17:50 / 03.05.2019
4 386

Ruscha fikrlab, ruscha yotib-turishimiz qoldi faqat

Ruscha fikrlab, ruscha yotib-turishimiz qoldi faqat
Foto: «Vsluh.ru»
Ko‘chada ketayotgan yigit fol ochib o‘tirgan lo‘liga duch kelibdi. Uning oldiga borib, o‘ziga fol ochib qo‘yishini, taqdirini aytib berishini so‘rabdi. Folbin yigitning kaftiga obdan tikilib shunday debdi:

— Bacham, 40 yoshgacha ro‘shnolik ko‘rmaysan, juda qiynalasan. Biring ikki bo‘lmaydi. Qirq yoshdan keyin...
— Xo‘sh-xo‘sh, qirq yoshdan keyin nima bo‘ladi? – debdi yigit sabri chidamay. — Boyib ketamanmi, baxtim ochiladimi?
— Yo‘q, bacham. Qirq yoshdan keyin shunday yashashga ko‘nikib ketasan, degan ekan.


Bu latifani aytishdan muddaom nima?
Biz ham o‘sha yigitdek ko‘nikib ketganmiz.

O‘zbek bo‘la turib, O‘zbekistonda yashab boshqa tilda olib boriladigan tadbirlarga ko‘nikib ketganmiz. Davlat tilida yozilmagan birorta peshlavhasi bo‘lmagan ko‘chalarda yurishga ko‘nikib ketganmiz. Eng zarur qonun loyihalarining davlat tilida emas, balki rus tilida berilishiga ko‘nikib ketganmiz. Boshqa millat vakillarining tilini ko‘klarga ko‘tarishga, ularni hurmatlab shu tilda gapirishga ko‘nikib ketganmiz. Yirik tashkilotlardan tortib qaysidir tadbirkorlar yaratgan saytlarda ham o‘zbek tilidagi varianti ishlamasligi yoki umuman davlat tilidagi ilovasi yo‘qligiga ko‘nikib ketganmiz. O‘zi o‘zbek bo‘la turib bir og‘iz o‘zbekchani bilmaydigan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artischalarni ko‘raverib ko‘nikib ketganmiz. Qaysidir idoraga borsak, birorta davlat tilida yozilgan e’lon yoki qarorlarni ko‘rmaslikka ham ko‘nikkanmiz. Izlab topilmagandan keyin ko‘nikamizda. Ha, nima bo‘pti?! Osmon uzilib yerga tushibdimi shunga, ona tilimizga jin ham urmaydi...

Bir guruh faollarning O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zgartish kiritib, rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqqanini eshitib, rosti hayron bo‘ldim. Shundoq ham hammayoq rus tili-ku! Davlat tili faqat qog‘ozda «ishlayotan» bo‘lsa, sizlar yana nimani xohlaysizlar? Ruscha fikrlashimiz, ruscha yotib-turishimiznimi?!

Aslida ayb o‘zimizda. Katta-kichik majlis-u yig‘inlarda davlat tilini «ko‘chada» qoldiramiz. Yana bir holat, siz bir tashkilotga ish bilan bordingiz. Zarur xonaga kirganingizda u yerda uch nafar o‘zbek bo‘lmagan boshqa millat vakillari o‘tirgan bo‘lsa, siz ularga qanday murojaat qilasiz? Turgan gapki «Zdravstvuyte» deysiz. Rus tilini unchalik yaxshi bilmasangizda u tilda gapirib, kelishdan maqsadingizni, muddaongizni tushuntirishga urinasiz. Ko‘cha-ko‘yda ham shu ahvol. Ko‘chada biror manzilni topolmay qolgan vaqtingizda birinchi uchragan yo‘lovchi o‘zbek bo‘lmasa unga ham bilsak-bilmasak ham ruscha murojaat qilishga odatlanganmiz. Qizig‘i, bunday holatda boshqa millat vakillari butunlay ayricha yo‘l tutishadi. Uchta o‘zbek o‘tirgan xonaga kirib kelganda rus millatiga mansub kishi «Assalomu alaykum» deb emas, o‘z ona tilida «Zdravstvuyte» deb murojaat qiladi. Tashrifidan maqsadini ham o‘z ona tilida davom ettiradi.

Ko‘nikish kasaliga haddan ortiq mubtalo bo‘lganmiz.

Yaqinda jamoaviy yig‘ilishda bir taklifimni aytdim. Davlat tilining maqomini ko‘tarish, unga xalaqit berayotgan omillar haqida maqola tayyorlamoqchi ekanligimni bildirdim. Bir necha misollarni keltirdim. Shu mahal boshqa millat vakili bo‘lgan hamkasbim boshlig‘imizdan ruxsat so‘rab, stullarni u yoqdan-bu yoqqa surgancha, eshikni qattiq yopib, jahl bilan tashqariga chiqib ketdi. Majlis tugagach, tashqariga chiqib, o‘sha jahl qilgan hamkasbimiz ishdan bo‘shash haqida ariza yozganini eshitdim. Bunga sabab qilib men uning onasini haqorat qilganimni, millatchilik qilganimni bayon etibdi. Ana sizga o‘z tili uchun tortishish, o‘z tilining obro‘sizlanishidan hayiqish. Unga «tosh otganlar», ya’ni menga o‘xshaganlarga isyon qilish. Vaholanki, men faqat shundoq ham o‘z mavqeini yo‘qotayotgan davlat tilining obro‘sini ozgina oshirishni maqsad qilgandim, xolos.

Yaqinda avtobusda ketayotib maktabdan nevarasini olib qaytayotgan rus onaxonning gaplarini eshitib qoldim. Nevara rus maktabida o‘zbek tilidan dars o‘tadigan o‘qituvchisining baho qo‘ymayotganini, darsni yaxshi o‘zlashtirmagani uchun dakki eshitayotganini aytib qoldi. Buvi esa shu payti nevarasiga darsni yaxshi o‘zlashtirishini aytish o‘rniga shunday bir maslahat berdiki, uning gaplarini eshitib, rosti ich-ichimdan bir nima otilib kela boshladi. U «O‘sha ustozingga aytmadingmi, menga o‘zbek tili nimaga kerak, boshimga uramanmi, deb. Hayotda o‘zbek tili menga nima beradi demadingmi», dedi. O‘zimni bazo‘r bosdim. Har qalay ko‘nikish kasaliga chalinmagan ekanman...

Talabalik davrimda bir idoraga maqola tayyorlash uchun borganimda rusiyzabon eshikbon mening rus tilida haminqadar gapirishimni eshitib, «institutga kirib, shu yerda o‘qib rus tilini o‘rganmaslik uyat» degandi o‘z tilida menga jahl bilan.

Ba’zan, yo‘q, har doim meni bir savol qiynaydi. Hoy, Vatandosh! O‘zbekistonda yashab, shu yurtning tuz-nonini yeb, davlat tilini bilmaslik, shu tilda bir og‘iz ham gapirolmaslik sizga uyat bo‘lmaydiyu menga uyat bo‘ladimi?

Hoy, o‘zbek bo‘laturib ona tilini bilmaydigan, o‘zga tilni yotib olib himoya qilayotgan faollar! Kimligingizni, qayoqqa qarab ketayotganingizni bir o‘ylab ko‘ring.
Fozil Nishon

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ruscha fikrlab, ruscha yotib-turishimiz qoldi faqat