Jamiyatning axloqiy yuksaklik darajasini fuqarolarning axloqiy madaniyati belgilaydi. Axloqiy madaniyat shaxsning xulqi, odobi, muomala ko‘nikmasi, o‘zgalarga munosabati bilan belgilanadi. O‘z ustida tinmay ishlaydigan, komillik sari intiluvchan insongina uni mukammal o‘zlashtirishi mumkin. Demak, axloqan yuksak inson, qaysidir ma’noda komillik darajasiga erishgan hisoblanadi.
Yaxshi xulq egasi o‘zini har qanday vaziyatda ham boshqara oladi, xatti-harakatlariga to‘g‘ri baho beradi, o‘zgalar undan aslo zarar ko‘rmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, axloqli odam o‘zining kimligini, nimani istashini yaxshi biladi. Shu sababdan ham, uning barcha ishlari aql va idrokka asoslangan bo‘ladi.
Ming taassuflar bilan aytish kerakki, ayrim hollarda mahalla-ko‘yda buning aksiga duch kelamiz. Masalan, umumiy ovqatlanish joylari, jamoat transporti – avtobusdagi insonning uyali telefoni birdan jiringlab qoldi. Bu inson beixtiyor suhbatga kirishadi. Shu o‘rinda aytish kerakki, telefonda gaplashishning ham o‘ziga xos madaniyati bor.
Unga ko‘ra, jamoat joylarida telefon apparatini ovozsiz holatga o‘tkazish zarur. Aks holda, boshqa yo‘lovchilar e’tiborini tortishi, ularning o‘rinli e’tiroziga sabab bo‘lish mumkin.
Uyali telefondan baland ovozda yoki har xil imo-ishoralar, mimikalar bilan suhbatlashib barchani diqqatini o‘ziga tortishi, kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Misol tariqasida ona qo‘lidagi bola uxlayotgan bo‘lsa-chi? Qo‘rqib uyg‘ongan bola atrofdagilarni yig‘isi bilan behalovat qilishi onani ham xijolatga qo‘yadi. Yoki avtobusda baland ovozdan ozor chekadigan bemor ketayotgan bo‘lishi ham mumkin-ku!? Yana bir fikr. Qo‘l telefoni ovozi boshqalar uchun yoqimsiz musiqaga sozlangan bo‘lsa-chi? Qo‘l telefon egasining o‘zi ham bu holdan noqulaylik his qilmaydimi?!
Aksariyat hollarda, ayrim yoshlar quloqlariga quloqliklar taqib olib, atrof-muhit bilan muloqotni unutib quyishadi. Yoshi ulug‘ nuroniylar va yosh bolali onalarga joy berish, yo‘l berish hollarini unutib qo‘yishadi. Bu insoniy fazilat va o‘zbekona qadriyatlarimizni unutilib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, har bir inson jamoat joyida, yig‘inlar va tadbirlarda sergak holda bo‘lishi, atrofdagilarni hurmat qilishi orqali o‘z hurmatiga savzovor bo‘lishi kerak.
Shu o‘rinda nutqimizdagi “uzr”, “iltimos”, “tashakkur”, “minnatdorman”, “rahmat” kabi “sehrli” so‘zlar ish beradi.
Jamoat transportida imkon doirasida asta, past ohangda gaplashish yoki umuman gaplashmasdan, yozma xabar bilan cheklanish maqsadga muvofiq. Zero, boshqalar uchun qiziq bo‘lmagan mavzu noqulay vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin. Unutmaylik, so‘zlashishning ham odobi bor.
Inson – yoqimli fazilatlar va aksincha, qusurlar qilishga ham moyil bo‘ladi. Odam bolasi voyaga yetar ekan, o‘zgalarga yoqishga, fazilat jihatdan boshqalardan ustun bo‘lishga, doimiy e’tiborda bo‘lishga intiladi. E’tiborli jihati, ushbu fazilatlarning poydevori oilada qo‘yiladi. Ular har bir insonning zohiriy va botiniy xislatlarida — o‘zini tutishida, xatti-harakatlarida, muomala madaniyatida o‘z ifodasini topgan. Ya’ni ichki dunyosining ifodasidir.
Ma’naviy yetuk, madaniy fazilatlarga ega avlodni tarbiyalashda, yuqorida alohida ta’kidlanganidek, oiladagi tarbiyaning o‘rni muhim hisoblanadi. Oilaviy muhit odamni yo jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk qiladi yoki aksincha. Shunday ekan, tarbiya usulini tanlash har bir ota-onaning o‘zidan. Har holda, tanlangan bu tarbiya mevasini birinchi bo‘lib ularning o‘zi tatiydi.
Yozma manbalar sharqona tarbiya haqida so‘zlaydi. Mana shu sharqona tarbiya milliy an’analarni, xalqimizning turmush tarzi va odatlarini o‘zida mujassam qilgan. Unda shu yurtda istiqomat qiluvchi millat va din vakillarining maqsad va muddaolarini jamlagan.
Biz texnika asrida yashamoqdamiz. Demak, shunga muvofiq yashashimiz zarur. Ko‘pchilik jamoat transportlari televizor bilan jihozlangan bo‘lib, ba’zan ularda “ommaviy madaniyat” targ‘ib etuvchi roliklar namoyish etiladi. Buning o‘rniga qisqa, mazmunli, aniq maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy roliklarning muntazam berib borilishi yo‘lga qo‘yilsa, o‘zining yomon jihatlarini ko‘rsatayotgan insonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishga, tartibga chaqirishga o‘rin qolmasmidi?!
Bir haqiqat bor. Ma’naviyatli odam o‘zi va o‘zgalarni hurmat qiladi, qadrlaydi, o‘zligini anglab yetadi, milliy tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlarini yuksak darajada e’zozlaydi, ular bilan faxrlanadi. Bunday insonlar — ibrat namunasi. Binobarin, odam bolasi aynan ma’naviyati bois “inson” degan buyuk va sharafli nomga muyassar bo‘lgan. Shu sababli xalqimiz insoniylikni olimlikdan-da yuqori qo‘ygan. Bu ikki fazilat birlashgan joyda esa tom ma’nodagi komillik vujudga keladi.
Munira QAHHOROVA
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...