
Yuzada – ko‘zga ko‘rinib turgan va ichkarida – ko‘zdan panada yotgan muammolarimiz bor:
Kamolondagi kabi yodgorliklarning qurilishi, shu paytgacha saqlanib kelinishi, boz ustiga, qayta ta’mirlanishi – yuzadagi, ko‘zga ko‘rinib turgan muammo...
Mingtepaga o‘xshagan o‘nlab, balki yuzlab qadimiy joy nomlarining haligacha ajnabiycha “Marhamat” bo‘lib turishi – yuzadagi muammo...
O‘z tilimizni zamonaviy dunyoda keraksiz darajaga tushirib, ingliz, rus, xitoy kabi tillarga o‘zimizni urayotganimiz va shu tarzda o‘zligimizdan tobora uzoq tushayotganimiz – yuzadagi muammo...
Ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlarning asosiy qismi chet tillarda ekanligi va bu bizning orimizni keltirmasligi – yuzadagi muammo...
O‘nta o‘zbek gaplashib turganda, tashqaridan bitta rus kelib davraga qo‘shilsa, o‘nta o‘zbekning bitta rusning tilida so‘zlasha boshlashi – yuzadagi muammo...
Bolalarimizni rus yoki ingliz tilidagi maktablarga zamona zayliga bo‘ysingan ko‘yi o‘qishga berayotganimiz hamda buning dahshatli oqibatlarini o‘ylay olmay qolganimiz – yuzadagi muammo...
Ko‘pgina sohalarning o‘z fidoyilari, iste’dodlari qolib, tasodifiy, olchoq, maddoh, o‘zidan bir pog‘ona yuqori mansabdagi shaxsga (sohaga emas!) yerga qadar egilib xizmat qiluvchi qulsifat odamchalarning rahbar lavozimlariga o‘tirib olishi – yuzadagi muammo...
O‘yimizning uzunligi – qo‘limizning kaltaligidan. Qo‘limizning kaltaligi esa – yuzadagi muammo...
Bu va bu kabi yana yuzlab muammolar borki, ular ichkaridagi dardning yuzaga tepib chiqqan isitmalari, xolos...
Xo‘sh, ichkaridagi dardning oti nima?..
Qoloqlik!..
Saviyasizlik!..
Natijada biz kuni o‘tayotganiga shukur qiladigan olomonga aylandik.
Qoloq hamda saviyasiz bo‘lganimiz bois, o‘zimiz bilib-bilmay rivojlanish bosqichida bizdan oldinroqda borayotgan millatlarga taqlid qilamiz: tiliga, turmush tarziga, yurish-turishiga... barcha-barchasiga!.. O‘zimiz rivojlanmas ekanmiz, bu taqlid davom etaveradi. Toki ilg‘or millatlarga singib, assimilyatsiya bo‘lib ketmaguncha davom etadi bu alamli hol....
Xo‘sh, qoloqlik qanday kelgan edi?
Qariyb 500 yil burun jahon dengiz yo‘llarining ochilishi bilan “Buyuk ipak yo‘li”ning tugatilishi natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi dunyodan uzilib qolishi bizni qoloqlik botqog‘iga otgan ilk, bosh sababdir... Keyin boshqa sabablar ham qo‘shildi. Ammo boshi o‘sha edi.
Natijada biz Rumiy, keyinchalik Abdulla Oripov ta’rifini qoyillatib keltirgan ko‘lmakdagi tilla baliqchaga aylandik. Hali-hanuz tilla baliqchamiz! Aslida, “pilla baliqcha”miz. “Tilla baliqchalik” bizga ancha qimmatlik qiladi. Unda hovuzda suzish imkoni mavjud. Bizda harakatlanish doirasi yanada tor – u pilla ichiga teng. O‘z qobig‘i – pillasini yorib chiqolmay, ichkarida qolib ketgan sho‘rlik qurtmiz biz hozir.
Markaziy Osiyodagi Ikkinchi Uyg‘onish vaqti 14-15 asrlarga to‘g‘ri keladi. Undan keyin nima bo‘ldi? Cho‘kish, cho‘kish va yana cho‘kish... Movarounnahrda Temur imperiyasi o‘rnida sekin-asta uchta xonlik paydo bo‘ldi. Biz qoloqligimizda ko‘pincha faqat xonliklarni, xonlarni ayblaymiz. Qaysidir ma’noda haqlimiz. Lekin hamma ma’noda emas. Zero, katta dunyodan uzilgan makonda katta o‘zgarishlar qilish amrimaholdir. Agar dunyo bilan “Buyuk ipak yo‘li” vaqtidagidek tig‘iz aloqa davom etganida, nazarimizdagi “kallavaram” xonlarning hech qursa bittasi o‘z yurtini rivojlanish bosqichiga olib chiqqan bo‘lar edi.
Biz hozir ham katta ma’noda dunyodan uzilgan holdamiz. To‘g‘ri, yo‘llar ochildi. Imkoning bo‘lsa, bilet olu istagan tomoningga uch, deyilmoqda. Lekin aholining qancha foizi uchish imkoniga ega?.. Uchayotganlar qayerga, nima maqsadda uchyapti?.. Samarasi qanday bo‘lyapti?... Bu savollarning javobini birma-bir tahlil qilsak, taskin bergulik emas. Bu uchishlar bizning rivojlanish bosqichiga olib chiqish uchun hozircha yetarli emas. Jisman o‘lmay turishga kifoyadir, balki...
Natijada biz so‘nggi 500 yil mobaynida qanday qoloq bo‘lgan esak, hozir ham deyarli o‘shanday qoloqmiz. Qoloqlik inersiyasi davom etmoqda! Qoloq insonning, qoloq elning saviyasi to‘piqqayam chiqmaydi. To‘piqqayam chiqmaydigan saviya (bu yerda umumiy saviya haqida so‘z bormoqda. Alohida kamsonli insonlar saviyasi turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin u hozircha ob-havoni belgilamayapti) bilan holimiz yana ushmundoq bo‘laveradi.
Dunyoning yetakchi kuchlari turli o‘yinlar o‘ynaganda, biz ularning ko‘zlariga tik qarab: “Bor, o‘ynamayman!” deyolmaymiz...
Bosqinchilar o‘z askarlariga bag‘ishlab, Vatanimizning qoq markazida yodgorlik o‘rnatganda, bolalarimizni yetaklab oborib, uni tamosha qilishgagina yaraymiz... Ota-bobolarimizdan qolgan shaharu qishloqlar nomini o‘zgartirishsa ham, yana nima deyishni bilmay o‘xshovsiz iljayamiz...
Qorako‘z o‘g‘il-qizlarimizning o‘ntasidan bittasiga arang turkona ot qo‘yamiz: qolgan bari yo arabcha yoki forscha va yoxud yana allakimcha bo‘ladi...
O‘z Vatanida o‘zga tilda gapirgani uchun oshig‘i olchi bo‘layotgan yurtdoshlarimizga goh havas bilan, goh hasad bilan boqib turaveramiz. “Nega o‘z yurtida o‘z ona tilida gapirganning moddiy-ma’naviy statusi ancha foizga past, nega baravar emas?”, deya masalani ko‘ndalang qo‘ymaymiz, qo‘yolmaymiz...
Bir paytlar dunyoni to‘ydirganimiz esimizdan chiqib, endi o‘zimiz o‘zga yurtlarga bir parcha non qayg‘usida sochilib ketayotganimiz – er yigitlarimiz mardikor, gulqizlarimiz cho‘ri bo‘layotganini bilganimiz holda, yana “musaffo osmon”dan olamga jar solamiz...
Va yana boshqa ko‘plab shu kabi noxush manzaralar...
Bular haqida o‘ylaganingda ixtiyorsiz ravishda o‘zingga o‘zing og‘riqli savollar bera boshlaysan: mening aybim nima? Tug‘ilganimmi aybim? Turkiy bo‘lib, o‘zbek bo‘lib dunyoga kelganimmi? Bobomning yurtida tug‘ilib, bobomning tilida so‘zlab, uning tutumini tutganimmi?...
Atrof jim-jit...
Ko‘ngling to‘lib ketadi...
Mayli, astoydil o‘tirib olib, to‘yib-to‘yib yig‘larsan ham. Lekin ko‘ngilni to‘kib bo‘lgach, ustingni qoqib, o‘rningdan turarkan, endi bunday yashab bo‘lmasligini, nimadir qilishing shartligini tushunib yetasan. O‘sha nimadir – qoloqlik pillasini yechib-itqitib, dunyoga chiqish, chiqqanda ham o‘zligingni, tilingni, oringni boy bermasdan chiqish bo‘ladi. Ha, rivojlanishdan boshqa barcha yo‘llar biz kabi millatlarni jarlikka olib borishi bugun kundek ravshan bo‘lib qoldi.
Demak, o‘zlikni – tilingni, diningni, qadriyatlaringni... markazga qo‘ygan holda, oldinga intilish, buning uchun esa, internet tilini, ilg‘or millatlar, ilmu fan, siyosat, tijorat, diplomatiya tilini va shunga o‘xshash yurtni eng kuchli, eng rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan barcha tillarni suvdek qilib ichib yuborishgina bugun bizni halokatdan qutqarib qolishi mumkin. Buning uchun esa bizga avvalo faqat bir narsa – to‘g‘ri boshqaruv kerak! – deysan ishonch bilan.
Demak, qobiqlarni yorib, keng dunyoga, ummonlarga ochilish vaqti allaqachon kelgan.
Demak, hammasi haliyam o‘zimizga bog‘liq!
Hozircha bog‘liq... Zero, imkonlar cheksiz berilmaydi...
Ulug‘bek HAMDAM,
yozuvchi
yozuvchi
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar