
Kim nima desa desin-u, lekin bu yil yurtimiz uchun chindan ham ajoyib, ko‘pdan buyon umid-la kutilgan va hatto umid qilishga jur’at etilmagan yangiliklarga boy, odamlar qalbida ertangi kunga komil ishonch hissini uyg‘otgan, ko‘pchilikning orzu-havasi ro‘yobga chiqayotgan, muhimi, chindan ham inson manfaatlari uchun xizmat qilayotgan yil bo‘lyapti.
Inson manfaatlari yo‘lida respublikamiz hukumati tomonidan juda ko‘p chora-tadbirlar ko‘rilyapti, xususan, tomorqa xo‘jaligiga ega kam ta’minlangan oilalarga, ularning kosasi oqarib, biri ikki bo‘lishi uchun moddiy-moliyaviy yordam ko‘rsatilyapti.
Bir do‘stimning so‘zlariga qaraganda, viloyatlarimizdan birida istiqomat qiladigan bir kambag‘al kishi ham moddiy yordam tariqasida berilgan tovuqlarni el qatori qabul qilib olibdi. Lekin oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘sha insondan hukumatga shikoyat kelib tushibdi. Xatida bayon etishicha, hokimiyat vakillari uni boplab aldab ketishibdi, xususan, unga ajratilgan tovuqlar dastlab tuppa-tuzuk tuxum beribdi-yu, bir-ikki hafta o‘tgach, umuman tug‘may qo‘yibdi.
Hukumat tomonidan tuzilgan komissiya zudlik bilan shikoyatchining uyiga etib kelibdi. Xat mazmuni o‘rganib chiqilib, quyidagi holat aniqlanibdi: chindan ham shikoyatchiga tovuqlarning muayyan soni ajratilgan. Boz ustiga, tovuq emining (don, kombikorm kabilarning) ma’lum miqdori ham berilgan. Vaqt o‘tib, tabiiyki, ajratilgan em nihoyasiga etgan.
– Davlat bergan em tugaganidan keyin tovuqqa nima beryapsiz? – so‘rabdi komissiya a’zolaridan biri.
– Dasturxonimdan ortgan narsani qoqib beraman, qolganini o‘zi, er titkilab topib eydi-da, tovuq-ku, axir bu! – javob beribdi shikoyatchi, «ahmoqona» savoldan hayron bo‘lib.
Azizlar, o‘zbekning bir tovuqqa ham don kerak, ham suv kerak, degan naqlining mazmunini emas, ayrimlar aslida nima sababdan kambag‘allik holatiga tushib qolayotgani haqida fikr yuritib ko‘raylik.
Manba: hilol.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar