date

Soxta mahsulotlarga qarshi kurash: raqamli belgilash samara bermoqda

Soxta mahsulotlarga qarshi kurash: raqamli belgilash samara bermoqda

Dori vositalari, spirtli ichimliklar hamda maishiy texnika bozorida soxta mahsulotlar hanuz eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘p hollarda bunday tovarlar tashqi ko‘rinishi jihatidan asl mahsulotdan deyarli farq qilmaydi, ammo ular inson salomatligi uchun xavfli yoki mutlaqo noqonuniy bo‘lishi mumkin. Shu bois, bu muammoga qarshi kurashish nafaqat davlat, balki iste’molchilar uchun ham dolzarb masalaga aylangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, global farmatsevtika bozorining qariyb 15 foizini soxta dori vositalari tashkil etadi. Spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari va maishiy texnika segmentlarida ham qonunbuzarliklar eng ko‘p uchraydigan yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan. Ana shu xavfli tendensiyalarni hisobga olgan holda, ushbu tovar guruhlari raqamli belgilash tizimida ustuvor yo‘nalish sifatida tanlangan.

O‘zbekistonda joriy etilgan “Asl Belgisi” raqamli belgilash tizimi iste’molchilarga mahsulotning haqiqiyligini mustaqil, tez va bepul tarzda tekshirish imkonini bermoqda. Ilovaning asosiy afzalligi — oddiy foydalanish va ishonchli ma’lumot manbai ekanidadir. Xaridor qadoqdagi DataMatrix-kodni skaner qilib, bir necha soniya ichida mahsulot haqida rasmiy ma’lumot oladi.

Bu tizim ishga tushirilgandan so‘ng, noqonuniy aylanish ko‘lamining sezilarli darajada qisqargani raqamlarda ham yaqqol ko‘rinadi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, spirtli ichimliklar bozorida noqonuniy mahsulotlar ulushi 35 foizdan 18 foizgacha kamaygan. Tamaki mahsulotlarida esa bu ko‘rsatkich 19,6 foizdan 9 foizgacha pasaygan. Bu esa raqamli nazoratning amalda ishlayotganini tasdiqlaydi.

Tovarlarni kuzatish tizimining samaradorligi ayniqsa dori vositalari segmentida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2024–2025-yillar davomida tizim orqali hisobga olingan dori qadoqlari soni 82 foizdan ortiqqa oshgan. Chakana savdoda esa o‘sish yanada yuqori — iste’molchilarga sotilgan va tizimdan chiqarilgan mahsulotlar hajmi deyarli o‘n barobarga ko‘paygan. E’tiborli jihati, mobil ilova orqali eng ko‘p tekshiruvlar aynan dori vositalari bo‘yicha amalga oshirilmoqda.

Bemorlar va iste’molchilar qadoqlarni skanerlab, xarid qilayotgan mahsulotining haqiqiyligiga ishonch hosil qilmoqda. Belgilangan qadoqlar sonining ko‘payishi, chakana savdodagi faollik va mobil ilovadan foydalanish darajasining yuqoriligi noqonuniy aylanish xavfi kamayib, iste’molchilar ishonchi ortayotganini anglatadi.

Har bir mahsulot takrorlanmas DataMatrix-kod bilan belgilanadi. “Asl Belgisi” ilovasi orqali ushbu kod skaner qilinganda, foydalanuvchi milliy reestrdan mahsulotga oid to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni oladi. Agar kod soxta bo‘lsa yoki tovar rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, tizim xaridorni darhol ogohlantiradi.

2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, milliy belgilangan mahsulotlar reestrida tibbiyot mahsulotlari segmentida 368 ta mahalliy va 922 ta xorijiy ishtirokchi qayd etilgan. Maishiy texnika ishlab chiqarish sohasida esa 307 ta mahalliy va 1 943 ta xorijiy ishlab chiqaruvchi tizimga ulangan. Bu raqamlar raqamli belgilashning qamrovi tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar fikricha, tizimni yanada rivojlantirish “kulrang” import hajmini qisqartirish, sog‘lom raqobatni kuchaytirish va qonuniy ishlab chiqaruvchilarga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qiladi. Tekshiruv jarayoni bor-yo‘g‘i bir necha soniyani oladi, ammo soxta mahsulot xarid qilish xavfini keskin kamaytiradi.

Ayniqsa, bu dori vositalari va tamaki mahsulotlari sohasida hayotiy ahamiyatga ega. “Asl Belgisi” tizimi xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi munosabatlarni shaffof qiladi, bozorning barcha ishtirokchilari uchun yagona va adolatli qoidalarni shakllantiradi.

Mobil ilova Android va iOS foydalanuvchilari uchun mutlaqo bepul. Uni ishlatish uchun ilovani ochish, DataMatrix-kodni skaner qilish va mahsulot haqida rasmiy ma’lumot olish kifoya. Raqamli belgilash o‘z samarasini isbotladi: u iste’molchilarni soxta mahsulotlardan himoya qilmoqda, bozorni esa yanada xavfsiz va ishonchli qilayotir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Soxta mahsulotlarga qarshi kurash: raqamli belgilash samara bermoqda