19:22 / 19.03.2020
4 051

Karantin davrida tartibga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilangan

Karantin davrida tartibga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilangan
Ayni damlarda, butun dunyoga tarqalib ulgurgan, shuningdek O‘zbekistonga ham kirib kelgan koronavirus (COVID-19) haqidagi yangi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali eshitib turibmiz.

Respublikamizda faoliyat yuritayotgan rasmiy ommaviy axborot vositalari orqali bu haqida aniq ma’lumotlar taqdim etilib, koronavirusni yuqtirmaslik choralarini qo‘llash borasida bir qancha tavsiyalar berib kelinmoqda.

Respublika bo‘ylab barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va oliy ta’lim muassasalari koronavirus infeksiyasiga qarshi profilaktika maqsadlarida joriy yilning 16 martidan boshlab karantinga yopilib, profilaktika ishlari olib borilmoqda, joylarda ba’zi karantin va cheklov tadbirlari o‘tkazilmoqda, shuningdek, fuqarolarga vahima chiqarishga hojat yo‘qligi, barcha holatlar nazoratda ekanligi, hududlarda karantinga oid profilaktika ishlari olib borilayotgani, karantin va cheklov tadbirlariga rioya etish haqida har daqiqada xabar berilmoqda.

Yurtimizga kirib kelgan, koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga barchamiz birdik mas’ul ekanligimizni yodda tutishimiz kerak.
Milliy qonunchiligimizda, sanitariya qonun hujjatlarini hamda epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarning ma’muriy hamda jinoiy javobgarligi belgilangan.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 53-moddasida, sanitariya qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Ya’ni, sanitariya qonun hujjatlarini, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzganlik uchun, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasida, epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Ya’ni, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzganlik uchun, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2571-moddasida, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Jumladan, Jinoyat kodeksi 2571-moddasining:

- 1-qismida, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish;
- 2-qismida, o‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish;
- 3-qismida, o‘sha qilmish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish belgilab qo‘yilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining raisi
A.Ibodov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karantin davrida tartibga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilangan