O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilinishi bilan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda kasb-hunar kollejlarida o‘qish pulli bo‘lgani haqida ko‘plab xabarlar tarqaldi.
Xo‘sh, bu qanday amalga oshiriladi? Ta’lim shakli qanday bo‘ladi? Kimlar o‘qiydi? Pul to‘lab o‘qilganga yarasha bitiruvchilar ish bilan ta’minlanadimi yoki diplom yana sandiqqa tashlanadimi? Ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan shu kabi savollar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori Murodullo Xolmuhammedov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Ma’lumki, shu paytga qadar kasb-hunar kollejlarida barcha kasblar 3 yil mobaynida o‘qitib kelingan. Endilikda kollejlar vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga biriktirilishi belgilab qo‘yildi.
Har bir tayyorlov yo‘nalishi bo‘yicha rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqiladi, milliy kvalifikatsion ramkalar belgilanadi va kasbga oid standartlar joriy etiladi. Professional standart ma’nosi shuki, deylik, bitta ish o‘rni ishchidan qanday malaka va ko‘nikma talab qiladi, ushbu holat o‘rganilib, shu asosda modulli o‘quv rejalari paydo bo‘ladi. Ta’lim jarayoni esa doimiy ravishda takomillashtirib boriladi. Bundan maqsad – kasb-hunar ta’limi tizimini iqtisodiyot rivojlanishining muhim komponentiga aylantirish. Ya’ni yuqori malakali ishchi, kasb egalari, iqtisodiyotning o‘rta bo‘g‘ini mutaxassislari tayyorlanadi.
Ayni paytda kollejlar faqat 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilgan bo‘lsa, endilikda bunday standartlardan voz kechilmoqda. Misol uchun. Fuqaro o‘z kasbini o‘zgartirishni niyat qildi. Deylik, u o‘zi yashaydigan hududda yangi qurilgan to‘qimachilik fabrikasiga ishga kirish uchun kasb-hunar o‘rganmoqchi. Biroq, bunday niyatda bo‘lganlarga keskin "yo‘q" javobi berilgan. Sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmagani sababli boshqa kasbni egallamoqchi bo‘lgan fuqarolar ham xuddi shunday muammoga duch kelgan.
Endilikda esa kollejlarda nafaqat maktab bitiruvchilari, bunga qadar ham o‘rta maxsus ma’lumot olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, ishsiz qolish xavfi ostida qolgan ixtiyoriy yoshdagi fuqarolar ham tahsil olishlari mumkin bo‘ladi.
Hozirgacha kollejlar faqat kunduzgi ta’lim shakliga ega edi. Kelgusida kollejlarda kunduzgidan tashqari sirtqi, masofaviy va uyg‘unlashtirilgan ta’lim yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, o‘qish muddati 3 yil va majburiy bo‘lgan bo‘lsa, endi kasblarning murakkabligidan kelib chiqib, 6 oydan 2 yilgacha muddatda ixtiyoriy etib belgilandi. Ya’ni ehtiyoj bo‘ldimi, kelib o‘qish imkoniyati yaratildi.
Yuqori texnologik tayyorgarlik talab qiladigan 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan kasbiy ta’lim dasturlari buyurtmachi ish beruvchi korxonalar, idora va tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi. Buyurtmachisi bo‘lmagan shaxslar o‘zlarining shaxsiy jamg‘armalari hisobidan to‘lovni amalga oshirishi mumkin. 1,5 – 2 yillik mutaxassislikni egallash bo‘yicha o‘rta maxsus o‘rta bo‘g‘in ta’lim dasturlari oliy ta’limga muqobillik asosida bir qismi grant, bir qismi kontrakt hisobidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiy jihatdan barqaror vazirlik, idora va korporatsiyalar, yirik ish beruvchilar o‘z aksiyadorlari, ichki imkoniyatlari doirasida o‘quvchilar uchun qo‘shimcha stipendiya va shu kabi qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirishi mumkin.
Farmonda kam ta’minlangan oilalardan o‘quvchilar kasb-hunar (ko‘p tarmoqli) kollejlarida, ularning idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, bepul asosda o‘qitilishi belgilangan. Kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilarni, ularning egallagan kasbi bo‘yicha, hududlarda kamida uch yil ishlab berish uchun ishga yuborish tartibi o‘rnatiladi.
Firdavs BEK
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»