
Hoʻoʻ, muxbir bolam, toʻxta qani... Kecha bitta maqola yozibsan, Abdi piyonista haqida. “Abdi piyonista kim?” deysanmi? Ha, yozgansan-ku kechagi sonda. Usta naqqosh Abdumoʻmin Ismatov haqida “Irodali inson” deb. Bay-bay, sarlavhani qarang-a! Gonarar beradi, deb,kim toʻgʻri kelsa yozaverasizlarmi? Kim boʻpti u, piyanista?! Gʻirt ahmoq odam-ku. Bolaligida ham yerga ursa koʻkka sapchiydigan, oʻtaketgan tentak edi.
“Halol, mehnatkash emish...” Nimasi halol? Faqat oʻz foydasini koʻzlaydi. Mehnat qilsa kissasini qappaytirish uchun qilgan. Topganini uyga tashiydi. Davlatga bir tiyinlik foydasi tekkani yoʻq. “Idora rahbarlaridan soʻrab yozganman” deysanmi? E, boshligʻiyam oʻziningqarindoshi-da! Qargʻa qargʻani koʻzini choʻqiydimi? U ham boʻlmagʻur odam. Hamma xesh-birodarlarini atrofiga yiqqan, xotinini kassir qilib olgan. Mansabini suiisteʼmol qilib, davrini surib yuribdi-da.
Abdini “Otasidan hunar oʻrgangan” deb yozibsan. Otasiyam gʻirt bemaza kishi edi. Davlatning pulini yeb-yeb, xizmatidan qochib, urushga bormagan. Xullas, yetti pushti beʼmani odamlar...
“Ogʻir kasallikni yenggan ekanlar. Koʻngillari koʻtarilsin, degandim” deganing nimasi? Qoʻy, bu gaplarni-ye! Kasal emish-a! Toʻp ham tekkani yoʻq. Kasalligi yolgʻon. Mehnat yoqmasdan oʻzini kasallikka solib yotuvdi. Davlatdan pensiya olish uchun shunaqa qilgan-da. Falaj boʻldim, deb, bahona qilib, pensiya olib yotgan paytlarida xotini tugʻdi-ku! Eri ishga yaramasa qayerdan tugʻadi?!
E, man sanga uning qay bir qiligʻini aytay, yoshligida ham oʻlguday alkash edi. Topsa araq, topmasa vinoni zahar-margiga urib, maishat qilib yurardi. Yallachilarga ilakishganini-ku aytmay qoʻya qolay. Shunday maishiy buzuq odamni yozibsan-a. Esiz, hayf gazeta.
Oʻzi-ku ahmoqligi mayli-ya, bolalari ham ahmoq-ey... Otasidan oʻtib qayerga borardi?! Olmaning tagiga olma tushadi-da. Koʻchada koʻrsa salomni bilmaydi. Mani koʻrsa teskari qarab ketadi, oʻzini koʻrmaganga solib. “Hoy inson, man sanga nima yomonlik qilganman, qarzi xudo-salomingni bermaysan”, deb bir urishay deyman-u yana shaytonga hay beraman-da...
Qizi-chi, qizi? Oʻzini osmondagi oy, deb oʻylaydi. Oʻgʻlimga tegmadi. Suqsurday oʻgʻlimni “Otasiday maydagap, yuragi qora”debmish. Voy, tiling kesilgur-ey... Sendaqa kattagapga tupurdim.
Mani, yuragi qora, degan-a! Oʻzing ayt, muxbir bolam, man shunaqaga oʻxshaymanmi?! Manday koʻngli toza odamni yetti iqlimni axtarib ham topolmaysan. Yozadigan boʻlsang, ana mani yoz! Esimni taniganimdan buyon ishlayman. Beshikdan chiqqanimdan beri mehnat qilaman. Davlatning foydasini oʻylayman. Lekin hech kim qadrimga yetmaydi.
Bu gaplarni yana koʻnglingga ogʻir olma, bolam. Endi kimni yozadigan boʻlsang, mandan soʻra. Man hammaning tarixini bilaman.
Man pokdil odamlarni yaxshi koʻraman, chunki oʻzim koʻngli toza odamman.
Mahbuba XOLOVA
Manba: Darakchi.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar