22:50 / 15.10.2018
5 475

Oʻsmirlar nega oʻz joniga qasd qiladi?

Oʻsmirlar nega oʻz joniga qasd qiladi?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotiga koʻra, dunyoda har 40 daqiqada bir marta suiqasd sodir etiladi, 1 yilda qurbonlar soni million nafardan oshadi.

Eʼtiborli tomoni, suiqasd holatlari aholi yashash darajasi past mamlakatlarda koʻproq kuzatiladi. Joriy yilda JSST oʻz joniga qasd qilish darajasi eng yuqori 10ta davlat roʻyxatini tuzib chiqdi. Aniqlandiki, qoʻshni Qozogʻiston ushbu roʻyxatning 4-pogʻonasida joylashgan, Markaziy Osiyo boʻyicha roʻyxatda esa Oʻzbekiston Qozogʻistondan keyingi ikkinchi oʻrinda bormoqda.

Oʻz joniga qasd qilganlarning asosiy qismi 14-19 yoshdagi oʻspirinlar hissasiga toʻgʻri keladi. Koʻplab davlatlardan farqli oʻlaroq, Qozogʻistonda yosh avlodning oʻz joniga qasd qilish holati har yili avvalgi davr bilan taqqoslaganda 23 foizga oshib bormoqda. Maktabdagi bezorilik, qoʻrqitish va qiynoqqa solish bu holatlarning asosiy sabablari boʻlmoqda. Ajablanarli tomoni, oʻz joniga qasd qilayotganlarning 70 foizi sogʻlom boʻlib, ularning aksariyati qishloqlarda yashagan.

Xoʻsh, Qozogʻistonda oʻsmirlar orasida suiqasd nega keskin surʼatlarda oʻsib bormoqda?

Oila va oʻqishdagi muammolardan tashqari, OTMlarga kirish imtihonlari ham odam bolasini tushkunlikka solib qoʻyadi. Taʼlim tizimi muammolari bilan shugʻullanuvchi “Ұlagʻattы janұya” jamoat fondi prezidenti Marianna Gurinaning fikricha, imtihonda inson psixikasiga mos kelmaydigan qiyin savollar berilishi oʻsmirlar suiqasdiga eng koʻp sabab boʻlayotgan omillardan biri hisoblanadi.

Oʻzbekistonda esa 1990-2016 yillar davomida oʻsmirlar oʻlimi ikki baravar (400 nafar) oshdi. 2018 yilning 4 oyida 153 nafar oʻsmir oʻz joniga qasd qilgan. Qoʻrqinchli va xavotirli statistika. Tabiiyki, savol paydo boʻladi: katta hayot ostonasida turgan oʻspirinning bunday ogʻir gunohga qoʻl urishiga nima sabab boʻlmoqda? Uni qanday muammolar qiynamoqda?

Asosiy sabablar qatoriga nosogʻlom oilaviy muhit, ajrimlar, yolgʻizlik, tushkunlik, moddiy yetishmovchilik, terrorizm va boshqa oʻnlab sabablarni keltirish mumkin. Oqibatlari ham anchagina. Masala esa vaqt oʻtgan sayin har qanday kurash choralariga qarshi oʻzida immunitet hosil qilmoqda.

Toshkent shahridagi “Wise school” xususiy maktabi oʻqituvchisi Nigora Saydaliyeva shunday deydi:

“Oʻz joniga qasd qilish holatlarining koʻpayishiga olib kelayotgan asosiy sabablardan biri ota-ona va farzand oʻrtasida katta jarlik mavjudligi, uning tobora kengayib ketishidir. Tezkor va shiddatli zamonda kattalar bola tarbiyasini taʼlim muassasalariga yuklab qoʻyishmoqda. Vaholanki, oʻsmirlar asosiy vaqtini uyda, oilada oʻtkazadi, unga doʻst kerak. Afsuski, biz - kattalar dilbandimizga kerakli mehrni berolmayapmiz. Yana bir oʻrinda aytish lozimki, taʼlim muassasasida yuzlab oʻquvchilar tahsil olishadi. Ularning har biriga oʻziga xos yondashuv zarur. Bitta mutaxassis har bir bolaga eʼtiborli boʻlolmaydi. Shu bois maktablarda bitta emas, balki koʻproq ruhshunoslar jamoasini shakllantirish lozim. Ruhiy koʻmakka muhtoj oʻsmirga aniq tashxis qoʻyib, uni normal hayotga qaytarish jiddiy yondashuvni talab qiladi”.

Oʻzbekiston maktab taʼlimi oʻtgan yillar davomida bitta asosiy gʻoya bilan shakllandi: tarbiya va taʼlim ajralmas boʻlak. Lekin, hech kim asosiy savolni bermadi, berolmadi ham. Kim taʼlim bersin, kim tarbiya? Bizningcha, tarbiya masalasida aniq va yagona javobgarlik oilada shakllanmay, uning maktab yo mahallaga koʻchib oʻtishi, keyinchalik salbiy oqibatlarga olib keldi. Masalan, maktab oʻqituvchisi endi faqat taʼlim berishni oʻylamaydi, uning dars berishga ortiqcha vaqti ham qolmayapti.

«Ota-onalar jigarbandidan farqli ravishda ruhiyati mustahkam shakllangan boʻladi. Oʻsmir bola depressiyasining profilaktikasi nizoli vaziyatlarda qochishdan iborat emas, u hali bunga tayyor emas. Buning imkoni yoʻq. Shunday psixologik iqlim yaratish kerakki, oʻsmir oʻzini yolgʻiz, tan olinmagan va nomukammal his etmasin. Shunday davrda ota-onalar va psixologlardan sezgirlik talab qilinadi. Depressiyaning belgilarini erta aniqlash juda muhimdir. Ota-onalar oʻz farzandini eshitmaydi, samimiy suhbatdosh boʻlolmaydi. Oilaviy ajrimlar, ota-onalardan birining xorijga ishlash uchun ketishi, natijada bolalarning qarovsiz qolishi kabilar ham muammoning ildiz otishiga sabab boʻlyapti.

OAVda oʻsmirlarning oʻz joniga qasd qilgan holatlari yoritilgan xabarlarni umuman bermaslik lozim, degan fikrdamiz. Agressiv xabarlar toʻgʻrisidagi axborot ong ostiga joylanadi. Qachondir bu oʻzini namoyon qilmasligiga esa kafolat yoʻq. Bu borada bir tavsiyam bor: mudhish vaziyatning oldini olish uchun biblioterapiyani qoʻllashni tavsiya qilardim. Oʻquvchilar oʻqigan kitob va maqolalaridan olgan maʼlumotlariga tayanib qayta tiklanishning shaxsiy resurslariga ega boʻlishlari mumkin. Sogʻlom axborot maydonini yaratish oʻsmirga oʻzining qiyinchilik va kechinmalari yagona emasligini anglashga yordam beradi», deydi amaliyotchi psixolog Viloyat Davletova.

Aybni faqat oiladagi muhitga bogʻlash bir tomonlama yondashuvni keltirib chiqaradi. Avvalo, suiqasd jarayoniga yetaklab boruvchi omillar haqida gapirganda aniq 3ta omilni ajratib koʻrsatish mumkin: turli ijtimoiy qatlamlardan chiqqan bolaning tengdoshlari oldida oʻksib qolishi, oilaviy nizo va bosimlar, qoʻpol munosabat hamda bepisand boʻlish, nihoyat, nomukammallikni his etib, shu kabi tuygʻularni yengib oʻtolmaslik, muammolar oldida ojiz qolish. Bundan tashqari, quyidagi omillar ham suitsidlar sonini oshirmoqda.

Birinchidan, taʼlim muassasalarida dinshunoslik asoslari talab darajasida oʻqitilmaydi. Bu fanni chuqur oʻrgatadigan mutaxassislar bor. Ammo amaliyotda ulardan, koʻp hollarda, foydalanilmaydi. Fikrimizni asoslashga harakat qilamiz: taʼlim muassasalarida “Din tarixi” fani tarix yoki maʼnaviyat fani oʻqituvchilari tomonidan oʻqitiladi. Toʻgʻri, ularning mutaxassisliklari dinshunoslikka yaqindir. (Albatta, maktab resurslarining cheklanganidan xabarimiz bor) Din va hayot falsafasi haqida haqiqiy bilim beradigan dinshunoslarni taʼlim tizimiga jalb etish kerak. Ongi shakllanayotgan oʻspirin din haqida fundamental bilimga ega boʻlishi ortidan unda eʼtiqod, iroda xislatlari paydo boʻladi. Qalbda boʻshliq boʻlsa, uni nosogʻlom gʻoyalar egallashga harakat qiladi.

Ikkinchidan, mamlakat miqyosida aholining suiqasd holatini monitoring qiluvchi va oldini olish bilan shugʻullanuvchi yagona tizim mavjud emas (Mavjud boʻlsa-da, ishoning, juda yomon ahvolda ishlayapti). Ushbu masalalarni tadqiq qiluvchi markaz tashkil qilinsa, malakali psixologlar jamoasi shakllantirilsa, oʻlim holati keskin kamayishiga erishish mumkin.

Uchinchidan, afsuski, oʻquv maskanlarida hayotni sevish, atrofdagilarni qadrlash, kuchli irodani tarbiyalash, ruhiyatni nopok niyatlardan saqlash sirlari borasidagi motivatsion mashgʻulotlarga ahamiyat berilmaydi. Vatan tuygʻusi, maʼnaviyat va maʼrifat fanlari borku, dersiz. Ayni vaqtda yoshlar ongida maʼnaviyat haqida chuqur bilim mavjud emasligini tan olishimiz kerak. Aslida maʼnaviyat haqida koʻp gapirib, uning qadrsizlanib ketishiga ham biz sababchimiz.Oʻquv yurtlarida maʼnaviyat soatlariga eng past darajada eʼtibor qaratilganidan xabardormiz, buni har bir talaba yo kulib, yo xomush aytib beradi. Shu paytgacha va hozir ham bunga panja ortidan qaralmoqda. Yevropada voyaga yetgan katta kishilar ham tirband navbatlarda hurmat bilan atrofdagilarga xush kayfiyat ato etsa, bunday mehribonchilikni Oʻzbekistonda bogʻcha yoshidagi boladan boshqasidan topmaysiz.

Masalani tashqaridan emas, ichkaridan turib asl mohiyatiga kirilmasa, oʻz joniga qasd qilish koʻrsatkichlari koʻpayib boraveradi. Oʻsmir bunday holat bilan toʻqnashsa, bunda atrofdagilarni ayblash har doim toʻgʻri yechim emas. Eng avvalo, uni ruhiyatini yemirayotgan xayollardan qutqarishimiz kerak. Nosogʻlom gʻoya nima ekanligini anglashga turtki boʻlsakkina, u oʻzini ichkaridan turib taftish qila oladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻsmirlar nega oʻz joniga qasd qiladi?