23:12 / 27.05.2018
4 001

Haqiqatni sog‘ingan millat. Yoxud diniy idoramiz qachon Prezidentga yordam bera boshlaydi?

Haqiqatni sog‘ingan millat. Yoxud diniy idoramiz qachon Prezidentga yordam bera boshlaydi?
Tarixga nazar

O‘z vaqtida rivojdan to‘xtab qolgan, ilmni jaholat hisoblab, olimni afsungar deb alangaga tashlash darajasiga tushib qolgan, qiz bolalarni tiriklay ko‘mishni mantiqi ko‘targan bani odam sivilizatsiyasi buyuk o‘zgarishni – hushiga kelishni boshidan kechirdi. Va bu o‘zgarish Islom dinining, Qur’oni karimning “aqlingizni ishlatmaysizmi!” manifesti – chaqirig‘i bilan boshlangan mantiqni tuzatish jarayonining natijasi bo‘ldi.

Ko‘plab xalqlarning es-hushi joyiga kelib, jonsiz butlar va shaxslarga sajda qilish holatidan chiqib oldilar va Inson deb atalmish har bir zot ma’nan ozod, aqlan yetuk shaxsiyat bo‘lmoq uchun yaratilganligini tushunib yetdilar. Aynan shu paytda insoniyat har bir shaxs o‘zining sobit huquqlari bilan birga dunyoga kelishi haqida bilimga ega bo‘ldi va “inson huquqlari” tushunchasi dunyo yuzini ko‘rdi.

Bu kashfiyot dunyoga o‘zining xushbo‘y mevalarini berdi va insoniyat tarixining yangi sahifasini ochdi – dunyo endi boshqa dunyo edi.

***
Har bir shaxsning huquqlarini bilib, ularga rioya etadigan, haqlarni hamma narsadan ustun biladigan, ma’nan ozod shaxsiyatlardan tarkib topgan va ishlarini birgalikda – o‘zaro maslahat ila yuritadigan, yangi formatdagi jamiyat – musulmonlar jamiyati paydo bo‘ldi.

O‘z a’zolarining irqi, nasabi, boyligiga qarab farqlamaydigan, adolatiga qarab baho beradigan, oddiy keksa ayol ham davlat boshlig‘ini bemalol tuzatishi mumkin bo‘lgan mazkur – misli ko‘rilmagan jamiyat oldida boshqa har qanday jamiyat ma’nan ojiz ekanligi tezda ma’lum bo‘ldi. Insoniyat esa “ustinlik nimada?” – degan azaliy savoliga unsiz, ammo jarangdor javob – ishora oldi.

Kamchiliklarini yashirmasdan, balki gazak olib ketmasdan o‘z vaqtida ularni bartaraf etishga kelishib olgan jamiyat kun sayin yuksalib borishi, bugungi kuni kechagi kunidan albatta yaxshiroq bo‘lishi, o‘zgaruvchan voqelikning har qanday chaqirig‘iga o‘z vaqtida javob bera olishi va har qanday chigalini o‘z vaqtida yecha bilishi amalda ko‘rildi. Ko‘pchilik bo‘lib, yagona organizm singari harakat qiladigan, mas’uliyatni hamma birdek his etadigan jamiyat doimiy yuksalishda bo‘lishi isbotlandi.

Va bu tamoyillarga amal qilish to‘xtamaguncha yuksalish davom etdi.

Mansab, nasab, obro‘y, soxta andesha kabi narsalar o‘zaro bir-birni tuzatishga, kamchiliklarni oshkor etishga to‘sqin bo‘la boshlagan paytda esa yuksalish to‘xtadi. Zero jamiyat salomatligini, jamiyat ichida hushyorlikni mudom ta’minlab turuvchi tizim ishdan chiqdi va oqibatda mayda-yu katta kamchiliklar to‘planib borib, ijtimoiy illatlar miqyosiga – darajasiga yetdi va qisqa davrda – shamol tezligida tanazzul bo‘y cho‘zdi. Bunday jamiyat esa yetakchilikka, tabiiyki, da’vo qilolmay qoldi.

Bir-birni tuzatish kelishuvi buning aksiga – tuzatmaslikka kelishuviga aylandi va hammaning ko‘z o‘ngida barcha turdagi salohiyatlar qo‘ldan ketdi – ustinliklar boy berildi.

“Birodaringning aybini ochma!” – degan nabaviy ko‘rsatma o‘zining asl ma’nosi – isloh ma’nosini yo‘qotib, islohga teskari ma’noda – laganbardorlik, maddohlik, tilyog‘lamalik yo‘lida ishlatila boshladi va tez orada har jabhani nuqsonu kamchiliklar ishg‘ol etdi. Soxta andisha evrilib, nomini o‘zgartirdi va yuksak islomiy tamoyillar sarhadini buzib kirdi va u yerdagi barcha narsani vayron etdi – haqiqatni himoya qilishdek yuksak ma’naviy tamoyil tanasiga shiddatli zarba berildi va bu zarbadan u asrlarga hushini yo‘qotdi.

Haqni emas, “kattalar”ning gapini, u qanday gap bo‘lmasin, tasdiqlash milliy o‘ziga xoslikka aylandi, bu esa hususan shaxs va ommatan jamiyat ongining rivojiga to‘siq bo‘ldi, voqelikning chaqirig‘i-yu tahdidlariga munosib javob berish imkoniyatidan ayirdi.

“Keyin nima bo‘ldi?”

Bundan keyin sodir bo‘lganlarga aynan shu omilning olamshumul natijasi prizmasidan qaramoq lozim. O‘zaro bir-birni tuzatmaslik kelishuvi muhitida ummat quvvatini yo‘qotdi, “jamiyat” tushunchasi o‘zining asl ma’nosini – voqelik jamiyat oldiga qo‘yadigan masalalarga ko‘pchilik bo‘lib yechim topish, hamma birdek mas’uliyatni sezish ma’nosini, funksiyasini yo‘qotdi. Oqibatda jamiyat ichida mas’uliyatsizlik qaror topdi, kamchiliklarga ko‘r-ko‘rona ko‘z yumish surunkali dard tusini oldi. Ishlar yakka shaxslarga topshirildi, ishlarni taftish etish tizimi izdan chiqdi, shaxslarni madh etish oddiy holga aylandi.

Ommaviy mas’uliyatsizlik muhiti ommaviy hafsalasizlikni, uyushqoqsizlikni, ommaviy g‘aflatni keltirib chiqardi va borib-borib bular omma ruhiyatini ishg‘ol etdi – milliy xususiyatlarga aylandi.

Bunday muhitda har qanday ichki salohiyat – potensial va iste’dodlar “yerga ko‘mildi”.

***
Jamiyatda tabaqalar yuzaga keldi, tenglik tamoyili barham topdi, Islom dini negizida yotgan plyuralistik, demokratik tamoyillar amaldan qoldi va, oxir-oqibat, mudhish ish sodir bo‘ldi – Islom dini keltirgan, ta’lim bergan va qaror toptirgan inson huquqlari kulliyasi tajovuzga uchradi. Har bir shaxsning ma’naviy hurriyatini ta’minlovchi, yetuk shaxslarni tarbiyalovchi tizim shaxsiy manfaatlar yo‘lida qurbon keltirildi. Yaratganning o‘zi har bir kishiga ato etgan hurriyatni insonlar insonlardan tortib oldi.

Bir-birdan ustun bo‘lish, issiq-moyli joylarda mustaqim bo‘lish, soxta martabani ushlab turish ilinjida ilohiy ta’limot buzib talqin qilindi, uning ijtimoiy asos ustunlari – demokratik tamoyillari berkitildi.

Yakkahokimlikni ma’nan “qonuniylashtirish” uchun siyosiy faollik o‘ta xunuk, sal kam ma’siyat deb sifatlandi, ommaning siyosiy faolligi so‘ndirildi va alal-oqibat o‘ldirildi. Avtoritar tuzumlarning barpo bo‘lishi uchun xizmat qilgan va shu ila tanazzulni ta’minlab bergan bunday “hikmatli” ko‘rsatmalar oqil kishilarni chalg‘itdi, passivlikka undadi, “zuhd” tushunchasini asl ma’nosidan – mavridi kelganda siyosat ham ayni zuhd ekanligi ma’nosidan ayirdi, “yomonlikni ko‘rsang uni qaytar!” degan tamoyilni kuchdan qoldirdi, jamiyat esa Islom dinining hayotbahsh tuhfasi bo‘lmish ijtimoiy tuzatuvchisidan – demokratik regulyatoridan ajraldi (bu regulyator keyinchalik o‘zgalar tomonidan o‘zlashtirildi va xalqlarni o‘zgarishlarga yetakladi).

Oqil kishilarning ishtirokisiz qolgan siyosat sohasi chirkin maqsadli toifa qo‘liga o‘tdi – millat taqdiri oqillarning emas, ommaviy mas’uliyat muhitining emas, balki nafs ahlining qo‘lida qoldi. Va bu, tabiiyki, tezda o‘zining mevasini berdi – adolat mezoni buzildi va u – adolat – yetishib bo‘lmaydigan, harchand uzalsa ham yetishib bo‘lmaydigan narsaga aylandi. Xiyonat, yolg‘on, tamagirlik va boshqa illatlar hukm surgan muhit, ommaviy mas’uliyatsizlik muhiti jamiyatni tuban holga keltirdi – ma’nan ozod va aqlan yetuklar jamiyati ma’nan tutqun, yetti bukiluvchilar jamiyatiga evrildi.

***
Haqni aytishga ma’nan mas’ul bo‘lganlar hokimu amirlarning chirkin manfaati yo‘lida haqqa ozor berdilar va bu odatiy holga aylandi.

Jamiyat yuz tutgan chuqur inqiroz har qanday yuksaklik aynan ma’nan hur yetuk shaxslar tomonidan ta’minlanishini isbot etdi – soxta andisha muhitida o‘nib-o‘sgan yetti bukiluvchilar salohiyat tugul, hech bir sarhad himoyasiga yaramadilar.

“Ishboshilaringizga bo‘ysuning!” nabaviy ko‘rsatmasi ham asl ma’nosini – ongli ravishda, har qanday vaziyatda ummat sihatini ko‘zlab oqil ishboshilarga bo‘yso‘nish ma’nosini yo‘qotib, ongsizlarcha har qanday johilga bo‘yso‘nish ma’nosini oldi va bu bir armiya taslimchi – qanday vaziyatda qanday harakat qilishni bilmaydigan autsayderlar avlodini yuzaga keltirdi.

Voqelik dini bo‘lmish Islom dini, har bir vaziyatda voqelik tafsilotlarini hisobga olishni va shu ila mudom sergak turishni, yangi – kreativ g‘oyalar ila har bir yangi kunni qarshilashni o‘rgatadigan Islom ta’limoti tuban maqsadlarda konservatsiya qilindi – har qanday yangi voqelik savollariga javobi ichida bo‘lgan “sandiq”ning eshigi yopildi va ustiga katta qulf osildi. Sergaklik o‘rnini g‘aflat, uyqu egalladi.

Va bu ish nabaviy ko‘rsatmalarni asl ma’no-maqsadidan – holatni mudom illatlardan salomat saqlash ma’nosidan boshqa ma’noga burib yuborish vositasida sodir etildi.

Chirkin halovat ilinjida sodir etilgan bu ish natijasida jamiyat illatlarga ko‘mildi va kecha buyuk ishlarga qodir bo‘lganlarning avlodi bugun har yerda turtilgan holga keldi.

***
Yuz tutib turganimiz – “yetib kelgan” holatimizning sabablari birmuncha ravshanlashgandek, shunday emasmi? Tahliliy urinishimizning keyingi qismi “Endi...” nomlanadi.

(davomi bor)
Muhammad ShAKUR

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Haqiqatni sog‘ingan millat. Yoxud diniy idoramiz qachon Prezidentga yordam bera boshlaydi?