15:44 / 14.07.2017
52 582

Mushuklarning sirli qudrati: haqiqatmi yoki xayol?

Mushuklarning sirli qudrati: haqiqatmi yoki xayol?
Mushuk sayyoramizda eng ko‘p tarqalgan uy hayvonlari sirasiga kiradi. Yurtimizdagi har ikki xonadonning birida, albatta, mushuk boqishadi. Mushuklarning sirli xususiyatlari xususida ham juda ko‘p gap-so‘zlar yuradi. Mushuk odamlarni davolay olish qudratiga ega, o‘ninchi qavatdan tashlab yuborsangiz ham oyog‘i bilan erga tushadi, hatto ruhlarni sezishi ham mumkin… Bu mish-mishlarda qanchalik jon bor? Keling, shularni tadqiq etib ko‘ramiz.

Mushukning joni nechta bo‘ladi?
2011 yil 11 iyul kuni AN-24 samolyotida yong‘in kuzatildi. Samolyotni zudlik bilan qo‘ndirish kerak edi, pilot Ob daryosi qirg‘og‘iga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Jabrlanganlarning ko‘pchiligini qutqarishdi. Mazkur reysda bir mushuk ham bo‘lib, qidiruvlar davomida u topilmadi.
Samolyot qoldiqlarining aksariyati sakkiz kundan keyin ko‘tarib olindi. Ish kabinaga qadar etib borganidan so‘ng Romashka laqabli o‘sha mushukni topishdi.
Bu aviahalokat davomida Romashka bir necha marotaba o‘lim xavfini boshdan kechirdi: samolyot qo‘nayotgan vaqtda qafasdan zarar ko‘rishi, suvda cho‘kishi, sakkiz kun davomida ochlikdan jon taslim qilishi yoki o‘rmondagi xavflardan omon qolmasligi mumkin edi. Biroq jonivor hammasidan qutulib qoldi. Demak, mushuklarning joni qirqta bo‘ladi, deyishlari jon bor ekan.

Energetik kuchi bormi?
— Qizlik davrimda katta mushugim bo‘lardi. Agar biror joyim og‘rib qolsa, u sekin kelib, ayni o‘sha og‘rib turgan erimga yotib olardi. Uning bir maromdagi xurillashidan tinchlanib, uxlab qolardim. Uyg‘onganimda esa og‘riqdan asar ham qolmasdi. Bunday holat bir necha marta takrorlangan. Mazkur holatga mushuklarning kuchli energetik quvvati sabab bo‘ladi. Keling, bu xususiyatni ekstrasensorik jihatdan tadqiq etamiz.

«Mushuk — bu kuchli quvvat va yuqori chastotali titrab turuvchi jonzot. Biroq odatdagidek, 220 voltli emas, mingdan oshiq voltli. Mushuklarning ko‘zlari bu energiyani quvvatlantirib turadi», — degan edi ekstrasens Arina Evdokimova.
Mushukda yig‘ilib qolgan energetik quvvatni chiqarib tashlashning imkoni mavjud emas. U o‘zining o‘nta hayotga etgulik quvvatini o‘sha erdan oladi. Balandlikdan qulay turib hayot va o‘lim chegarasida ular boshqa jonzotga aylanishadi. O‘z-o‘zidan, buni inson ko‘zi bilan ko‘rib bo‘lmaydi.

Ekologiya va evolyusiya instituti olimi zoolog Anastasiya Antonevichning so‘zlariga ko‘ra, mushuklarning yashovchanligi ularning bir vaqtlar yovvoyilikda kun kechirgani bilan bog‘liq. Ya’ni yovvoyi tabiat instinktlari ularning genetikasida hali ham saqlanib qolgan. Mushuklarning yaxshi sakrashi, yiqilishi va o‘rmalab chiqa olishi jonivorning bir vaqtlar ov qila olish qobiliyati bilan bog‘liq.
Mushuklar skeletida 247 ta suyak mavjud bo‘lib, bu odamlarnikidan 41 ta ko‘p degani. Ularning ko‘pchilik qismi umurtqa pog‘onasi va dumda joylashgan. Ayni shu xususiyati tufayli ham mushuk ikki karra qayishqoqroq va havoning o‘zida 180 darajaga aylanishi mumkin.

Nega mushuk doim erga oyog‘i bilan tushadi?
Bu erda butun tizim ishlaydi: ichki quloq, miya, mushaklar va umurtqa pog‘onasi. Mushuk erga qulayotganda boshini buradi va uning ichki qulog‘iga to‘lgan suyuqlik millionlab ta’sirchan tuklarni uyg‘otib yuboradi. Shu tariqa tananing holati xususidagi ma’lumot miyaga borib etadi va biz hayvonlar qanday qilib erga oyog‘i bilan tushishining guvohiga aylanamiz.

Uzoq vaqt ovqatsiz yura olishi
Evolyusiya va o‘ziga xos hayot tarzi orqali mushuk uzoq vaqt ovqatsiz yashay olish xususiyatiga ega bo‘lgan.
Ov qilish bilan kun kechiradigan yirtqichlar muntazam emas, faqat ovi baroridan kelgandagina ovqatlanishadi. Biroq uy mushuklari uchun ozuqa topish muammo bo‘lmasa ham kutilmagan vaziyat bo‘lib qolsa yoki o‘rmonga qochib ketsa, ovqatlanmay bir necha kun yashashi mumkin. Bu xususiyatni ularga yovvoyi tabiat ato etgan.
Har bir mushuk sichqon ovlashni tug‘ma o‘zlashtirgan bo‘ladi. Bu instinktmi yoki alohida dastur, lekin evolyusiya orqali ularning har biriga o‘tgan. Biroq kalamush ovlashni mushuklarning hammasi ham bilmaydi. Bu xislatni ularga faqat ona mushuk o‘rgatishi lozim.

Mushuk o‘limni his qiladimi?

Olimlar uzoq vaqtdan buyon bu savolga javob topish ilinjida izlanish olib borishmoqda.
Amerikaning «Steere House» xospisida Oskar ismli bir mushuk yashaydi. U odamlarni unchalik yoqtirmaganligi uchun aksariyat vaqtini biror burchakda mudrab o‘tkazadi. Bu mushukning o‘z an’anasi bor. O‘limi yaqin bemorning karavoti yonida paydo bo‘lib, inson toki bu yorug‘ olamni tark etmaguncha yonida o‘tiradi. Oskar aqli zaiflar kasalxonasida ham ko‘p bo‘lgan.

«Gohida bir nechta o‘lim bir vaqtda sodir bo‘lgan holatlar ham uchragan. Bir kuni ikki bemorimiz bir vaqtning o‘zida o‘lim ostonasiga kelib qoldi. Ulardan biri og‘irroq ahvolda edi. Biz uni o‘ladi, deb o‘ylab, Oskarni qidira boshladik, biroq u ikkinchi bemorning yonida ekan. U haq bo‘lib chiqdi, Oskar yonida turgan bemor bir necha soatdan so‘ng jon taslim qildi. Biz o‘ladi, deb o‘ylagan bemor esa yana bir necha kun yashadi. Vaqti-soati etganda Oskar uning ham yonida bo‘ldi», — deya hikoya qilib berdi shifokor-geriatr Devid Dosa.
Nega mushuklar o‘limni his etishadi? Ko‘pchilik ekstrasenslarning fikricha, hayvonlar inson ruhini ko‘ra olish qudratiga ega ekan. Nafaqat tashqi, balki ichki ham. Hatto mushuklar narigi dunyodan kelgan qarindoshlar ruhini ham seza olishi mumkin.

Mushuklar haqida siz bilmagan faktlar
Mushuk hayoti davomida 100 dan ortiq bola tug‘ishi mumkin.
Mushuklar hech qachon bir-biriga miyovlamaydi. Ular odamzodni ko‘rgandagina shunday ovoz chiqaradi.
Bir juft mushukning avlodi 7 yilda 420 000 ta mushukni dunyoga keltirishi mumkin.
Misrda mushuklar ma’bud darajasidagina qadrlanmasdan, balki sichqon, ilonlarga qiron keltirib, ovdagi o‘ljalarni yig‘ishda ham o‘rgatilgani bois e’zozlangan.

Mushuklar 100 xilga yaqin ovoz chiqarishi mumkin. Itlar esa 10 xil.
Yuqoridan yiqilayotgan mushuklarning holati doimo bir xil bo‘ladi: dastlab boshini to‘g‘rilab oladi, keyin belini, oyog‘ini va nihoyat, belini bukib, erga «qo‘nadi».
Agar mushuk mebelni qirtishlasa, shu joyga limon yoki apelsin ifori bor moddalarni surtib qo‘ying. Mushuklar bunday hidlarni yomon ko‘radi.
Jirafa, tuya va mushuk qadam tashlashni chap oyoqdan boshlaydigan yagona hayvonlar.

Mushukning quloqlari 180 darajaga buriladi. Har bir qulog‘ida 32 ta mushak bo‘lib, ulardan 12 tasi quloqlarini boshqaradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 400 millionga yaqin uy mushuklari bor. Avstraliya bu borada birinchi o‘rinda: 10 ta kishiga 9 ta mushuk to‘g‘ri keladi. Osiyoda Indoneziya etakchilik qiladi: 30 millionga yaqin pahmoq hayvonlar insonlar bilan birga yashaydi. Evropada Fransiya mushuklarga «o‘ch». Lekin shunday davlatlar borki, ularda mushuklarni umuman uchratmaysiz: Gabon va Peru ana shunday yurt hisoblanadi.
Amerikaliklar har yili mushuklarning emishi uchun to‘rt milliard dollar sarflashadi. Bu emizikli bolalarga sarflanayotgan mablag‘dan 1 milliard ziyod demakdir.

Agar mushuk oldingizda turib, dumini qaltiratib likillatsa, u sizni juda yoqtirishidan dalolat. Agar dumini pastga tushira boshlasa, kayfiyati o‘zgarganini bildiradi.
Mushuklar itlarga qaraganda yaqin oradagi buyumlarni unchalik anglay olmaydi. Ular 75 smdan 2-6 metrgacha bo‘lgan narsalarni aniq ko‘radi.
Mushuklarning eshitish qobiliyati insonlarga qaraganda 3 baravar ortiq. Agar biz xonada baland ovozda qo‘shiq yoki kuy qo‘ysak, ular boshqa xonaga chiqib ketadi.

Mushuk hidlarni insonlarga nisbatan 14 baravar ko‘proq his etadi.
Mushukning har ikki yonog‘ida o‘rtacha 12 tadan harakatchan mo‘ylovlar bo‘ladi. Mo‘ylovlarning boshlanishida ko‘pgina nerv tolalarining oxiri joylashgan, shuning uchun u barcha voqealarni atrofidagi narsalar, shamol, iqlim va boshqa o‘zgarishlarni oldindan bilib oladi.
Mushuklar insonlar bilan 10 ming yildan beri yonma-yon yashab keladi.

Ozoda HALIMOVA tayyorladi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mushuklarning sirli qudrati: haqiqatmi yoki xayol?