SpaceX smartfonlarni blokdan chiqarishni talab qilmoqda: 180 kunlik muddat

SpaceX kompaniyasi Rural Wireless Association, NTCA va ACA Connects bilan hamkorlikda AQSH Federal aloqa komissiyasiga (FCC) murojaat qilib, mobil qurilmalarni faollashtirilgandan 180 kun oʻtgach majburiy va avtomatik ravishda blokdan chiqarish tartibini joriy etishni soʻradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Uch sahifadan iborat hujjatda taʼkidlanishicha, mobil qurilmalarni avtomatik blokdan chiqarish isteʼmolchilar tanlovini himoya qilish, raqobatni ragʻbatlantirish va mobil qurilmalar bozoridagi xarajatlarni kamaytirish uchun zarurdir. Ushbu taklif bir necha hafta oldin uch nafar respublikachi senator tomonidan yuborilgan shunga oʻxshash bayonotdan soʻng ilgari surildi.
SpaceX oʻz maktubida 180 kunlik blokirovka davri operatorlarga firibgarlik muammolaridan himoyalanish va qurilmalardan jinoiy maqsadlarda foydalanilmasligini taʼminlash uchun yetarli vaqt berishini aytib oʻtgan. Kompaniya FCCni yirik korporatsiyalarning raqobatga toʻsqinlik qilish imkoniyatlaridan koʻra, isteʼmolchilar va ularning oilalari ehtiyojlarini ustun qoʻyishga chaqirmoqda.
Hozirgi vaqtda AT&T, Verizon va T-Mobile kabi yirik operatorlar koʻpincha telefonlarni oʻz tarmoqlarida foydalanish uchun 36 oygacha bloklab qoʻyishadi. Bu esa foydalanuvchini bitta operatorga bogʻlab qoʻyadi va unga arzonroq tariflarga oʻtish imkonini bermaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!