
Jahon paydo bo‘libdiki, davlatlararo savdo-sotiq, iqtisodiy aloqalar rivojlanib keladi, iqtisodiy integratsiyasiz taraqqiyot yo‘q. Keyingi paytlarda mamlakatimizning ana shunday integratsiya shakllaridan biri bo‘lmish Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorlik masalasi ko‘p muhokama qilinmoqda. Mutaxassislar ushbu Ittifoqqa a’zolikning O‘zbekiston uchun ijobiy va salbiy jihatlarini chamalab ko‘rmoqdalar, bunda O‘zbekiston nima yutadiyu, nima yutqizadi, degan masala jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Masalaga Qonunchilik palatasi deputatlari ham o‘z pozitsiyalarini bildirmoqdalar.
Shu munosabat bilan, ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov, Bosh vazirning maslahatchisi K.Rashidov va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, Moliya vaziri T. Ishmetov hamda boshqa vazirliklar, tashkilotlar va muassasalar mas’ul xodimlari, mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etgan mazkur yig‘ilishda Hukumat a’zolari Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolarining bir qator savollariga javob berdilar.
Koronavirus pandemiyasi tufayli videokonferensaloqa tarzida o‘tgan mazkur “Hukumat soati”da deputatlar tomonidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiyalashuvning tashqi savdo, bojxona-tarif tizimini tartibga solish, budjet, bank va moliya sohasi, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari rivojlanishiga oid berilgan savollarga hukumat a’zolarining javoblari tinglandi.
“Hukumat soati”davomida “Adolat” SDP fraksiyasining a’zolari YEOII bilan hamkorlikning qator ijobiy jihatlari bilan birga ayrim salbiy jihatlari ham borligiga e’tibor qaratdilar. Jumladan, YEOII bilan hamkorlik qisqa muddatli davrda O‘zbekiston uchun ayrim tarmoqlarda ishlab chiqarishning pasayishi va ish o‘rinlari yo‘qotilishi, shu jumladan ittifoq bilan erkin savdo to‘g‘risidagi bitimga ega mamlakatlar hisobiga ijtimoiy-iqtisodiy xavf-xatarlar yuzaga kelishi mumkin. Uchinchi mamlakatlardan zamonaviy uskuna va texnologiyalarga nisbatan bojxona imtiyozlarini qo‘llash orqali rag‘batlantirilgan investitsiya faolligi va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sur’atlari pasayishi mumkin.
Yana to‘lov balansi barqarorligiga, milliy valyutaga va makroiqtisodiy vaziyatga salbiy ta’siri, yagona bojxona tarifi qo‘llanilishining respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalarni va xomashyo tovarlari importi hisobiga yirik investitsiya loyihalari amalga oshirishni qiyinlashtirishi, ayrim hollarda esa to‘xtatib qo‘yishi, uchinchi mamlakatlardan kontrabanda tovarlari oqimi kirib kelishi xavfi ham vujudga kelishi mumkin.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari YEOII bilan hamkorlik sharoitida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirishning istiqbollariga oid muhim savol bilan murojaat qildilar. Ma’lumki, O‘zbekiston ayni paytda dori vositalarining 90foizidan ortig‘ini YEOIIga a’zo bo‘lmagan davlatlardan import qiladi. Shuningdek, hozirda tibbiyot muassasalarimiz tibbiy texnika bilan yetarli darajada ta’minlanmaganligi hech kimga sir emas. Zamonaviy meditsina jihozlari va xom ashyolar importining 95 foizi uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri keladi.
Agarda YEOIIga a’zo bo‘lib kiradigan bo‘lsak, unda mamlakatimizda raqobatbardosh mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va tibbiy texnika vositalarini o‘zimizda ishlab chiqarish ancha murakkablashadi. Shunday bir sharoitda mavjud farmatsevtika korxonalari barqarorligini saqlab qolishda davlatning ko‘magi qanday bo‘ladi, qancha miqdorda markazlashgan investitsiyalar ajratilishi kerak, qanday kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘riladi?
Ushbu savolga Hukumat a’zosi javob berishga harakat qildi. Biroq Hukumatning bu boradagi aniq hisob-kitob va tahlillari ega emasligi, xususan, milliy ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash va ularning YEOII bilan hamkorlik sharoitiga qanchalik moslasha olishi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmaganligi sababli, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari qoniqarli javob ololmadilar.
Agar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatni chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, hozirda O‘zbekistonda farmatsevtika korxonalari, ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarda jahonning rivojlangan davlatlari bilan farmatsevtika va tibbiyot uskunalari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etilayotganini ko‘rishimiz mumkin.
YEOIIga a’zo bo‘linsa, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlaridan dori vositalari, tibbiy asbob-uskunalar va texnologiyalarning hech qanday to‘siqlarsiz, ommaviy tarzda erkin kirib kelishi yuz beradi. Ushbu holat endi-endi oyoqqa turayotgan milliy farmsanoatning rivojiga to‘siq bo‘lishi, mahalliy ishlab chiqarishning izdan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘plab ish o‘rinlarining yo‘qotilishiga, xorijiy valyutaning chetga chiqishiga, farmatsevtika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning samarasini pasayishiga olib keladi.
Shu bois, fraksiya a’zolari ushbu prinsipial masalada chuqur tahlil va yondashuv zarurligini ta’kidlab, Hukumat a’zolaridan to‘liq javob kutib qoladi.
Gulbahor SAIDG‘ANIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar