
Senator Odiljon Iminov Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida iqtisodiyot va sanoat vaziridan hududlarda isteʼmol savatchasi va yashash darajasining minimumi qancha miqdorda belgilanganiga oydinlik kiritishni soʻradi.
Vazir Botir Xoʻjayevning aytishicha, isteʼmol savatchasi hajmini aniqlash va uning asosida yashash darajasining minimumini belgilash yuzasidan tegishli metodologiya ishlab chiqilgan. Hozir ushbu metodologiya test rejimida bir qator viloyatlarda, xususan, Fargʻona, Toshkentda test rejimida amalga oshirilmoqda. Test rejimi pensionerlar, bolalar, ishlayotgan fuqarolar kesimida olib borilmoqda.
“Metodologiya jihatidan gapiradigan boʻlsak, bu yerda 4ta narsaga eʼtibor berganmiz. Birinchisi, isteʼmol savatchasining tarkibini shakllantirish. Bu taxminan 50ta oziq-ovqat mahsulotidan iborat. Ikkinchisi, hududlar kesimida isteʼmol savatchasining tarkibini, hajmini aniqlash. Koʻpchilikka sir emaski, hududlar kesimida oziq-ovqat isteʼmol qilish darajasi har xil. Metodologiyaga kiritilgan uchinchi masala - aholining tabaqasiga qarab turib oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli ham inobatga olingan.
Mana, misol uchun, JSSTning tavsiyalari boʻyicha va mamlakatimizda ishlab chiqilgan, kuniga ishlatiladigan oziq-ovqat meʼyorlari nazarda tutilgan. Biz faqat xalqaro meʼyorlardan kelib chiqmayapmiz, aholimizning asrlar davomida shakllangan anʼanalari, isteʼmol talablari ham inobatga olinyapti”, deydi Botir Xoʻjayev.
Botir Xoʻjayev hozircha bu raqamlar Fargʻona va Toshkent viloyatiga tegishli ekani, buni aholining har bir tabaqasi oʻzi uchun qabul qilmasligi kerakligini taʼkidladi.
Vazir, shuningdek, eksperiment natijalari nima uchun eʼlon qilinmayotganiga toʻxtalib oʻtdi.
“Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining kelishuvi boʻyicha 2019-yildan boshlab amalga oshirilyapti. Yaʼni, biz 2018-yilda topshiriq boʻlgandan keyin metodologiyani ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritganmiz va 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab bu jarayon ketyapti. Natijalar har chorak yakuni boʻyicha aniqlanyapti. Bitta narsani taʼkidlab oʻtish kerakki, bu xalqaro tajribada barcha mamlakatlarda qoʻllanilayotgan metodika emas. Bu asosan MDHga aʼzo ayrim davlatlar, misol uchun, Qozogʻiston, Rossiya va bir qator mamlakatlarda qoʻllanayotgan tajriba hisoblanadi. Rossiya tajribasini oladigan boʻlsak, yashash minimumini aniqlash va eng kam oylik miqdorini belgilashga 10 yil ketgan.
Bizda ham ikkita koʻrsatkichni muvozanatga keltirishga bir necha yil ketadi. Umuman, isteʼmol savatchasi va yashash darajasi minimumi bir-biri bilan bogʻlangan. Hozir baʼzi bir internet sahifalarida isteʼmol savatchasi va yashash minimumini belgilash boʻyicha alohida qonun qabul qilinishi toʻgʻrisida taklif kiritilyapti. Ayni paytda bunday qonun qabul qilinishi kerakmi yoki yoʻqmi, buning ustida izlanyapmiz. Avval isteʼmol savatchasi aniqlanadi va uning asosida yashash minimumi belgilanadi. Test rejimidan maqsad - sinalayotgan metodologiyani epaqaga keltirish”, deydi Botir Xoʻjayev.
Iqtisodiyot va sanoat vazirining soʻzlariga koʻra, isteʼmol savatchasi va yashash minimumini belgilashda inflyatsiya koʻrsatkichlari ham hisobga olinishi, shu sababli vazirlik hozircha bir toʻxtamga kelishdan tiyilayotgani, test natijalari yakunlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot berilishi koʻzda tutilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar