O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 25 dekabr kuni madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda barcha tarmoqlar qatori madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, shu yil 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvi soha rivojida yangi tarixiy davrni boshlab bergandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomasida ham mazkur soha rivojiga alohida urg‘u berilgandi.
Bo‘lib o‘tgan majlisda ana shu vazifalarni bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va ijodiy tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Ularning faoliyatiga tanqidiy baho berilib, bu boradagi ishlarni faollashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
"Ma’lumki, har bir millatning madaniyati va san’ati uning g‘urur-iftixor manbai hisoblanadi. Bugungi kunda milliy madaniyatimiz va san’atimizni rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan barcha ishlarimiz shu maqsadga qaratilgan. Buyuk kelajagimizni barpo etar ekanmiz, avvalo, uning madaniy va ma’naviy asoslarini mustahkam qurishimiz kerak", deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
O‘tgan bir yil davomida sohani rivojlantirishga doir salmoqli ishlar amalga oshirildi. Birgina Madaniyat vazirligi va uning tizimidagi muassasalar faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha jami 8 ta farmon va qaror qabul qilindi.
2017 yilda mavjud 37 teatr tomonidan namoyish etilgan spektakllarni 3 million 133 ming muxlis tomosha qildi. Yil davomida aholiga 6 milliard 72 million so‘mlik madaniy xizmatlar ko‘rsatildi.
Xitoy, Rossiya, Germaniya, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarda O‘zbekiston madaniyati kunlari va turli san’at ko‘rgazmalari o‘tkazildi.
"Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, hali bu borada qilingan ishlardan ko‘ra qilinmaganlari, dolzarb vazifalar juda ko‘p", deb ta’kidladi davlat rahbari.
Yig‘ilishda teatrlarning xalqqa, jumladan, chekka tuman, mahalla va qishloqlar aholisiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasi bugungi kun talabiga javob bermasligi alohida ta’kidlandi. Teatrlarning bu boradagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, teatrlar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqish, o‘zbek sirki hamda milliy raqs san’atini rivojlantirish bo‘yicha ham tegishli qarorlarni kechiktirmasdan qabul qilib, bu yo‘nalishlarda amaliy ishlarni boshlash zarurligi qayd etildi.
Aholi uchun bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, odamlarning madaniy hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida 2011-2015 yillarda O‘zbekistonda 225 istirohat bog‘ini zamon talablari asosida yangidan qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish belgilangan edi. Lekin hozirgi kunga qadar 140 bog‘da ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, homiylar va tadbirkorlar tomonidan mablag‘ ajratilmagani sababli 90 bog‘da rejadagi vazifalar to‘liq bajarilmagani tanqid qilindi.
Yig‘ilishda Madaniyat vazirligi tomonidan kelasi yil amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator muhim vazifalar qayta ko‘rib chiqilib, ularning aniq muddatlari belgilandi. Jumladan, madaniyat va san’at sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, estrada, raqs va orkestr jamoalari faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan o‘rganish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim topish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Davlat rahbarining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda. Shunga qaramay, yig‘ilishda Badiiy akademiya faoliyatida bir qator kamchilik va muammolar uchrayotgani, ularni tezlik bilan bartaraf etish lozimligiga e’tibor qaratildi. Jumladan, Nukus, Buxoro, Shahrisabz shaharlaridagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlarida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani, Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalini jahon standartlariga mos ravishda zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish ishlari sust olib borilayotgani, bu esa yurtimizda nufuzli xalqaro ko‘rgazmalar o‘tkazish imkoniyatini cheklayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda Badiiy akademiya faoliyatini yanada yaxshilash borasida 2018 yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida atroflicha fikr yuritildi. Xususan, tasviriy va amaliy san’at sohasida xorijdagi yetakchi san’at maskanlari bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, chet ellarda taniqli rassomlarimizning ko‘rgazmalarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.
Tegishli mutasaddi rahbarlarga P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejida 400 o‘rinli, Respublika dizayn kollejida 200 o‘rinli o‘quvchilar turar joyini qurish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash yuzasidan topshiriq berildi.
Shuningdek, soha uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash, xususan, yangi davrga mos o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar yaratish va ularni ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, o‘quv muassasalarini zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlash, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda madaniyat va san’at sohalarida sidqidildan xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning uy-joy, ijtimoiy va tibbiy sharoitlarini yaxshilash, gonorarlar miqdorini oshirish, yosh iste’dod egalarining salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish g‘oyat muhim vazifalardan biri ekani alohida qayd etildi.
"Bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak, mamlakatimizda madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Xalqimizning rivojlanish darajasi, avvalo, milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu ma’noda, madaniyat – bu xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni, avvalo, milliy madaniyatimizni rivojlantirishdan boshlashimiz lozim", deydi Prezident. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Tramp kichik Kennedini sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri lavozimiga taklif qildi