21:30 / 01.02.2018
6 295

Olimpiada chempioni Fazliddin G‘oibnazarov Harbiy qasamyod qabul qildi (foto+intervyu)

Olimpiada chempioni Fazliddin G‘oibnazarov Harbiy qasamyod qabul qildi (foto+intervyu)
– Oddiy askar G‘oibnazarov!
– Men.
– Harbiy qasamyod qabul qilish uchun oldimga…
– Xo‘p bo‘ladi…
***
2016 yil. Rio-de-Janeyro. XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining boks turi bahslarida 64 kilogramm vazn toifasi bo‘yicha finalda qo‘lga kiritilgan tarixiy g‘alaba. Turli millatga mansub tomoshabinlar matonatli bokschini chin dildan olqishlamoqda.
***
Poytaxtimizdagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini ado etayotgan jo‘mard o‘g‘lonlar safida boks bo‘yicha Olimpiada chempioni, bir necha nufuzli bellashuvlar g‘olibi Fazliddin G‘oibnazarov ham bor. Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonida harbiy xizmatni o‘tayotgan chempionimiz qisqa fursatda askar sifatida safdoshlari, ofitser-serjantlari orasida o‘z o‘rnini topdi.

Sevimli bokschimiz bilan samimiy suhbat chog‘ida shunga amin bo‘ldikki, hali maqsadlari yuksak, yangi g‘alabalarga tashna...

– Fazliddin aka, er yigitning harbiy xizmatgacha yashagan umri bir taraf, harbiy xizmat davridagi kechmishlari bir taraf bo‘ladi, degan gap bor.
– Menda xuddi shunday bo‘ldi (mana, ko‘ryapsizmi, bir oyda harbiy iboralar bilan muomala qilishga o‘rganib qoldim)...
Mashg‘ulotlar zalida o‘smirlik paytlarimdayoq murabbiylarim tartib-intizom bilan shug‘ullanishimni, boks sirlarini bosqichma-bosqich, astoydil o‘zlashtirishimni ta’kidlashar, tabiiyki, men ham shunga tirishar edim. Bu jarayon ham o‘ziga xos mashaqqat va fidoyilikni talab etadi... Hamma sohada dastlab, o‘tish va ko‘nikish davri sodir bo‘ladi. Harbiy xizmatni boshlagan kunlarimda menda ham ushbu holat ro‘y berdi. Lekin tezda harbiy hayotga ko‘nika boshladim. Hayot maktabida olgan saboqlarim, haqiqatan ham, bir umrga tatirlik saboqlardir. Yuksak harbiy intizom… kun tartibiga muvofiq – hammasi joy-joyida intizomli yashagan inson, meningcha, saodatli umr kechiradi. Armiya esa odamga ana shunday yashashni o‘rgatadi. Kelgusida oilasini, ro‘zg‘orini, o‘z xatti-harakatlarini to‘g‘ri idora etib, jamiyatda ham, faoliyatida ham o‘z o‘rnini topish uchun yigitlarga armiya ko‘p ta’lim-tarbiya beradi.

– Harbiy mashg‘ulotlar paytida nimalarni o‘zlashtirdingiz?
– Armiyaga kelib, mamlakatimiz tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi ishonchli qo‘llarda ekanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Yurt osoyishtaligi yo‘lida borini berishga tayyor bo‘lgan ofitser va serjantlar suhbatida bo‘ldim. Ma’naviy-ma’rifiy, jangovar va saf tayyorgarliklari, o‘q otish mashg‘ulotlari, harbiylarga xos aniq va tezkor qaror qabul qilish, voqea-hodisaga munosabat bildirishdan avval, kuzatish, tahlil qilish, holatning tub mohiyati va sabablarini o‘rganish, qisqasi, bularning barchasi hayotga, kasbimga, odamlarga, Vatanga bo‘lgan munosabatimni o‘zgartirdi.

Dala-o‘quv maydonida jangovar quroldan o‘q uzganim sira yodimdan chiqmaydi. Yoshim kattaroq bo‘lgani uchunmi yoki bokschi bo‘lib, nisbatan tanilganimdanmi, komandirlarimiz o‘q uzish mashg‘ulotlarida safdoshlarimga dalda berishimni ta’kidlab turishdi. Endi, tasavvur qilavering, birinchi marta nishonni poylayotgan yigitlar... Men ham bungacha qo‘limda qurol tutmaganman. Safdoshlarimga dalda beraman: dadil bo‘linglar, nishonga tegizishingiz shart, deyman. Quroldoshlarim navbatma-nav­bat o‘t ochishadi. Avtomatning quloqni qomatga keltiradigan momaqaldiroqdek ovozi, gilzalarning yerga tangaday tushishi, chalqancha yiqilgan nishon, shu lahza odamning Vatan himoyachisi ekanligini yaqqol anglatadigan poroxning ajabtovur hidi... Quroldan o‘q uzgan paytimdagi his-hayajonimni ta’riflay olmayman... Endi men yurtim manfaatlariga, yo‘liga g‘ov bo‘lgan g‘animga faqatgina charm qo‘lqop bilan emas, jangovar kurol bilan ham qarshilik ko‘rsata olaman! Bu men uchun katta baxt. Shu narsani o‘ylasam, armiyadan ketgim kelmaydi! Armiyaning navqiron o‘g‘lonlarga o‘rgatishi lozim bo‘lgan eng asosiy jihat – Vatanni himoya qilish tuyg‘usi.

– Safdoshlaringiz Olimpiada chempioni bilan birga harbiy xizmat o‘tayotganidan xursand bo‘lishi, tabiiy. Ular orasida keyinchalik ham qalin bo‘lib, bordi-keldi qiladigan do‘stlar orttira oldingizmi?
– Bilasizmi, deylik, bir-biriga mutlaqo begona ikki yo‘lovchi bir vagonda u manzildan bu manzilga yetish vaqtida o‘zaro suhbat qurib, dardlashib, dildosh bo‘lib, bir umr uzilmas do‘stlik rishtasini bog‘lashi, aksincha, odam bir xonadonda qirq-ellik yil birga yashab ham bir-birini tushunmay o‘tishi mumkin.

Shukur qilamanki, men qisqa fursat ichida ko‘nglimga o‘tiradigan, sport olamidagi obro‘-e’tiborim bilan hisoblashmagan, chin ma’nodagi bir nechta do‘stlar orttirdim. Ular bilan, nasib etsa, bordi-keldi qilamiz. Armiya shunisi bilan ham qadrli. O‘zingiz O‘zbekistonning u burchagidan bo‘lasiz, jonday qadrdon do‘stingiz bu tomonidan bo‘ladi... Yaqinda qiziq voqea ro‘y berdi: bir necha safdoshim ko‘rishga kelgan yaqinlariga: «Fazliddin G‘oibnazarov men bilan xizmat qilyapti», – debdi. Ota-onalar ishonishmagan shekilli, meni chaqirtirishdi. Borib, ular bilan ko‘rishdim. Nihoyatda xursand bo‘lib, duo qilib qolishdi... Harbiy xizmatda orttirgan do‘stlarim bilan kechgan qiziqarli voqealar hech qachon esimdan chiqmaydi.

– Shu o‘rinda, andak chekinish qilsak-da, sport mavzui­ga o‘tsak: ayting-chi, milliy boksimizdagi qaysi jihatlar isloh qilinsa, sizningcha, yanada yuqori natijalarga erishiladi?

– Savolingiz uchun rahmat! Jamoaviy bahslarda bir necha sportchi ruhiy jihatdan to‘laqonli sport formasida bo‘lmasa-da, jamoaning qolgan vakillari ushbu kemtikni to‘ldirishlari mumkin. Ammo yakkaxon sport bellashuvida sportchining ruhiy holati hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Masalan, boksda siz raqibingizdan ruhan ustuvor bo‘lmasangiz va bu ustunlikni raqibingizga singdirmasangiz, ko‘zlagan maqsadingizga erisholmay qolishingiz mumkin.

Istardimki, nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakat sport delegatsiyasi tarkibida individual bahsga kiradigan sportchilarning shaxsiy murabbiylari ham bo‘lsa. Xo‘sh, bu nima uchun kerak? Sababi, shaxsiy murabbiy falon yoshdan beri qo‘l ostida shug‘ullanayotgan shogirdining yurish-turishidan tortib, kechinmalari, kayfiyati va ruhiy iztiroblarigacha teran biladi va jang payti ushbu holatdan chiqib ketish chorasini zudlik bilan topa oladi. To‘g‘ri, terma jamoa murabbiyi ham g‘alaba uchun asdoydil jon kuydiradi, umumiy ko‘rsatmalar beradi. Biroq sportchining xos ustozi bong urilganda sochiq yelpib, yoningizda turishi – bu, sizga alohida dalda. Men kelgusida shu masalaning joriy etilishini istar edim.
***
Xullas, o‘shanda turli millatga mansub tomoshabinlar matonatli bokschini chin dildan olqishlamoqda. Taqdirlash marosimi boshlandi... Madhiya yangradi... Yo‘q-yo‘q, bu madhiya emas edi, bu ohang ayni damda O‘zbekiston edi... Hayajondan lovullab turgan yonoqlarni yuvgan ko‘z yosh esa Qasamyod edi...

«Men, oddiy askar G‘oibnazarov Fazliddin Hasanboyevich O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, xalqimga, Prezidentimga sodiq bo‘lishga tantanali ravishda qasamyod qilaman...»
Alibek OMONTURDIYeV suhbatlashdi.

Manba: xs.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Olimpiada chempioni Fazliddin G‘oibnazarov Harbiy qasamyod qabul qildi (foto+intervyu)