date
views 3 345

Endiyam shifokorni urasizmi?

Endiyam shifokorni urasizmi?
Ongimizda insoniyat o‘ta qudratli va yengilmas, u barcha balolarni bir zumda bartaraf eta oladi, degan tasavvur ancha shakllanib qolgan edi. Ammo dunyoda yuz berayotgan so‘nggi hodisalar buning tamomila aksi ekanligini ko‘rsatib turibdi. Koronavirus gurillab ishlab turgan dunyodagi tiriklik motorini bir martaga o‘chirib qo‘yishi mumkin ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi va uning qisqa-yuluq xurujlarini aynan bugun boshimizdan o‘tkazib, ko‘ksimizni changallab o‘tiribmiz.

Atrofga razm soling: biz dunyoni boshqaramiz, bizda rivojlanmagan sohaning o‘zi yo‘q, deb olamga ayuhannos solgan, o‘zidan boshqalarni oyoq uchida ko‘rsatib kelgan davlatlarning holi ne kechmoqda? Ularning tibbiyoti, iqtisodi va bardoshi, insoniyligi (virus tarqagan degan xavf ila mahbuslar bilan liq to‘la turmalarga o‘t qo‘yganlarni eslang) qay ahvolda ekanligi ayon bo‘lib qolmadimi? Mayli, nima bo‘lganda ham bugun birovning ustidan kuladigan yoki ularning xatosini yuziga soladigan payt emas. Bugun hamma o‘zini o‘zi tahlil qiladigan, bosib o‘tgan yo‘liga bir qur nazar tashlaydigan va shu xulosalari bilan ertangi kuni uchun reja tuzadigan palla. Shu narsani to‘g‘ri anglash kerakki, bu insoniyat uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘idan boshqa narsa emas.

Ikki xil libosli posbonlar
Dunyodagi bugungi vaziyat insoniyatni chindan ham esankiratib qo‘ydi. Mana shu paytda odamlarimiz joniga birinchi galda shifokorlar va harbiy xizmatchilar oro kiryapti, desak, gapimizni aslo mubolag‘aga yo‘ymagaysiz. Karantinga olingan alohida ob’ektlar xavfsizligini ta’minlash, tashkil etilgan blok postlar nazorati, kasallikka chalingan va sog‘lom fuqarolarimiz salomatligiga javobgarlik hissi – bularning bari mana shu ikki xil libosli ikki kasb egalarini bugun har qachongidan-da hushyor bo‘lishga undab turibdi.

Shu narsani tan olishimiz kerakki, sizu biz Vatan himoyasi yo‘lida jonini tikkan, uning tinchligi, fuqarolar xavfsizligi uchun tunu kun bedor bo‘lgan harbiylarni asosan yilda bir marta – Vatan himoyachilari kuni arafasida yodga olamiz. Ammo ular har lahzada eslanishga arziydi. Yaqinda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning artistlar eng vatanparvar kasb egalari, degan iddao­siga, to‘g‘risi, to‘xtalishni ham o‘zimizga ep ko‘rmadik.

Shifokorlarni olaylik. Yaqin-yaqingacha ham boshini ko‘tarib yurolmaydigan kasb egalari edi ular. Nima uchun? Kimdir ularni yoppasiga poraxo‘rga chiqarsa, kimlardir alamidan chiqquncha do‘pposladi. Ammo hech kim kunning istalgan paytimi yo yarim tunda bo‘ladimi, bemor uyiga borib, uni o‘lim iskanjasidan qutqarib qolganini eslamadi. Eslasa ham «kasbi shu bo‘lganidan keyin qiladi-da» qabilidagi muomaladan nariga o‘tmadi.

Xo‘sh, bugun-chi? Shifokorlar bugun ham o‘z burchiga, Gippokrat qasamiga sodiq qolib, «esingdami, sen meni xo‘rlaganding, do‘pposlaganding?» degan gapni xayoliga ham keltirmay, o‘zini kaltaklagan qo‘l tomirlariga najot tomchilarini yuboryapti. O‘sha payt ularning yuziga qaray olyapmizmi? Yaxshiyam yuzlariga niqob taqishgan-a? Unda jur’atingiz yetsa, ko‘zlariga qarab ko‘ring bir.

Ko‘ngil himoyachilari
Respublikamiz bo‘ylab tashkillashtirilayotgan xayriya ishlari markazlashmagunga qadar ko‘plab tashkilot va idoralar qatori harbiylarimiz ham boquvchisiz, yolg‘iz, ehtiyojmand oilalarga o‘zlarining beminnat yordamlarini berib kelishdi. Shakllantirilgan ro‘yxat asosida xonadon qo‘ng‘iroqlari chalinadi. Eshikni ochgan yupun vatandoshlarimiz qo‘lida bozor-o‘char ko‘targan harbiy libosdagi kishilarni ko‘rib, bir zum nima bo‘layotganini anglolmay qoladi. Bir onaxonning ko‘zdagi yosh bilan ular haqida aytgan gapi hali-beri yodimdan ko‘tarilmasa kerak: «Sizlar nafaqat ona Vatanni, balki biz, vatandoshlarning ko‘nglini ham himoya qilar ekansiz...»

Ha, shu kunlarda oddiy insonlardan tortib, katta-kichik davlatlar ham sinovdan o‘tyapti. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugun O‘zbekistonning, ona Vatanimizning fuqarolar oldida yuzi yorug‘. Chunki mamlakatning xoh ichkarisidagi, xoh tashqarisidagi har bir fuqarosi uchunchin ma’noda qayg‘urilyapti. Maxsus aviareyslar orqali chet davlatlardan qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz olib kelindi va ular salomatligi uchun jon kuydirilaoqda.

Karantinga olingan fuqarolar soni ko‘pligi bois sihatgohlar, oromgohlar va boshqa ko‘plab muassasalarda tibbiy kuzatuvlar joriy etildi. Afsuski, mana shu vaziyatda ham norozi bo‘lguvchilar topilmoqda. Ne-ne muzokara-yu kelishuvlar bilan amalga oshayotgan bu ishlardan faqat minnatdor bo‘lish kerak emasmi, aslida? Bunday kishilar Filippin prezidenti karantin qoidalarini buzgan va undan qochgan o‘z fuqarolarini otish uchun ruxsat bergani haqida eshitmagan shekilli?

Gurungimiz Xitoyda boshlangan koronavirus mavzusi atrofida kechgani bois Chin yurtiga oid bir voqea yodimizga tushdi. Qadim xitoyliklar dushmanlardan saqlanish uchun Buyuk Xitoy devorini qurishgan. Ular ishonganki, devor qanchalik baland va mustahkam bo‘lsa, uni oshib o‘tish shunchalik qiyin bo‘lgan. Ammo... Devor qurilgandan keyingi yuz yillikda Xitoy uch marta tashqi dushman hujumiga uchraydi. Har safar yog‘iyning quruqlikdagi qo‘shini devorni teshib yoki oshib o‘tishga majbur bo‘lmagan. Balki qo‘riqchilarga pora berib, to‘g‘ri qal’a darvozalaridan kirib borgan. O‘shanda xitoyliklar devor qurish bilan ovora bo‘lib, qo‘riqchi qurishni unutishgan. Xulosa shuki, odamni bino qilish har qanday qal’ani bino qilishdan mushkuldir.

Nima demoqchimiz? Peshonamizga bitgan bo‘lsa, bu sinovli kunlardan hammamiz o‘tamiz. Lekin eng muhimi, undan qanday yuz bilan o‘tishimizdadir! So‘nggi gapimiz shu: sinovlarda bardoshli, sotilmaydigan va sotmaydigan vujud sohibi – hazrati inson BINO bo‘ling.

Islomjon QO‘CHQOROV,
«Vatanparvar» gazetasi muxbiri
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endiyam shifokorni urasizmi?