Hammamizga ma’lum, o‘tgan yildan boshlab valyuta oldi-sotdisini erkinlashtirish yo‘lida katta qadamlar tashlandi. Rasmiy kurs qora bozor kursi bilan bir xil qilindi. Banklarga aholidan cheklanmagan miqdorda chet el valyutalarini sotib olishga va xalqaro to‘lov kartalari orqali sotishga ruxsat berildi. Bu yil esa banklarga chet el valyutalarini nafaqat xalqaro to‘lov kartalari orqali, balki naqd pulga sotish uchun ham ruxsat beriladi degan gaplar yuribdi. Bularning xammasi Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarga hamohangdir.
Agar yaqin kelajakda banklarimizga chet el valyutalarini naqd pulga sotish uchun ruxsat beriladigan bo‘lsa, yana bir muhim ish amalga oshirilishi kerak va bu ish Prezidentimizning «hamma sohalarda ishimiz xalqqa oson, qulay bo‘lishi uchun qilinishi kerak» degan g‘oyalariga mos ish bo‘lardi.
Hammamiz ko‘rib turibmiz, valyuta oldi-sotdisi erkinlashtirilib, banklarga chet el valyutasini cheklanmagan miqdorda sotib olish va uni xalqaro to‘lov kartalari orqali sotish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, joylarda valyutafurushlar hanuzgacha pana joylarda o‘z ishlarini davom ettirishyapti. Mening bilishimcha, buning uchta sababi bor:
1. Hozircha banklarda chet el valyutasini naqd ko‘rinishda sotish amaliyotining yo‘qligi
Milliy valyutamiz so‘m 1994 yildan beri 8200 baravar qadrsizlanar ekan aholi o‘z jamg‘armasini so‘mda saqlamasligi shundoq ham hammaga tushunarli bo‘ladi. Chunki kimdir uy olish uchun, kimdir mashina olish uchun ishlab topayotgan pulini so‘mda yig‘adigan bo‘lsa, narxlar tez-tez oshavergani uchun u bir umr uysiz yoki mashinasiz qolib ketishi mumkin. Shu uchun xam aholi o‘rtasida o‘z jamg‘armasini AQSh dollarida yig‘ib boradiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Banklarda hozircha naqd pulga chet el valyutasini sotish amaliyotining yo‘qligi aholining baribir valyutafurushlarga murojaat qilishiga sabab bo‘lmoqda.
2. Viloyatlarda, tumanlarda valyuta ayirboshlash shoxobchalarining aksariyati tuman markazlarida joylashgani
Ha, hozircha bizda valyuta ayirboshlash shoxobchalari tuman markazlarida joylashgan. Ular ham faqat banklar binosining ichida. Shu tufayli ham tuman markazidan uzoqda yashayotgan aholi valyuta almashtirish uchun tuman markaziga emas, balki o‘ziga yaqin joyda joylashgan hududiy bozorlarda yoki uylarida yashirincha faoliyat olib borayotgan valyutafurushlarga murojaat qilishga majbur bo‘lishyapti.
3. Banklardagi valyuta almashtirish narxlari bilan yashirincha faoliyat olib borayotgan valyutafurushlar taklif etayotgan narxlar o‘rtasidagi tafovut
Ko‘pchilik o‘z qo‘lidagi valyutani banklarga emas, balki valyutafurushlarga borib almashtirayotganiga ko‘proq narx sabab bo‘lmoqda. Masalan, banklarda valyuta alishtirish jarayoni boshlanganda sotib olish narxi 8000 so‘m qilib belgilandi. Bundan xabar topgan valyutafurushlar esa o‘sha paytda sotib olish narxini 8100 qilib belgiladilar. Oradan biroz o‘tib banklarda sotib olish narxi 8020 so‘m qilib belgilanganda valyutafurushlar sotib olish narxini 8120-8150 so‘mga ko‘tarishdi. Bank bilan valyutafurushlar o‘rtasida valyuta sotib olishda 100-120 so‘m farq qildi. Bu farq 100 dollar pulni almashtirganda 10-12 ming so‘mni tashkil etadi. 1000 dollar almashtirganda esa farq 100-120 ming so‘mni tashkil etdi. Bunday sharoitda ba’zi insonlar o‘z qo‘lidagi valyutani qimmatroqqa sotish uchun ham valyutafurushlarga murojat qilishi tabiiy hol.
Valyutafurushlarning yashirincha bo‘lsa-da hanuz o‘z ishini davom ettirayotganiga yuqoridagi ana shu omillar sabab bo‘lmoqda. Eng muhimi, ana shu uch sabab bir-biriga zanjirday bog‘liq. Shuning uchun yaqin kelajakda banklar chet el valyutasini naqd pulga sotish amaliyotini boshlashsa ham muammo hal bo‘lmasligi va valyutafurushlar valyutani sotib olishda bankdan bir oz qimmat narxda olib, sotishda esa banklar taklif qilayotgan narxlardan bir oz arzon narxni taklif etishlari ham mumkin.
Masalan, banklar 8020 so‘mdan sotib olganda ular sotib olish narxini 8050 so‘m qilib belgilaydilar. Banklar sotish narxini 8150 so‘m qilib belgilaganlarida ular sotish narxini 8120 so‘m qilib belgilaydilar. Ana shunda ayrim odamlar o‘rtadagi ozgina tafovutdan yutay deb, yana valyutafurushlarga murojaat qilaverishlari mumkin. Yoki banklar ikkinchi sababda ko‘rsatilgan muammoni hal qilib, har qadamda valyuta ayirboshlash shoxobchalarini ko‘plab ochib tashlashsa ham ular uchinchi sababdagi muammoda valyutafurushlar bilan raqobat qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Umumiy xulosa shuki, bundan buyog‘iga banklar valyuta oldi-sotdisida doim noqonuniy faoliyat olib borayotgan valyutafurushlar bilan raqobat qilishlariga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, noqonuniy valyutafurushlarga nisbatan IIB xodimlari tomonidan «ov» uyushtirilib, ularni ushlab jazolashyapti. Ammo bu bilan bu sohadagi muammolarni yechib bo‘lmaydi.
Muammoning yechimi bormi: valyutafurushlarni qanday qilib yo‘qotib bo‘ladi?
Jamiyatdagi ko‘plab odamlarning bu masala yuzasidan fikrlari bilan qiziqar ekanmiz, ularning ko‘pchiligi bu muammoni valyutafurushlar faoliyatini legallashtirib, ularga qonun doirasida ishlash uchun sharoitlar yaratib beribgina bu muammoni hal qilish mumkin, degan fikrni bildirdilar. Shaxsan o‘zim ham shu fikrga qo‘shilaman va quyida nega valyutafurushlarni legallashtirish kerak, degan fikrlarimni asoslab berishga harakat qilaman.
Yuqorida banklar va valyutafurushlar o‘rtasida zimdan bo‘layotgan raqobatni va ana shu raqobatda ba’zi hollarda valyutafurushlar ustun bo‘layotganini yozdim. Agar valyutafurushlar faoliyatini legallashtirsak bundan hamma tomon: banklar ham, aholi ham, valyutafurushlar ham faqat yutishadi.
1) Banklar yutishadi.
Agar valyutafurushlarga litsenziya berish vakolati banklarga berilsa, ana o‘shanda tijorat banklari o‘rtasida kim ko‘proq valyutafurushlarni o‘ziga jalb qilib, ko‘proq litsenziya sotish uchun raqobat yuzaga keladi va shu tufayli banklarda ishchanlik oshadi. Banklar o‘zi tomonidan valyutafurushlarga beriladigan litsenziyadan anchagina pul ishlaydi va bu ham mamlakatimiz bo‘yicha hisoblanganda yaxshigina mablag‘ni tashkil etadi. Shu yerda o‘quvchilarda «banklar valyutafurushlarga litsenziya bersa, keyin kim ularning o‘zlariga valyutasini almashtirishga olib boradi?» degan savol paydo bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, agar valyutafurushlarga banklar tomonidan litsenziya berilsa, keyin banklarning o‘ziga odamlar valyuta almashtirishga bormasliklari ham mumkin. Lekin hozirgi kunda hanuzgacha aholining qo‘lidagi bir qism valyutaning valyutafurushlar orqali aylanyotganini inobatga olsak, banklar hech narsa yo‘qotmaydi. Yana o‘sha o‘zi litsenziya bergan valyutafurushlar bilan raqobatda ishlashadi. Qolaversa, agar banklar valyutafurushlarga litsenziya bermay o‘zlari ishlaydigan bo‘lsalar, valyuta almashtirish shoxobchasini ko‘paytirish va ko‘cha-ko‘ylarda, bozorlarda bo‘limlar ochishlariga to‘g‘ri keladi. Bunday shoxobchalarni ochish, ularda ishlaydigan xodimlarga, ularni qo‘riqlaydigan qo‘riqchilarga maosh to‘lash zarur va buning hammasi yaxshigina xarajatni talab qiladi.
2) Aholi yutadi.
Agar valyutafurushlarga litsenziya berilib, ularning faoliyati legallashtirilsa, aholi o‘z uyiga yaqin bo‘lgan qonuniy ishlayotgan valyutafurushlarga qo‘lidagi valyutasini xohlagan paytida bemalol almashtirib ketaveradi.
3) Valyutafurushlar yutadi.
Agar valyutafurushlarga litsenziya berilsa va ularning faoliyatlari legallashtirilsa, ular ham doim qo‘rqib, qochib-pisib yurishmaydi va xohlasalar uylarida, xohlasalar bozorlarda bemalol faoliyat yuritaveradilar.
Shu maqolani tayyorlash jarayonida turli joylarda, bozorlarda imi-jimida qo‘rqa-pisa faoliyat olib borayotgan valyutafurushlarning (ularni hanuzgacha istagan bozoringizdan bemalol topishingiz mumkin) bir nechtasi bilan bu mavzuda suhbatlashib «valyutafurushlarga litsenziya berilib, ularning qonuniy ishlashlariga sharoit qilib berilishiga qanday qaraysiz?» deb so‘raganimizda ular «Qani edi shunaqa bo‘lsa, buni orzu qilamizku. Litsenziya qimmatroq bo‘lsa ham to‘lab, qonuniy ishlardik, qocha-qoch qilib ishlash jonimizga ham tegib ketgan», deb javob berishdi.
Dunyoning aksar davlatlarida, shu jumladan, yaqin qo‘shnilarimiz bo‘lgan Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham ancha yillardan beri shu amaliyot qo‘llaniladi. Ya’ni xohlagan odamga valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishi uchun litsenziya beriladi va o‘sha litsenziyani olgan odamlar istagan joylarida erkin valyutafurushlik faoliyatlarini olib boraveradilar. Shunday ekan, jahonning ko‘pgina davlatlarida qo‘llanilayotgan ushbu amaliyotni bizda ham qo‘llab ko‘rish foydadan xoli bo‘lmasdi, deb o‘ylayman.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi