
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayevning aytishicha, koronavirus pandemiyasi ta’sirida yuzaga kelgan global inqiroz sharoitida qishloq xo‘jaligi sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida vazirlik huzurida 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yurituvchi shtab tashkil etilgan.
“Vujudga kelgan koronavirus pandemiyasi jahon savdosining barcha tarmoqlariga ta’sirini o‘tkazmoqda, qishloq xo‘jaligi sohasi ham bundan mustasno emas. Xususan, mahsulotlarni tashqi va ichki bozorlarga olib chiqishda, jumladan tashishda harakat erkinligini cheklash bo‘yicha qator davlatlar tomonidan keskin choralar ko‘rilayotganligi barchamizga ma’lum.
Shunga qaramay, qishloq xo‘jaligi sohasining ahamiyatli tomoni, bu sohaga barcha davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi tayanadi hamda O‘zbekiston qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy xaridor davlatlari hisoblanadigan Rossiya, Qozog‘iston, Kirg‘iziston, Belarussiya, Ukraina va boshqa davlatlar bu mahsulotlar kirishiga chegaralarini yopgani yo‘q va mahsulotlar importiga qo‘shimcha yengilliklar kiritildi.
Xususan, joriy yilning 30 iyuniga qadar Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlatlari kartoshka, piyoz, sarimsoqpiyoz, karam, sabzi, qalampir va boshqa tovarlarga import qilishda bojxona to‘lovlaridan ozod etish belgilangan. Ushbu davlatlarda sabzavotlarga bo‘lgan talab keskin kuchayishi kuzatilmoqda va bu bozorlardagi sabzavotlarga bo‘lgan narxlar 1,5 barobarga ko‘tarilmoqda”, deydi Saidkamol Xo‘jayev.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kengashi kelib chiqish sertifikatini (ST-1 shakli) vaqtincha soddalashtirishga qaror qilgan. Bu olti oy davomida sertifikatlarning qog‘oz yoki elektron nusxalaridan foydalanishga va asl nusxalarini bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmaslikka imkon beradi hamda bojxona hujjatlarini tezroq rasmiylashtirishga va yuklarni chegarada turib qolmasligiga imkon yaratadi.
“Hozirgi kunda ko‘shni davlatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini, xususan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda hech qanday tarif yoki notarif barerlar mavjud emas. Koronavirus pandemiyasi ta’sirida yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida eksportchilar va tadbirkorlarda yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yurituvchi qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash shtabi va “Call centerlar” tashkil etilgan.
Shtab tomonidan, tadbirkorlarda yetishtirish, eksport qilish va ichki bozorlarga yetkazish faoliyatini barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor yechimlar topish uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, deydi u. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar