanini isbotladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.