22:52 / 15.05.2018
5 253

«Ukasini sevib, akasiga turmushga chiqaymi?..»

«Ukasini sevib, akasiga turmushga chiqaymi?..»
— To‘y… Tantana. Orzu-havaslarga yetilgan saodatli damlar… Barcha yoshlarga baxt tilaydi. Barchaning qalbi, niyati kelinning egnidagi libos kabi oq — yomonlik tilashdan juda-juda uzoq. To‘yga ko‘ngli qora odam kelmaydi. Ammo duolar, tilaklar hisobi minglardan, millionlardan oshsa ham yoshlarning o‘zida bu baxtga intilish bo‘lmasa, unga yetisholmaydi. To‘y bir saroy qurilishining avvali, boshlanishidir. Ikki yosh birlashib, ajib saroy qurmoqchi. Bu saroyning nomi — baxt! Qurganda ham poydevorini mustahkam qilib, turmushning zilzilayu do‘llariga bardosh beradigan tarzda bino qilish shart. Demak, oila yoshlar qo‘liga tantana bilan tutqaziladigan zarqog‘ozga o‘ralgan shirinlik emas. Bu saroyning poydevori — iffat, hayo, g‘ishtlari — sabr va shukr, devori iymon, tomi — aql va iroda. Bezaklari — farosat, saxovat, mehr…

O‘shanda kuz edi. Men umrimning bahori bilan, ko‘ksimda ko‘klamday barq urgan muhabbatim bilan ovora edim. Daraxt shoxlaridan uzilgan barglar jajji varraklar kabi aylanib uchib, yo‘laklar, maydonlar uzra yastangan uyum-uyum xazonbarglar ustiga tushib, quyosh nurida oltindek tovlanadi. Hali havo iliq. Qish kech keladiganga o‘xshaydi. Sarg‘aygan barglar taqdirga tan berganday shoxdan uziladiyu, atrofni keza-keza o‘ziga atalgan joyga borib qo‘nadi.

Oxirgi darsdan kechikib chiqqan Manzura chopqillagancha bizga yetib olib:

— Sartaroshxonaga kiramizmi, yo‘qmi? — deb so‘radi hansirab.

— Bugun kech bo‘ldi, ko‘p o‘qidik, ertaga kiraqolaylik, — Laylo qoshini chimirib, ensasi qotganini yashirmay javob qildi.

— Bugun kirishim kerak, — deya Manzura yalingannamo Layloga qaradi.

— Uchrashuving borga o‘xshaydi, bizdan berkityapsanmi? Bo‘ldi, endi biz ham senga hech narsa aytmaymiz! — dedi Laylo va jahl bilan bejirim sumkasini yelkasiga osdi-da, ters o‘girilib tumshaydi.

Mening xayolimda yolg‘iz Sarvar. U uch kundan buyon o‘qishga kelmayapti. Manzura qarindoshi haqida so‘z ochishi bilan yuragim hapqirdi. Tilimga chiqarishga qo‘rqib, biroz taraddudlandim, keyin sekin so‘radim:

— Amakingning o‘g‘li ko‘rinmaydi?

— Sarvarmi?! Kasal-ku!

O‘qish boshlangandan beri dilimdagini sezdirib qo‘yishdan qo‘rqib, so‘rayolmay yurgandim. Lekin yana bir savol ko‘ndalang turib oldi: «Qanaqa kasal ekan? So‘rasammikin? Bilib qolishsa-chi? «Nega tergovchiday so‘roqlab qolding? Bir balong bormi?» deyishsa-chi? Sirim oshkor bo‘lishidan qo‘rqib, miq etmay ketaverdim. Uyga hafsalasiz kelsam:

— Ertaga vaqtliroq kela olasanmi, qizim? — deb so‘radi oyim.

Gap tagidagi nimkosani darrov sezdim.

— Oyi, ertaga darslarim ko‘p! — deya bahona qildim nailoj.

Gapga kelinoyim aralashdi:

— Uch marta kelishdi, uchalasidayam rasmingizni ko‘rsatvordik. Hadeb birovni ovora qilish yaxshimas, Nigoraxon! Kechroq kelinglar, deyolmasak, ular kelib ketaveradi, oyijonim xijolat bo‘laveradi, endi bir amallang!

Ovqatdan so‘ng «Darslarim ko‘p!» deya xonamga kirib ketdim. Lekin dars tayyorlash qayoqda?! Qani endi miyamga bir nima kirsa. Oldimga kitob-daftarimni ochib qo‘yib, xayol surgancha ancha o‘tirdim. Kelinoyim oshxonada ertangi sovchilarga pishir-kuydir qilish bilan ovora. Sovchilarning keti uzilmaydi, kelinoyim stoldagi pishiriq yeyilmasa ham almashtirishdan erinmaydi.

Kuyovlikka nomzod bilan uchrashadigan bo‘lsam, kelinoyim shunday deydi: «Husningizga ishonmang, muomala yaxshi bo‘lmasa, qolgani bir tiyin, aynib ketmasin! To‘ng-to‘ng qilmang, kulib borib, kulib keling! Sizga yoqmasa, biz yo‘q deymiz, lekin yoqishingiz shart, bir umr armonda o‘tmaysiz!». Bu gap menga yoqmaydi, birovning ko‘ngli bilan hazillashib bo‘ladimi?

Men birovga zarracha ozor berishni istamasdim. Qalb degani — oyna, unga darz yetkazib, nimaga erishish mumkin?! Kelinoyim tinmay javraydi, ko‘z oldimda esa yomg‘irda qolgan odamdek dildirab turgan Sarvar jonlanadi. Shu yigitning o‘rnida u bo‘lganida, jon deb tegardim. Nega u boshqa yigitlardek shilqimlik qilmaydi? Hecham yoqmasmikinman unga? Kursdoshlarimning yarmidan ko‘pi meni yaxshi ko‘radi, nechtasi sovchi yubordi, lekin Sarvar jim. Cababi nima? Yo boshqasi bormikin? So‘rolmasam! Qaniydi gapirsam, gapira olsam! Sezdirib qo‘ymay deb, qo‘rqqanimdan bemalol gaplasha olmayman, unga tegishli gaplarni faqat Manzuradan eshitaman. Ular nimagadir bir-biriga o‘xshaydi. Sarvar Manzuraning qarindoshi, hurmat qiladi. Umuman, kursdosh qizlarga hurmat bilan qaraydi. Sekin gapiradi. Uch yildan beri biror marta ovozi qattiq chiqqanini eshitgan emasman. Boshqa bolalarga o‘xshab so‘kinmaydi ham.

O‘shandan beri be-oromman. Javobsiz sevgini nima qilaman? Bir umr qalbimda saqlab yuramanmi? Sevgimga javob bermasa ham bir umr sodiq qolib, qalbimda pinhon asrashga, unga gard yuqtirmaslikka, hammasiga astoydil rozi edim. Ammo, ana shu ammo so‘nggi paytlar qiynab yubordi. Ketma-ket kelayotgan sovchilar, kunda «Baxting ochilsin», deb duo qiladigan buvimga, onamga dardimni aytolmayman! Nima deb ham aytaman? Kursdoshimni yaxshi ko‘raman, deymanmi? Turgan gapki «Tanlagani bo‘lsa, sovchi yuborsin!» deyishadi. Tanlaganim esa sukutdan bo‘lak narsani bilmaydi. Sarvar, Sarvarim, nega gapirmaysiz? Bir martagina gapirsangiz-chi! U gapirmaydi, chiroyli qoshlarini chimirib, uzun kipriklarini qoqib, qarab turaveradi, zo‘r kelsa, miyig‘ida kulib qo‘yadi. Yaqinimdan o‘tsa, oppoq yuzi qizarib ketadi, buni sezganman, qiziq, uni ko‘rganda men ham qizarib ketarmikinman? Dadam unga berarmikin? So‘rasa, beradi. Tag‘inam, ko‘nglimga qarab turibdi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi. Buni bilaman. Balki, unga bir amallab bildirishim kerakmikin? Keyin-chi? Bordiyu, u meni yoqtirmasa, keyin nima bo‘ladi?! Lekin bu voqealarning nima bilan tugashi noma’lum. Yutqazishimga bir foiz gumon bo‘lsa ham o‘ynamayman! Yaxshisi, umrbod ichimga yutib yashayman.

Kuzning dilgir oqshomida hovlimizga tumonat odam yig‘ildi.

— Manzura sen bilan juda qiziqib qoldi! — dedi Laylo darsdan so‘ng uyga qaytayotganimizda. — Uyingga borib kelgandan buyon sen to‘g‘ringda ko‘p gapiradi. Bir baloni boshlamoqchi, shekilli! Bilishimcha, senga sovchi oboradi-yov! Lekin akasi yo‘q-ku, qarindoshlarigami? Qaysi biriga ekan? Bugun bekorga bizdan oldin ketmadi, balki u allaqachon uyingdadir!

Yuragim tez urardi. Sarvargami?!

Qolgan gaplar qulog‘imga kirmadi. O‘z o‘yim bilan bo‘lib, hatto dugonam bilan qachon qayerda xayrlashganimni, uyga ne alfozda yetib kelganimni ham bilmay qoldim. Darvozamizdan nariroqda turgan mashinaga ko‘zim tushib, badanimga titroq yugurdi. Nazarimda, eshikdan kirishim bilan devorlaru tomgacha taraqlab ustimga qulaydiganday, avaylab qadam bosdim. Hovliga kirishim bilan aylanma zinapoyadan tushib kelayotgan ayollarni ko‘rib, joyimda to‘xtadim.

Kelinoyim qo‘ltig‘imga kirdi:

— Menga aytmagan ekansiz!

— Nimani aytmagan ekanman?! — dedim taajjublanib.

— Manzuraning qarindoshlari ekan-ku ular!

— A?!

Yer bilan osmonning farqiga bormay qoldim: uchyapmanmi, yuryapmanmi?

Baxtli qiz ekanman! Rostdanam Manzura balo qiz. Lekin u Sarvarni yaxshi ko‘rishimni bilmagan, Sarvar-chi? U ham uyalganidan sovchi yuboryapman, deb aytmagan. Endi-chi, endi nima bo‘ladi? Dadam xo‘p dermikin? Ishqilib, ko‘nsinlar-da!

Ko‘zlarim quvonchga, qalbim iliq hislarga, yuragim baxtga limmo-lim edi! Ota-onamga roziman, deb aytdim. Haftaning oxiriga uchrashuv belgilashdi.

Ertasiga darsga borib, Manzurani kuta boshladim. U kechikdi. Aksiga olib, Sarvar ham yo‘q. Nega o‘zi churq etmayapti, deya o‘ylay boshladim. Manzura kelib, savollarga o‘rin qoldirmadi.

— Senga oshiq bo‘lib kelishdi. O‘zing ham rosa ko‘zga yaqinsan-da, hammaga yoqasan. Qara, hammasi yaxshi o‘tdi, oldindan aytganimda nima bo‘larkin, deb o‘ylab yurarding, to‘g‘rimi? Rustam akamga ham o‘zingga bildirmay turib ko‘rsatdim, bilsang uyalib, xijolat bo‘larding. Ularga ham juda yoqibsan!

— Kim deding?

— Rustam akam! Sarvarning akasi — Rustam, endi ko‘rsang kerak. Qalay, yaxshi ish qilibmanmi?

Tomog‘imga bir narsa tiqildi, nafas yetishmagan kishidek esankirab, boshim aylandi. «Nima deyapti?! Rustam? Qanaqa Rustam?»

U Sarvar emas, Rustam ekan…

Hech narsa qo‘limdan kelmadi. Ota-onamga aytolmadim. Yozda to‘y qilishmoqchi. Baxtim adashdi, men esa shoshdim…
NIGORA
Buxoro viloyati

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ukasini sevib, akasiga turmushga chiqaymi?..»