
“Uyat bo‘lmaydimi?” degancha qolayotganlar qancha?
Jurnalistlar ta’biricha, oddiy, siyqasi chiqqan mavzularni “chaynash” biroz noo‘ng‘ay. Ammo shunga aloqador jihatlar ko‘nglingizning bir chetini “tebratsa”, beixtiyor qo‘lingizga qalam olasiz. Bugun “ommaviy madaniyat” to‘g‘risida ko‘p gapirilmoqda; matbuot sahifalarida ketma-ket maqolalar chop etilayapti, televideniyeda ko‘rsatuvlar namoyish qilindi. Uning ongu shuurimizga salbiy ta’sirining bisyorligi va “go‘zallik” niqobiga o‘rangani xususida rang-barang mulohazalar bildirildi. Bundan, yoshlar xabardormi? Ming taassufki, jamiyatimizda uning turli ko‘rinishlari ildiz otgan: bodiart, pirsing, tatuaj... va hokazo. Yaqinda buning yangichasini uchratdim, uni aytishdan oldin biroz ortga chekinamiz.
...Amakimning o‘g‘li shaharda o‘qiydi. Ja, oliftanamo yigit! Shuning uchun yangam unga “modachi,” deb laqab qo‘yib olgan. Uning gapida jon bor: bozorda qanaqa moda chiqsa, eng birinchi xaridor bizning uka. Ba’zan uchratib qolsam, dastavval, o‘qishi haqida emas, kiyim-kechak firmalari va ular chiqarayotgan mahsulotlar xususida so‘rayman.
Tunov kuni amakim o‘g‘lini koyiyotgani ustidan chiqib qoldim. Ko‘chadan o‘tib borarkanman, akam ham imlab darrov chaqirdi.
— Qara, buning kiygan shimini! — dedi u menga Murodni ko‘rsatib. — Ishtonini ho‘llab qo‘yganga o‘xshaydi-ya!
— Nimasi yomon!? — derdi Murod aylanarkan.
Uning shimi na shalvorga va na trikoga o‘xshardi: beldan songacha keng, oyoq qismi tor! Nima deb nomlashga ham aqlingiz lol, allambalo, bir buyum. Kulgudan o‘zimni zo‘rg‘a tiydim.
— Bir narsa desang-chi, bunga! — dedi amakim kuyunib. — Sen ham shaharda yuribsan, axir!
Yarim hazil, yarim chin gapirdim.
— Abdug‘ani aka qizini bermay qo‘ymasin! Tez yo‘qot, buni!
Amakimning foydasiga vaziyatni og‘dirdim.
— O‘ziyam, “jenskiy”mi deyman!
Mening gapim eru xotinga xush yoqib, buni ma’qullashdi. Birgalikda bu kiyim o‘g‘il bolaga umuman yarashmasligini yaxshilab tushuntirdik. Murod buning ayollar kiyimi ekaniga ishondi, chog‘i. Yangam esa sotuvchini koyigancha ichkariga kirib ketdi.
Ertasiga voqeaning davomini yangamdan eshitdim.
— Loy-poyga kiyarsan desak, qaychilab tashladi. Buyumga emas, matoga jonim achidi! Shunaqa matoh ishlab chiqargan firmaga ham hayronman!
Unga buning ajablanarli joyi yo‘qligini ta’kidlab, haligi voqea yodimga tushdi-yu, yangamga so‘zlab berdim.
Uyat bo‘ladi.
Do‘stim ikkimiz bozordan chiqqach yo‘l mashinalar bilan tirbandligi bois tunneldan yurdik. Yer osti yo‘li gavjum, yo‘laklarda harakat to‘xtamasdi. Meva-cheva sotuvchilarining “Kep qoling, op qoling!” degan da’vati quloqqa chalinardi. To‘g‘riga yurib borarkanmiz, yonimizda to‘rva orqalagan boboy nari-beri o‘n yoshdagi nabirasi bilan oldinda bir yigitni sinchkovlik bilan kuzatib ketayotgan ekan.
Yigit borgan sari yuk og‘irligidan har tarafga chayqalar, yo‘lovchilarga urilib ketib tanbeh eshitardi. Shu payt bobo to‘satdan baqirib yubordi.
— Ishtoningni ko‘tar, ota! Tushib ketsa, uyat bo‘ladi.
Yigit biroz atrofga alanglagach, xitob o‘ziga qaratilganini sezdimi, darrov bir qo‘li bilan shimini ushladi. Yon-atrofda kulgu ko‘tarildi. Uning yuzi bir onda lavlagidek qizardi. Aslida, uning shimi pastga tushib ketmayotgan, faqat tashqaridan qaragan kishiga shunday tuyulardi. U shimini ko‘targancha avtobusga chiqib ko‘zdan yo‘qoldi-yu, bobo nabirasiga mug‘ombirona ko‘z qisib qo‘ydi. Hamrohim bilan shu holatni tahlil qilgan bo‘ldik.
Hey, modangga o‘t tushsin!
Olimjon Jumaboyev
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar