
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda sohada dolzarb bo‘lib turgan qator savollarga javob berdi.
— Biz karantinni va iqlimdagi o‘zgarishlarni qishloq xo‘jaligiga ta’siri haqida gaplashdik. Bu borada qishloq xo‘jaligi rivojlangan dunyo davlatlarida sug‘urta tizimi juda yaxshi ishlaydi.Klaster egasi, fermer o‘z mahsulotini sug‘urta qildiradi va hosili qaysidir sabab bilan nobud bo‘lsa, u sug‘urta pulini oladi. Afsuski, bu tizim bizda hali ishlamaydi. Qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida sohaga sug‘urta tizimi qachon kirishini, tomorqachilar, dehqon va fermerlarning ekkani qachon sug‘urta bilan himoya qilinishini ayta olasizmi?
— Bu masala Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida ham belgilangan. Unda yangi sug‘urta tizimiga o‘tish, qishloq xo‘jaligida moliyalashtirish mexanizmini yangilash, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini bekor qilish, sohada to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tish, banklarning ishonchli kreditlari orqali yer egalari va ularning ekinlarini himoyalashni reja qilganmiz.
Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashning ikkita yo‘li bor. Birinchisi davlat tomonidan sug‘urtalash. Buni nimaligini yaxshi bilasiz. Ikkinchisi tijoriy sug‘urtalash, ya’ni sug‘urta kompaniyalari qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘urtalashga qiziqish bildirishi, foydani ham shundan ko‘rishi kerak.
Siz aytganingizdek, sug‘urta tizimiga yetib kelishimiz qishloq xo‘jaligini iqtisodiy jihatdan rivojlanishi bilan hamohang bo‘lishi kerak. Buning uchun budjet tomonidan qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladigan mablag‘larning bir qismini mana shu tizimni rivojlantirishga sarflash kerak. Hosilni sug‘urtalash tizimining rivojlanishi qishloq xo‘jaligini rivojlanishi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.
Fikrimcha, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan, ayniqsa, mavsumiy ekinlarni ekib, foyda olish nuqtai nazaridan tadbirkor va fermerlarimiz qancha ko‘paysa, ana shunda davlat va xususiy agrosug‘urta kompaniyalari ham ko‘payadi. Biz ham yirik agrosug‘urta kompaniyalari bor davlatlarni O‘zbekistonga keng jalb qilishimiz mumkin.
Aytmoqchimanki, qishloq xo‘jaligida fermer va tomorqachilarni sug‘urtalash tizimiga o‘tmoqchi ekanmiz, bunda ham bozor mexanizmi ishlashi kerak.
Bilasiz, bizda paxta va g‘alla eskitdan davlat tomonidan, ya’ni Agrobank orqali sug‘urtalanadi. Bu avtomatik ravishda bo‘lib kelmoqda. Bunda agar sug‘urtalash holati yuzaga kelsa pul davlat budjetidan ishlatiladi.Men qishloq xo‘jaligida birorta holatni bilmaymanki, soha xususiy banklar tomonidan moliyalashtirilsa.
— Bizda qishloq xo‘jaligidagi ko‘pchilik urug‘lar import bo‘lib keladi. Bizga ma’lumot berishlaricha, karantin tufayli qishloq xo‘jaligi urug‘lari kelishi kamaygan. O‘zingiz bilasiz, poliz va sabzavot ekinlari urug‘chiligi bo‘yicha holatimiz qoniqarli emas.Chetdan keladigan sifatli urug‘larning kamayishi oziq-ovqat xavfsizligiga qanchalik jiddiy ta’sir o‘tkazadi?
— Bir necha oydan beri viloyatlarda yuribman.Menga ham ayrim dehqonlar bu yil urug‘ tanqis bo‘ldi, olib kela olmayapmiz, deyishyapti.Biz hozirda Gollandiya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Belgiya, Isroil, Rossiya kabi mamlakatlardan urug‘larni olib kelamiz, Ayniqsa, sabzavot urug‘larini. Biz hisoblab chiqqanmiz, har yili qariyb 20 mingga yaqin urug‘ chet eldan keltiriladi. Bu asosan kartoshka urug‘i. Pandemiya sababli ularni olib kelish va viloyatlardan viloyatlarga o‘tishda ba’zi bir qiyinchiliklar yuzaga kelgan edi. Lekin hozirga kelib hech qanday cheklov yo‘q, yuklar to‘xtatilmayapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada Maxsus ishchi guruh tuzilgan. Unga ko‘ra, fermerlarimiz faoliyatiga va ularga urug‘ yetkazib berishga alohida e’tibor qaratiladi. Ayni paytda bu kabi muammolar, ya’ni urug‘larni ololmayapmiz yoki olib kela olmayapmiz, degan shikoyatlar bizga kelmayapti.
— Bizda paxta va g‘allachilik bo‘yicha ilmiy salohiyat, tajriba yuqori. Masalan, istagan fermer va dehqon ham o‘zi bug‘doy ekib, uni oziqlantirish texnikasini yaxshi biladi. Lekin qishloq xo‘jaligining boshqa ekinlari, masalan, oqsilbop turli ekinlarga kelganda afsuski, ko‘p narsa bilmaymiz. Sizningcha, shu yo‘nalishda ilmiy salohiyatimizni oshirishga nima xalaqit beradi, umuman, nega bu yo‘nalish bizda oqsayapti?
— Yashirmayman, bizda bu muammo bor. To‘g‘ri mavzuni ko‘taryapsiz. Yaqinda vazirligimiz va Jahon banki o‘rtasida qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan 550 million dollarlik kredit tizimi bo‘yicha shartnoma imzolandi.Biz Jahon banki bilan birinchi marta faqat iqtisodiy loyihalarda emas, aynan ilmiy salohiyat, laboratoriyalarimiz, ilmiy institutlarimizning infratuzilmalari va unga yetuk mutaxassislar jalb qilish bo‘yicha ham kelishib oldik. Bu masala Jahon banki ekspertlari tomonidan ham ma’qullangan. Endilikda biz qishloq xo‘jaligiga juda katta investitsiyalarni amalga oshirmoqchimiz. Biz qishloq xo‘jaligida ilmiy potensialimizni oshirmasak, sohada turli davlatlarga tobe bo‘lib qolaveramiz. Ilmsiz bularning iloji yo‘q. Har bir loyihamiz ilmiy yondashuvni talab qiladi. Hozir barcha intensiv bog‘larimizda chet el agronomlari.
Vazirligimiz yaqinda Toshkent davlat agrar universitetida yangi loyihani boshladi. Unga ko‘ra, universitetga chet eldan eng yaxshi talabalarni, professor, o‘qituvchilarni jalb qilamiz. Bu orqali yangi yo‘nalishlarda, ayniqsa, meva-sabzavotchilikda bilimli mutaxassislarni yetishtirmoqchimiz. Bu loyihani yilning oxiriga borib moliyalashtirish boshlanadi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar