08:40 / 27.06.2017
16 593

Stalinning jallodlari haqida...

Stalinning jallodlari haqida...
1953 yil 26 iyunda sobiq sovetlar ittifoqi vazirlar kengashi yig‘ilishida ichki ishlar vaziri Lavrentiy Beriya qamoqqa olindi. U o‘sha kunga qadar sobiq sovetlar davlati xavfsizlik xizmatini ham o‘z nazoratida ushlagan. Mamlakatda Stalindan so‘ng ikkinchi shaxs hisoblangan. Beriyaning qamoqqa olinishi va keyinchalik qatl etilishi o‘sha davrdagi so‘nggi yirik ishlardan biri bo‘lib qoldi. Chunki undan keyin korchalonlar qamoqqa olinmadi. Qatl ham etilmadi. Xo‘sh, shunday obro‘-e’tibor, katta kuchga ega vazirni qanday yo‘l bilan sindirishdi?..

STALINNING O‘LIMI

1953 yil 5 martida Stalin olamdan o‘tdi. U so‘nggi soatlarini yashab turgan bir paytda hukumat tepasidagi shaxslar kommunistik partiyaning navbatdagi plenumida vazirlar portfellarini bo‘lishish bilan ovora bo‘lishgan. Bu masalada uzoq va qizg‘in bahslar ham yuzaga kelmagan. Beriya, Xrushchev, Bulganin, Molotov va Malenkovlar bir necha daqiqa ichida o‘zaro kelishib olishga ulgurishdi.
Agar masalaga chuqurroq kirib borilsa, Stalin atrofidagi korchalonlarning barchasi o‘z o‘rniga ega edi. Har biri uchun boshqarish lozim bo‘lgan joy tayyor bo‘lgan. Stalin esa o‘zini sindirishga uringan yoki shunga sha’ma qiluvchilarni o‘sha vaqtning o‘zida yo‘q qilgan. Ba’zilarini aksincha ko‘klarga ko‘tarib, undan unumli foydalangan.

Masalan, Molotov 30- yillar oxiri, 40- yillarning birinchi yarmida Stalinning eng yaqin kishilaridan biri hisoblangan. Ammo 1949 yili bu do‘stlikka putur etdi. Vazir lavozimini boy berdi, xotini surgun qilindi.
Malenkov — kommunistik partiyaning asosiy figurasi hisoblangan. Urushdan keyin o‘zining xavfli raqibi Jdanovga o‘zaro kurashda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. «Aviasiya» degan baloni bo‘yniga ilishdi-yu, Malenkov qamalish pallasida qoldi. Biroq qamalmadi. Beriya uni qutqarib qoldi. Sababi, Malenkovning tajribasi va bilimi Beriya uchun juda muhim edi. Qarangki, oradan qanchadir vaqt o‘tib Jdanov olamdan o‘tdi va Malenkov o‘z lavozimini qayta egalladi.

Beriya sobiq sovetlar tarixidagi eng xavfli va kuchli kadrlardan biri edi. U kelib chiqishi bilan ham Stalinga yaqin bo‘lgan. Ziyrak, o‘z ishining ustasi edi. Garchi 1945 yili davlat xavfsizlik xizmati rahbarligidan ketgan bo‘lsa-da, tez orada Stalinning birinchi o‘rinbosariga aylandi va xavfsizlik xizmatini nazoratda ushlashda davom etdi. Bundan tashqari, siyosiy byuro a’zosiga aylandi. Xavfsizlik xizmatida ishlagan biror rahbar bunday yuksak ishonch va hurmatga ega bo‘lmagandi.
Beriya atom loyihasini ham nazoratda ushlagan. Bu sohada muvaffaqiyatga erishilgach, hurmati va obro‘si yanada ortdi. Ana shundan keyin

Stalin uchun xavfli shaxslardan biriga aylanib qoldi. Stalin uni asta-sekinlik bilan o‘zidan chetlata boshladi. Ayniqsa, umrining so‘nggi yili Stalin unga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atishlarini talab qildi. Birinchi ishda Beriyaning Gruziyadagi hamtovoqlarini Turkiya razvedkasi bilan hamkorlikda va bu ishni boshqarganlikda ayblashgan bo‘lishsa, ikkinchisida vrachlar bilan bog‘liq korrupsiya jinoyati sodir etganlikda ayblashdi.

PORTFELNI TOPShIR, OShNA!..

Demak, 5 mart kungi o‘sha yig‘inda Stalinning yaqinlari vazir lavozimi portfellarini o‘zaro bo‘lishib olishdi. Molotov yana tashqi ishlar vaziri lavozimiga qaytdi. Beriya esa ichki ishlar vaziri bo‘ldi. O‘shanda ichki ishlar va xavfsizlik xizmati birlashtirilgandi. Xrushchev markaziy qo‘mita kotibi lavozimini o‘zida saqlab qoldi.

Malenkov vazirlar kengashi raisi lavozimiga tayinlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat rahbariga aylangandi. Ammo hukumatdagilar davlatni jamoaviy tartibda boshqarishga kelishib olishdi. Shunga qaramay, sobiq sovetlar bosh kotibi lavozimini nomigagina band qilib qo‘yishdi. Amalda bu lavozim egasi xuddi hozirgi Amerika prezidentlaridek mustaqil tarzda biror hujjatga imzo qo‘yish huquqiga ega emasdi. Bu Stalindan keyingi qilingan yirik o‘zgarishlardan biri edi.

KUChLAR TENGLIGIDAGI KUChLILAR
Sobiq sovetlar mamlakati jamoaviy tarzda boshqarila boshlagani bilan har bir rahbar lavozimdagi shaxs o‘z siyosiy vazniga, o‘rniga ega bo‘lgan. Masalan, Molotov tashqi ishlar masalasida jimgina faoliyat yuritar, lekin bu ishlarni faqat jamoaviy tarzda amalga oshirardi. Yolg‘iz hech bir ish qila olmasdi. Negaki, hukumat a’zolari orasida tarafdorlari deyarli yo‘q edi.

Asosiy kuch Beriya, Xrushchev va Malenkovlar qo‘lida edi. Partiyaning, xalqning taqdirini xuddi mana shu uchlik hal etardi. Ularning eng sevimli ishlaridan biri kadrlar orasida tozalov ishlarini tez-tez tashkil etishdan iborat bo‘lgan. Xrushchev markaziy qo‘mita a’zosi sifatida bosh kotib yo‘qligida uning vazifasini ham a’lo darajada uddalardi. Lekin shunga qaramay, «zarba»da Beriya va Malenkovlarga etolmasdi. Beriyaning xavfsizlik va ichki ishlar sohasidagi vakolatlari chegara bilmasdi. Beriya va Malenkovlar birgalikda bu ikki sohani o‘zlariga butkul bo‘ysundira olishgandi.

DAFN MAROSIMIDAGI «BAShORAT»LAR
9 martda Stalinning dafn marosimini tashkil etishdi. Dafn marosimini tashkil etish guruhi rahbari etib Xrushchevni tayinlashdi. Malenkov, Beriya va Molotovlarga so‘nggi so‘z berildi. Ular Stalinni so‘nggi manzilga kuzatishda so‘z olib marhumning bosib o‘tgan yo‘lini qisqa satrlarda eslab o‘tishdan tashqari sobiq sovetlar davlatining kelajagi qanday bo‘lishi haqida ham gapirib o‘tishdi. Keyinchalik bu gaplarni tarixchilar «dafn marosimidagi bashorat» deb atashgandi.

TAXT TALOShLARI
Ana, endi Stalin o‘limidan keyingi ishlar tamoman tezlashib ketdi. Kim zo‘r bo‘lsa, davlatni o‘sha boshqara oldi. Asosiy rolni, shubhasiz, Beriya egalladi. Malenkov bilan birga o‘z siyosatini hayotga tadbiq etishni boshladi. Molotov esa ularga qarshi kurasha olmasdi. Buning uchun alohida jamoasi ham yo‘q edi. Xrushchev ham xuddi shunday ahvolda qoldi. Uni ham ikkinchi «plan»ga o‘tkazib qo‘yishdi. Nima qilishsin? Ikkovlari ham Beriyaning siyosatini qo‘llab-quvvatlashdan bo‘lak chora topa olishmadi.

HOKIMIYaT UChUN KURASh
14 mart kuni kommunistlar partiyasining navbatdagi plenumi tashkil etildi. Bu plenumda endi Malenkovga tashlanib qolishdi. Natija shunday bo‘ldiki, uni partiya rahbarligidan voz kechish hamda oddiy kotib bo‘lib qolishga rozi qila olishdi. Xrushchev esa davlat rahbari sifatida faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

BERIYaNING SINIShI
1953 yil 17 iyun. Germaniyada tuyqusdan ishchilarning norozilik aksiyalari yuzaga keldi. Bu aksiyalar mamlakatning bir nechta shaharlarida tashkil etilgandi. Beriya bu namoyishlarga barham berish niyatida bir necha kunga Germaniyaga jo‘nab ketdi. Ana shundan Xrushchev, Malenkov va Bulganinlar unumli foydalanib qolish ilinjida Beriyaga qarshi koalisiya tuzishga muvaffaq bo‘lishdi. Koalisiyachilar harbiylarga ko‘mak so‘rab murojaat etishdi. Bulganin garchi sobiq sovetlar mamlakati mudofaa vaziri lavozimida bo‘lsa-da, qo‘l ostidagi generallarga so‘zi o‘tmasdi. Beriyani qamoqqa olish uchun esa juda obro‘li va baquvvat shaxslar, kuch talab etilardi. Bu rolga marshal Jukov munosib deb topildi. Jukov o‘shanda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritardi.

25 iyun kuni Jukovni prezidium yig‘ilishiga chaqirishdi va Malenkov, Xrushchevlar Beriya davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rayotgani, shuning natijasida prezidiumdagilarning barchasini yo‘q qilish payiga tushganini ma’lum qilishdi. Keyin esa Jukovga Beriyani ertangi yig‘ilish paytida qamoqqa olish vazifasi topshirildi.
Bu haqiqatan g‘alati qaror edi. Sababi, harbiylar o‘shanda siyosatga umuman aralashishmasdi. Bu taxlit ishlarni chekistlar amalga oshirardi.

Darhol Moskva shahriga bir nechta harbiy qismlar joylashtirildi. Ularning vazifasi Beriyaga tegishli kuchlar qarshilik ko‘rsata boshlasa, barchalarini siquvga olishdan iborat edi. Barchasi taxt qilib qo‘yildi. Yig‘in boshlanishidan bir necha o‘n daqiqa oldin maxsus aloqa vositalari ishlashdan to‘xtatildi. Beriya bu aloqadan unumli foydalanardi.

Beriyani qo‘lga olish operasiyasi rejasiga ko‘ra, bir guruh generallar alohida xonada o‘tirishgan. Ularni yig‘in bo‘layotgan zalga maxsus signal yordamida chaqirib olishgan. Generallar shu erda Beriyani qamoqqa olishgan. Generallarga Jukov rahbarlik qilgan.
Beriyani oddiy izolyatorda saqlash qanchalar xavfli ekanini bilishardi. Shuning uchun uni maxsus bunkerga joylashtirishdi. Soqchilik xizmati bir necha o‘n barobarga kuchaytirildi.

QAMOQQA OLISh PAYTIDAGI QATL
Keyinchalik guvohlarning esdaliklari, tarixiy hujjatlar aslida Beriya yig‘in paytida qamoqqa olinmaganini tasdiqladi. Uni o‘z uyida otib o‘ldirishgan ekan. Bu versiyani esa Beriyaning o‘g‘li Sergo ilgari surgan. Uning aytishicha, qatl 26 iyun kuni amalga oshirilgan.
Boshqa bir versiyada esa Beriya haqiqatan qamoqqa olingani bayon qilingan. Sud jarayoni ham bo‘lgan. Bu jarayonda Beriyaning zimmasiga qotilliklar, nomusga tegish jinoyatlari, sotqinlik kabilar qatorlashtirgan holda ilingan. Shundan keyingina uni qatl etishgan. Xullas, o‘z davrining o‘ta obro‘li shaxslaridan biri hisoblangan Beriya qanday o‘lim topgani haqidagi aniq faktlar hanuz topilmadi.

SUD
Yana bir shu kabi faktga murojaat etilsa, Beriya ustidan sud majlisi 1953 yil 24 dekabrda tashkil etilgani aytilgan. U qo‘yilgan ayblovlarni bo‘yniga olmagan bo‘lsa-da, sud qatl etish haqida hukm e’lon qilgan. U bilan birga ichki ishlar sohasidagi ko‘plab yuqori lavozimli shaxslar ham qatl etilgan.

«Sovershenno sekretno» saytidan olindi
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Stalinning jallodlari haqida...