16:53 / 07.02.2019
10 989

O‘zbekistondagi Payg‘ambar oroli haqida bilasizmi?

O‘zbekistondagi Payg‘ambar oroli haqida bilasizmi?
Surxondaryo viloyati Termiz shahri yaqinida, Amudaryoning ikkiga bo‘lingan o‘rta qismida 4 ming gektar maydonni egallagan «Payg‘ambar oroli» nomi bilan mashhur orol mavjud, deb yozadi O‘zA.

XVII asrda yashagan balxlik mashhur qomusiy olim Mahmud ibn Valiy «Sirlar dengizi» asarida payg‘ambar Zul-Kifl alayhissalom dafn etilgan Termiz yaqinidagi orol (Payg‘ambar oroli) Hakim Termiziy bilan Hizr alayhissalomning uchrashuv joyi bo‘lganini qayd etadi.

«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»da esa, orolda islom ulug‘laridan biri dafn etilgan va uning qabri ustida Zul-Kifl (alayhissalom) masjidi bo‘lgan.

Shu sababli musulmonlar bu orolni muborak joy hisoblab, «Payg‘ambar oroli» deb atashgani haqida ma’lumotlar yozilgan.
Zul-Kifl (ahdu paymon egasi, kafolat egasi) miloddan avvalgi VI—VII asrlarda yashab o‘tgan tarixiy shaxs hisoblanadi.

Rivoyat qilishlaricha, Zul-Kiflga o‘z xalqini muhtojlikdan asrash hamda ularga odil hakam bo‘lish kafolati berilib, ushbu vazifani 75 yillik umri davomida to‘liq bajargan.

Rivoyat qilinishicha, Amudaryo ikkiga bo‘linib, o‘rtada orol paydo qilib oqadi. Orolda qadimda tabarruk hisoblangan uzun qabr va ko‘hna maqbara mavjud. Bu qabr keyinchalik shu orolda paydo bo‘lganmi yoki qabr qadimdan mavjudmi, ko‘hna Jayhun keyinchalik qabrni aylanib ikkiga bo‘linib oqqanmi, bu tadqiqtalab masala. Chunki Amudaryo asrlar davomida bir necha bor o‘z o‘zanini o‘zgartirib oqqani tarixdan ma’lum.

Orolning hududi to‘rt ming gektar bo‘lib, uzunligi 8, eni 5—6 kilometr. Katta olamdan ajralgan o‘ziga xos tabiat mo‘’jizasi qamishzor, to‘qayzor va qumlardan iborat. Unda turfa hayvonlar erkin, yovvoyi holda yashaydi.

Payg‘ambar oroli qo‘riqxonasi 1971 yilda to‘qay tabiiy jarayonini va Buxoro bug‘usini muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan.

Ko‘hitang davlat buyurtma qo‘riqxonasi 1986 yilda Payg‘ambar oroli qo‘riqxonasi bilan birlashtirilib, Surxon davlat qo‘riqxonasiga aylantirilgan. Qo‘riqxona hududida Zarautsoy rasmlari saqlangan dara ham bor.

Oroldagi «Zul-Kifl» maqbarasi turli davrlarda bunyod etilgan gumbazli katta masjid va janubdan tutashgan sag‘anali xilxona hamda g‘arb tomondan biriktirilgan ikki xonadan iborat. Masjid murabba tarhli, oldi peshtoqli, bezagi g‘isht chorgul va archa tarzida terilgan, mehrobiga ganch girih naqsh ishlangan.

Maqbara 2018 yil boshida rekonstruksiya qilinib, obod holga keltirilgan.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistondagi Payg‘ambar oroli haqida bilasizmi?