06:00 / 18.02.2020
2 616

Binar himoya tizimi: u qanday tartibda amalga oshiriladi?

Binar himoya tizimi: u qanday tartibda amalga oshiriladi?
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalari berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida brifing tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2019 yil 24 may kuni O‘zbekiston milliy universitetida ta’lim va ilm-fan sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida binar himoya tizimi asosidagi dissertatsiya himoyasi amaliyotini joriy qilish vazifasi belgilab berilgan va 2019 yil 11 iyulda “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori e’lon qilingan edi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan 2020 yil 10 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2020 yilning 1 martidan e’tiboran O‘zbekiston milliy universiteti bazasida binar himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasini tashkil etish va ilmiy darajalarni talabgorlarga mustaqil berish amaliyoti tajriba tariqasida uch yil muddatga joriy etiladi.

Binar himoya tizimi asosida dissertatsiya tayyorlash, uni himoya qilish va talabgorlarni tegishli ravishda fan doktori (DSc), falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlash oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda binar himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasini tashkil qilish muayyan fan tarmog‘i bo‘yicha bitta dissertatsiya ikki nafar, jumladan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega talabgor va ilmiy darajaga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan tayyorlanadi. Dissertatsiya himoya qilingan taqdirda falsafa doktori ilmiy darajasiga ega shaxs fan doktori (DSc), ilmiy darajaga ega bo‘lmagan tadqiqotchi esa falsafa doktori ilmiy darajasi (PhD)ni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yana bir jihati shuki, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun talabgor o‘z ilmiy faoliyatini mustaqil izlanuvchilik instituti asosida olib boradi.
Ilmiy kengash ilmiy darajalarni berish (bermaslik) to‘g‘risida yagona qaror qabul qiladi va bu qaror har ikki talabgorga nisbatan teng qo‘llanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, binar himoya tizimi innovatsion xususiyatga ega tadqiqotlarni rivojlantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, ilmiy natijalarni amaliyotga tezkor joriy etishning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy darajalarni berish vakolatini bosqichma-bosqich ravishda ilmiy kengashlarga o‘tkazishning fundamental asosini yaratish, iqtidorli yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish, qolaversa, jamiyatda ilmiy faoliyat nufuzini yanada ko‘tarishga xizmat qiladi.

Shahzod G‘AFFOROV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Binar himoya tizimi: u qanday tartibda amalga oshiriladi?