
Bunga 5-6 yil bo‘lib qoldi, mahallamizdan tanish bir bola yarim kechada qo‘ng‘iroq qilib qoldi. O‘rtamizda qo‘yidagi suhbat bo‘lib o‘tdi.
– Aka yaxshimisiz?
– Rahmat, o‘zing yaxshimisan?
– Aka, bir savolim bor edi.
– Yarim kechada bezovta qilganingga qaraganda zarur shekilli, beraver savolingni.
– Aka, "tupoy" degani nima degani?
Uni savolini eshitib kulib yubordim.
– Nega kulyapsiz?
– Bu so‘zni nima ma’no anglatishini nega so‘rayapsan, tinchlikmi?
– Qo‘yavering, aytaqoling ma’nosini.
– Qiz bola yozib yubordimi? – o‘sha paytda u ijtimoiy tarmoqlarda rosa aktiv edi.
– Qayerdan bildingiz?
– Buni ma’nosi "siz zo‘r yigitsiz?" degani, buni faqat qiz bola yigitga yozishi mumkin, – yana kuldim.
– Qo‘ysangizchi, aka. Hazillashmay to‘g‘risini ayting, – u yalina boshladi.
– Tupoy, bu so‘z ahmoqsan degani, e tupoy, – u men gapimni tugatib uni gapini eshitmayoq qo‘ng‘iroqni uzdim.
Hozir o‘sha bolani ko‘cha-ko‘yda ko‘rib qolsam "ha "tupoy", yaxshimisan?" deb so‘rashaman.
U esa xijolat bo‘lib burnini tortadi. Ammo hanuzgacha rus tilini "r" harfini ham o‘rganmadi.
Men qishloq yoshlarining ilmga, o‘qishga qiziqmasliklarini ko‘rib hayron qolaman. Hech bo‘lmasa bironta chet tilini, mayli u rus tili bo‘lsin, ingliz tili bo‘lsin, turk tili bo‘lsin o‘rganib qo‘yaverishsa bo‘lmasmikin?
Internetda Rossiyaga ishlagani borib rus tilini umuman bilmay noqulay ahvolga tushgan hamyurtlarimizning kulgili ahvollari aks etgan videolar, audiolar rosa ko‘p. Menga yomon ta’sir qiladigani, aka Rossiyaga ishga borib, rus tilini bilmasligi oqibatida noqulay ahvolga tushganini qaytib kelib aytib beradi. O‘sha voqeani boshqalar qatori maktab yoki kollej o‘quvchisi bo‘lgan uka(lar) ham eshitadi. Akasini til bilmay qilgan no‘noq ishidan boshqalarga qo‘shilib kuladi. Ammo akasining o‘sha ishidan uka xulosa chiqarmaydi. O‘sha uka ham maktabni yoki kollejni bitirgandanoq akasiga qo‘shilib Rossiyaga ishlash uchun boradi. Ammo, baribir boshqa fanlarni o‘qimasa ham hech bo‘lmaganda rus tilini o‘rganib qo‘ymaydi.
Hozirgi kunda, til bilmaslikni oqibatida Rossiyada xor bo‘lib yurgan hamyurtlarimizni taqdirlari yosh avlod uchun saboq bo‘lishi kerak. Ular o‘z ustida qattiqroq ishlashi, til o‘rganishga jiddiy kirishishi va maktabni yoki kollejni bitirguncha eng kamida bitta chet tilini erkin gaplasha olish darajasida bilishi kerak. Ammo, ming afsuski holat bunday bo‘lmayapti.
Hatto, o‘zim eshitganman, ba’zi bolalarni "o‘qib nima bo‘lar edim, baribir kollejni bitirib akam bilan Rossiyaga ishlagani ketaman" deb aytganlarini. Ana shundaylarga qarata "Baraka topkur, bilganingni qilaver, ammo til bilgan hech qayerda xor bo‘lmaydi. Shuni esingdan chiqarma. Shuningdek, o‘qisang dunyoqarashing biroz kengayadi va bu ham o‘zingga foyda bo‘ladi", degim keladi.
Aslida yoshlarimizni nafaqat til o‘rganishlarini, balki o‘zlari qiziqqan sohada maktab yoki kollejlarda darsda o‘tiladigan mavzulardan tashqari yana qo‘shimcha o‘qib o‘rganishlarini, kelajakda vatanimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishlarini xohlayman. Lekin, biron bir sohaga qiziqmayotgan yoshlar hech bo‘lmaganda rus tilinimi yoki ingliz tilinimi puxta o‘rgansinlar. Kelajakda o‘zlariga asqotadi. Nima dedingiz?
To‘g‘ri, yoshlarimiz orasida maktab yoki kollejni bitirgunicha bir nechta tillarni puxta o‘rganib oladiganlari ham bor, ammo ular foiz hisobida judayam kam.
P.S. Aytguncha, yaqinda bir hamyurtimizning Rossiyada ish beruvchi rusga "Uroven" so‘zini tushuntira olmay "urivin, urivin" deb rosa kulguga qolganining audio yozuvi tarqaldi. Buni eshitib men o‘sha mahalladoshimga "ha urivin, yaxshimisan?" deb so‘rashadigan bo‘ldim. Ammo u "urivin"ni so‘kinish deb tushunyapti.
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar