
Kunlarning birida Xurshid (ism-familiyalar o‘zgartirildi) shaxsini tasdiqlovchi fuqarolik pasportini tasodifan yo‘qotib qo‘ydi. Shu sababli yangi fuqarolik pasporti olish uchun zarur hujjatlarni to‘play boshladi. Ayni shu kezlarda u ko‘chada bir qiz bilan tanishib qoldi. Haligi qiz suhbat asnosida qizil rangdagi, sirtiga gerb tushirilgan, ichiga surati yopishtirilib, "Alijonova Ruhshona. Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tuman bo‘limi ijrochisi" deb yozilgan guvohnomani ko‘rsatdi.
— Pasport bo‘limida tanishlarim bor, — dedi Ruhshona. — Sen sarson bo‘lib yurma. Ma’lumotnomalar bilan 200 ming so‘m bersang, bo‘ldi. Qarabsanki, hademay fuqarolik pasporti qo‘lingda bo‘ladi.
Shundan so‘ng Xurshid yashash joyidan olgan ma’lumotnoma, rasmi va boshqa hujjatlarini 200 ming so‘m pul bilan Ruhshonaga topshirdi. Ammo Ruhshona kutilmaganda, qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi. Xurshid uni izlab topolmadi. Oradan ikki oy o‘tgach, Xurshid tasodifan ko‘chada R. Alijonovaga duch kelib qoldi.
Shunda Ruhshona unga fuqarolik pasporti olish uchun bergan hujjatlari bilan birga 140 ming so‘m pulni qaytarib berdi. Qolgan 60 ming so‘mni keyinroq berishini aytdi.
Jamshid 2015 yilda Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialini tamomlagandi. Oradan ikki yil o‘tib, uning ko‘nglida yangi tashkil etilgan Majburiy ijro byurosida ishlash fikri paydo bo‘ldi. Shu maqsadda u Majburiy ijro byurosining Samarqand viloyat boshqarmasiga hujjatlarini topshirib, javobini kuta boshladi.
Ayni shu kezlarda akasi Tojiqul unga qo‘ng‘iroq qilib, tezda uyiga yetib kelishini tayinlaydi. Ularning uyiga Majburiy ijro byurosida ishlaydigan bir qiz kelganmish. Tanishib olsa, ehtimol, yordami tegib qolar.
Ruhshona Jamshid kelguniga qadar Tojiquldan bor gapni so‘rab olgan ekan.
Uchrashishgan zahotiyoq u maqsadga o‘tdi. "Meni tanishlarim ko‘p. Ular sizga ham yordamlashadi, ishga joylashib olganingizdan so‘ng oylik maoshingizdan xizmat haqini qaytararsiz...".
O‘shanda Jamshid bilan Ruhshona bir-birlariga qo‘l telefoni raqamlarini berishgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, shu yilning yanvar oyi boshlarida Jamshid Shermatovni Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasiga suhbatga chaqirishdi. Suhbatdan ijobiy natija bilan o‘tgan Jamshid eshikka chiqqan zahotiyoq Ruhshonaga qo‘ng‘iroq qildi.
— Suhbatdan o‘tgan bo‘lsangiz, tanishlarimga aytaman, — dedi Ruhshona jiddiy ohangda. — Buyruqni tezroq chiqarib berishadi.
Shundan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay Ruhshona Jamshidga qo‘ng‘iroq qildi-da, "Viloyatdagi boshlig‘imiz qo‘ng‘iroq qilib, sizni mendan ish o‘rganib turishingizni tayinladi. Ertaga uchrashamiz. O‘zingiz bilan bitta daftar olib keling. Siz fuqarolarning ism-familiyalari va kamchiliklarini yozib borasiz", — dedi.
Jamshid ertasi kuni ertalab soat sakkizlarda tuman MIB binosiga borsa, ichkarida yig‘ilish bo‘layotgan ekan. Yig‘ilish tugasa, Ruhshona chiqib qoladi, degan fikrda kutib turdi. Shu payt Ruhshonaning o‘zi unga qo‘ng‘iroq qilib, qayerda ekanini so‘radi. Jamshid MIB idorasi oldida uni kutib turganini aytdi. Ruhshona esa, mahallaga chiqib ketgani, hozir "Yulduz" kinoteatri oldida ekanini aytarkan, "tezroq shu yerga yetib keling", dedi.
Ayni shu paytda Jizzax shahridan Bahriddin Nosirov ham Bulung‘ur tomonga shoshib kelayotgandi.
Asli Samarqandning Oqdaryo tumanida yashagan Bahriddin Jizzax davlat politexnika institutining uchinchi bosqich talabasi edi. Bahriddin Ruhshona bilan yo‘lda tanishib qolgandi. Shunda R. Alijonova gapdan-gap chiqib, qayerda va qanday vazifada ishlashi haqida gapirgandi. O‘shanda Bahriddin ham Majburiy ijro byurosida ishlash niyatida yurgandi.
"Institutni tugatgach, MIBga ishga kirsam, qanday bo‘ladi?" — deya Bahriddin R. Alijonovadan so‘ragandi. Bunga javoban R.Alijonova ishga kirishga yordam berishini aytib, uning qiziqishini battar oshirgandi. Shu kuni Ruhshona uni ham ish o‘rganishga Bulung‘urga chaqirgan edi.
Xullas, shu yilning 6 fevral kuni R. Alijonova kinoteatr binosi oldiga Xurshid Azimovga 60 ming so‘m qarzini qaytarish, Jamshid Shermatov bilan Bahriddin Nosirovni ish o‘rganishi uchun chaqirgan edi.
Qisqasi, o‘sha kuni ular tumanning Jomanjar qishlog‘iga yetib kelishgach, I. Tolibjonovning hovlisiga kirishdi. Xonadon egasi darvoza eshigini ochishi bilan Ruhshona yonidan guvohnomasini olib o‘zini tanishtirdi. "Alijonova Ruhshona, MIB xodimasiman, uyingizning elektr energiyasi, soliq to‘lovlari, kadastr hujjatlarini tekshiramiz, ularni olib chiqing", dedi rasmiy ohangda.
Ibrohim aka uydan tezda hujjatlarni olib chiqdi. Ruhshona hujjatlarni ko‘zdan kechirib, elektr energiyasi iste’moli, mol-mulk solig‘i to‘lovlaridan kamchilik yo‘qligini aytdi.
— Lekin, — dedi u uyning kadastr hujjatlariga ishora qilib, — bular eskirgan. Agar kadastr hujjatlari yangilanmasa, mendan boshqa xodim kelib tekshirsa, katta miqdorda jarima to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Jarimaning daragini eshitgan I. Tolibjonov ikkilanib qoldi. Ertaga Majburiy ijro byurosiga borib, kamchiliklarni to‘g‘rilab kelishini aytdi.
— Sizning aytganingiz bo‘lmaydi, — dedi R. Alijonova jahl bilan. — Yilning boshida to‘lasangiz, ish sudga o‘tmaydi, aks holda, katta miqdorda jarimaga tortilasiz.
Ibrohim aka Ruhshonani murosaga kelsin, degandek biroz sukut saqladi. Shunda tekshiruvchi qiz kadastr hujjatlaridagi kamchiliklarni to‘g‘rilab, yangisiga almashtirib berishga 200 ming so‘m, ishni sudga oshirmaslik uchun 74 ming 880 so‘m pul berishni talab qildi.
Xullas, I. Tolibjonov 275 ming so‘mni uning qo‘liga tutqazdi. Qiz pulni sanab oldi va sumkasiga solarkan, Jamshidga I. Tolibjonovning ism-familiyasi bilan to‘lov puli miqdorini daftarga qayd etib qo‘yishni aytdi.
Uy egasi tekshiruvchi qizdan to‘lov uchun patta berishni so‘radi. "Ertaga idoramga borsangiz, kvitansiyalarni olasiz", javob qildi Ruhshona.
Tekshiruvchilar qo‘shni hovliga kirib borishganda, xonadon bekasi Nazifa Xalilova Jamshidni ko‘rib, o‘zini tanishtirgan qizning Majburiy ijro byurosidanmiz deganiga ajablanmadi. Chunki u qarindoshi J. Shermatovni Majburiy ijro byurosiga ishga o‘tmoqchi ekanligini eshitgandi. Bundan tashqari N. Xalilova Ruhshonadan yonidagi uch nafar yigit o‘zidan ish o‘rganayotganligini eshitgach, Majburiy ijro byurosi ijrochisi R. Alijonovadan hech bir shubha qilmasdan so‘ragan hujjatlarini olib chiqdi.
R. Alijonova hujjatlar bilan tanisharkan, N. Xalilovaga ham soliq to‘lovlari va elektr energiyadan qarzi yo‘qligini, faqat uyning kadastr hujjatlari eskirgani bois 74 ming 800 so‘m miqdorida jarima to‘lashi lozimligini aytdi. N. Xalilova esa, bunga javoban uyda hozir o‘zidan boshqa hech kim yo‘qligini, ertaga to‘lovni hal qilishini aytdi-yu, baloga qoladi.
— Bizdan ham to‘lovni talab qilishyapti, — dedi R. Alijonova. — Davlat boji to‘lamasangiz, katta jarima solib, ishni sudga o‘tkazaman.
Uy bekasi po‘pisadan dovdirab qoldi. Katta miqdorda jarima to‘lashga to‘g‘ri kelsa, oilaning moddiy ahvoli og‘irlashishidan cho‘chidi. Shundan so‘ng tezda uydan 75 ming so‘m olib chiqib, Ruhshonaga berdi.
Majburiy ijro byurosi xodimlarining vazifasi mohiyatidan xabardor bo‘lgan gazetxon, tabiiyki, Ruhshona Alijonovaning gaplaridan ajablanadi. Chunki Majburiy ijro byurosiga tabiiy gaz, elektr energiya va suv iste’moli bo‘yicha kommunal to‘lovlarini undirish vakolati berilgan. Ikkinchidan, davlat boji to‘lovini undirish Majburiy ijro byurosi xodimlari vakolatiga kirmaydi.
Demak, o‘zini Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tuman bo‘limi ijrochisi deb tanishtirib, yangi-yangi to‘lovlarni o‘ylab topayotgan, do‘q-po‘pisa bilan ish bitirayotgan Ruhshona Alijonova aslida uchiga chiqqan firibgar.
Xo‘sh, R. Alijonova aslida kim?
Bu savolga javoban shuni aytish kerakki, Ruhshona Alijonova deganlari aslida Muattar Ochilova. U Bulung‘ur tumanining "Gulzor" mahallasida yashaydi. 1994 yilda tug‘ilgan M. Ochilova oilali, ikki yoshli farzandi bor. O‘rta maxsus ma’lumotli M. Ochilova Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limiga turmush o‘rtog‘i o‘z vaqtida aliment to‘lamagani uchun ko‘p marotaba borgan.
Shunday kunlarning birida Muattar ko‘chada keta turib, yo‘ldan qizil rangli, sirtiga metalldan yasalgan davlat gerbi yopishtirilgan guvohnoma topib oladi. Guvohnomaning ichki qismida hech narsa yozilmagandi. Oson yo‘l bilan pul topishni o‘ylagan M. Ochilova "Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tuman bo‘limi ijrochisi Alijonova Ruhshona" deb guvohnomaga yozadi hamda o‘zining suratini yopishtirib qo‘yadi.
Endi yuqoridagi voqea tafsilotlariga qaytadigan bo‘lsak, firibgar M. Ochilova o‘sha 6 fevral kuni guvohlar — Jamshid Shermatov, Xurshid Azimov, Bahriddin Nosirovlar bilan beshta xonadonga kirgan va har bir holatda fuqarolarning pullarini aldov, do‘q-po‘pisa bilan qo‘lga kiritgan. Kun peshinga oqqanidan so‘ng ortlariga qaytishgan.
Ya’ni Jamshid Shermatov uyiga, Bahriddin Nosirov Jizzaxga qaytib ketadi. Muattar X. Azimovga yangi fuqarolik pasporti olib berishni va’da qilganidan qolgan 60 ming so‘mini qaytarib beradi. O‘zi esa, tuman prokuraturasi binosi oldida avtomashinadan tushib qoladi.
M. Ochilova o‘zining jinoiy harakatlarini 13 fevral kuni yana davom ettiradi. U J. Shermatovni yoniga olib, tumanning "Sahovat" mahallasiga boradi. Bir necha xonadonlarga kirib, ba’zilaridan quruq chiqadi. Lekin ikki holatda fuqarolar X. Bobojonov va Q. Vafoqulovlardan katta miqdorda jarima to‘lamaslik, o‘n kun ichida ishni sudga oshirmaslik uchun 75 ming so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuboradi.
Firibi ish berayotganidan ruhlangan M. Ochilova 17 fevral kuni tumanning "Oqtosh" va "Sohibkor" mahallalarida yashovchi fuqarolardan to‘rt holatda yuqorida o‘zingiz guvohi bo‘lgan bahonalarni qo‘llab, o‘zgalar mablag‘ini qo‘lga kiritadi.
Sudda ushbu jinoyat ishini ko‘rish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, M. Ochilova yolg‘iz o‘zi xonadonlarga kirib borsa, unga nisbatan odamlarda ishonchsizlik tug‘ilishini o‘ylagan. Shu bois u 6 fevral kuni o‘zi bilan uch nafar yigitni birga olib yurgan. Keyingi kunlarda esa, qo‘lida daftar bilan birga uylarga kirgan J. Shermatovning borligi odamlarda Muattarning aldovlariga nisbatan ishonchsizlik tug‘dirmagan.
Albatta, qing‘irlik hech qachon jazosiz qolmaydi.
Firibgar M. Ochilova o‘zining jinoiy harakatlari oqibatida jabrlanuvchilarga jami 1 million 225 ming so‘m zarar yetkazgan.
Dastlabki tergov chog‘ida yetkazilgan zarar o‘rni sudlanuvchi tomonidan to‘liq qoplandi.
Sud sudlanuvchi M. Ochilova hujjatlarni soxtalashtirish, ya’ni soxtalashtiruvchining o‘zi foydalanishi maqsadida muayyan majburiyatdan ozod etadigan rasmiy hujjatlar tayyorlash yoki rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirishida va hujjatlarning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanishda hamda takroran aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilishda ifodalangan jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "b" bandi, 228-moddasi 1-qismi va 228-moddasi 3-qismi bilan to‘g‘ri malakalangan deb hisobladi. Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda uning aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yoshini, shaxsini, voyaga yetmagan farzandi borligini, oilaviy sharoitini, yetkazilgan zarar qoplanganligini, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini inobatga oldi.
Sud hay’ati Oliy sud Plenumining 2009 yil 24 iyuldagi "Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida"gi hamda 2006 yil 3 fevraldagi "Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida"gi qarorlari rahbariy tushuntirishlarga tayanib, sudlanuvchi M. Ochilovaga nisbatan ayblangan har bir modda bo‘yicha alohida-alohida jarima jazosi tayinladi. Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil eng kam oylik ish haqining 60 baravari, ya’ni 10 million 334 ming 400 so‘m jarima jazosi belgiladi.
Xulosa qilib aytganda, firibgarlik yo‘liga kirgan bir ayolning makri uzoqqa bormadi. U biron-bir ijtimoiy foydali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmasdan, tekin boylik ilinjida firibgarlik ko‘chasiga kirgandi. Afsuski, "ovi" yurishmadi, ortidan g‘avg‘o chiqdi. Qalbaki guvohnoma esa, afsus-nadomat chekishga sabab bo‘ldi.
Farhod XUDOYBERDIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Bulung‘ur tuman sudining raisi
jinoyat ishlari bo‘yicha
Bulung‘ur tuman sudining raisi
Manba: Uznews.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar