18:23 / 14.06.2020
3 126

Jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar statistikasi ochiq e’lon qilib borilishi kerak

Jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar statistikasi ochiq e’lon qilib borilishi kerak
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-farmoni bilan tasdiqlangan «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturida huquqiy statistika bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va unda quyidagi masalalarni hal qilish belgilangan:
1. Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risida yagona va ochiq statistik ma’lumotlar bazasini yaratish;
2. Huquqiy statistik ma’lumotlarni doimiy ravishda umumlashtirish, tahlil qilish va e’lon qilib borish hamda undan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlash.
Demak, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yana bir jiddiy vazifa qo‘yildi.

O‘zbekistonda huquqiy statistika bilan ishlash asoslari
“Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi Qonun O‘zbekiston Respublikasida davlat statistikasini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, davlat statistikasi organlarining vakolatlarini belgilovchi hamda yagona statistika axboroti tizimi yuritilishi borasidagi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.

Ushbu Qonunning 3-moddasida davlat statistikasining asosiy vazifalari qatoriga ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar hamda ularning natijalari to‘g‘risidagi statistika ma’lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil etish va e’lon qilish kiritilgan.

Qonunning 10-moddasi davlat statistika ishlari dasturlarini tartibga soladi. Bunday dasturlar mamlakatda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar va jarayonlar to‘g‘risida statistika axborotini tayyorlash uchun aniq yo‘naltirilgan topshiriqlar hamda statistika ishlarini moliyalashtirish hajmlari qamrab olingan hujjatdir. Davlat statistika qo‘mitasi har yili davlat statistika ishlari dasturini ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Yillik dasturda tegishli ishlarni bajarish muddatlari, davlat statistika kuzatuvlari davriyligi va shakllari belgilab olinadi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 105-sonli qarori bilan “2020 yil uchun davlat statistika ishlari dasturi” tasdiqlangan.
Unda vazirlik, idora va tashkilotlar bajaradigan statistik ishlar belgilangan bo‘lib, quyidagi huquqiy ma’lumotlarni davriy asosda yig‘ish nazarda tutilgan:
- jinoyatchilik holati va jinoyatlarni fosh etish natijalari, shu jumladan jinoyatlarning ayrim turlari haqida (Bosh prokuratura);
- avtotransportda yo‘l-transport hodisalari (Ichki ishlar vazirligi);
- sudlangan shaxslar soni va ularga tayinlangan jazo choralari to‘g‘risida ma’lumotlar (Oliy sud);
- zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar, zo‘ravonlik sodir etgan, zo‘ravonlik sodir etishga moyil shaxslar to‘g‘risida ma’lumot (Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi);
- huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida ma’lumot (Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi).

Bundan tashqari, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonun bilan huquqiy axborot tushunchasi va uning tarkibiga kiruvchi ma’lumotlar belgilangan. Biroq, ushbu Qonunda huquqiy statistika huquqiy axborot sifatida tan olinmagan, uning tushunchasi va tarkibi yoritilmagan.

Ko‘rinib turibdiki, huquqiy statistika qaysidir ma’noda davlat statistikasi va huquqiy axborot tizimidan tashqarida qolgan. Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonda huquqiy statistika alohida huquqiy tushuncha va yagona shakldagi resurs sifatida yuritilmaydi hamda bu sohaga javobgar bo‘lgan mutasaddi idoralar aniqlashtirilmagan.

Garchi Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va ba’zi boshqa idoralarning veb-saytlarida jinoyatchilik to‘g‘risida ayrim ma’lumotlar joylashtirilayotgan bo‘lsada, aksariyat holda ular umumiy xarakterga ega.

Masalan, Davlat statistika qo‘mitasining saytida joylashtirilgan huquqiy statistik ma’lumotlarda “2020 yil uchun davlat statistika ishlari dasturi”da nazarda tutilgan “fosh etilgan va fosh etilmagan jinoyatlar to‘g‘risida”, “iqtisodiyot asoslariga qarshi, xo‘jalik faoliyati sohasidagi, boshqaruv organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatchilik bilan kurashish natijalari to‘g‘risida”gi ma’lumotlar mavjud emas.

Shuningdek, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida ma’lumot” o‘rniga huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar (targ‘ibot-tashviqotlar, yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar va h.k.)ga oid umumiy tarzdagi statistik ko‘rsatkichlar keltirilgan.

Vaholanki, jinoyatlar va huquqbuzarliklar haqidagi statistik ma’lumotlarni to‘liq tarzda, tegishli kategoriyalarga va turlarga bo‘lgan holda aks ettirib e’lon qilinishi jinoyatchilikka qarshi kurashishning samaradorligi va xususiyatlari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish uchun muhim hisoblanadi. Umuman olganda huquqiy statistikaning to‘liq emasligi va uning umumiy tarzda berilishi huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilishga imkon bermaydi. Zero O‘zbekistonda huquqni qo‘llashning barcha masalalari bo‘yicha statistika yuritiladi, ammo natijasi e’lon qilinmaydi.

Shu bilan birga, oxirgi yillarda huquqiy statistikani takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 31 oktabrdagi PF–5566-sonli “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2018 yil 1 dekabrdan boshlab jinoyatlar, ularni sodir etgan shaxslar va jinoyat ishlari harakatlanishining yagona hisobi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona tizimi joriy etildi.

Ushbu Farmon jinoiy-huquqiy statistika ma’lumotlarini yig‘ish, umumlashtirish, yuritish, qayta ishlash, tahlilini olib borish kabi masalalarni tartibga solishga xizmat qildi. Natijada, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatchilik to‘g‘risida ma’lumotlarni doimiy ravishda va to‘liq to‘plashga ko‘proq e’tibor berishni boshladi.

Biroq, bugungi kunga qadar amaldagi qonunchilikda huquqiy statistika tushunchasi o‘ziga qanday ma’lumotlarni qamrab olishi aniq ochib berilmagan, uning faqat jinoiy-huquqiy qismini emas, balki ma’muriy va boshqa turdagi huquqbuzarliklarni ham qamrab olgan holda doimiy ravishda umumlashtirish, tahlil qilish va e’lon qilib borish majburiyligi nazarda tutilmagan.

Xorijiy tajriba
Xalqaro amaliyotga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, huquqiy statistikaga quyidagilar kiritiladi:
– jinoiy ishlar bo‘yicha sudgacha ish yuritish (jinoyatni ta’qib qiluvchi organlar);
– jinoiy ishlar bo‘yicha sud ishlarini yuritish (jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar);
– fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha ish yuritish (fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlar);
– hukmlarni ijro etish (jazoni ijro etish organlari tizimi);
– sud hukmlarini ijro etish (davlat ijrochilari va h.k.).

Xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish natijalari yana shuni ko‘rsatdiki, ko‘p mamlakatlarda huquqiy statistika muntazam ravishda tahlil qilinadi va to‘liq nashr etiladi.
Masalan, Yaponiyada Adliya vazirligi qoshidagi Tadqiqot va malaka oshirish instituti tomonidan quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni
o‘z ichiga olgan “Jinoyatchilik to‘g‘risida axborotnoma” nashr etiladi:
– jinoyatchilik va jinoyatchilarga ta’sir ko‘rsatish choralari tendensiyasi;
– jinoyatlarning ayrim turlari dinamikasi (giyohvandlik, uyushgan jinoyatchilik, moliyaviy-iqtisodiy jinoyatlar, oilada, alohida sub’ektlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va boshqalar);
– takror jinoyatlar;
– jinoyat qurbonlari.

Yuqoridagi statistik ma’lumotlar adliya, prokuratura, ichki ishlar organlari va boshqa idoralar tomonidan Tadqiqot va malaka oshirish institutiga yuboriladi. Tadqiqot va malaka oshirish instituti o‘z navbatida jinoyatchilik bilan bog‘liq statistikani tahlil qiladi va ommaga e’lon qilinishini ta’minlaydi.

AQSHda bunday faoliyat bilan adliya tizimidagi maxsus davlat tashkiloti sifatida faoliyat yurituvchi Adliya statistika byurosi shug‘ullanadi. Byuro statistik ma’lumotlarni tahlil etish va nashr etishdan tashqari huquqiy siyosatni o‘rganishning boshqa metodlarini ham faol qo‘llaydi.

2019 yilga kelib ushbu tashkilot tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilgan:
1.135 ming fuqaro bilan jinoyatchilikning qurbonlari sifatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tajribasi to‘g‘risida so‘rovnoma o‘tkazilgan;
2.Sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan 50 ming davlat organi va boshqa idoralarning faoliyati tahlil qilingan;
3.Kongress, Prezident administratsiyasi, Adliya vazirligi, odil sudlovni amalga oshiruvchi organlar va topshirig‘iga ko‘ra yuzlab amaliy tadqiqotlar o‘tkazilgan.

Rossiyada huquqiy statistikaning axborot-tahliliy portali joriy etilgan. Bu portal joylarda va davlat miqyosida sodir etilgan jinoyatchilikning holati to‘g‘risida axborot berish, jinoiy vaziyatni tavsiflovchi bir qator ko‘rsatkichlarga asosan boshqa davlatlar bilan solishtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Portal Bosh prokuratura tomonidan yuritiladi va internet tarmog‘ida barchaning foydalanishi uchun ochiq.

Huquqiy statistikaning ochiqligi nima beradi?
Xorijiy mamlakatlarning ijobiy tajribasidan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, O‘zbekistonda barcha turdagi huquqiy statistika bo‘yicha tahlillar o‘tkazish va natijalarini e’lon qilib borish birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zlari uchun ma’muriy va jinoiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashdagi kamchiliklarni yaqqol ko‘rsatib beradi, ular faoliyatini takomillashtirish, sud va tergov amaliyotiga ta’sir etuvchi ijobiy va salbiy tomonlarini aniqlashga yordam beradi.

Bundan tashqari, huquqiy statistikaning ochiqligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Xususan, Ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va umuman istalgan fuqarolar uchun huquqiy statistika ma’lumotlari bilan tanishish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish ahvoliga mavjud kamchiliklarni ko‘rsatgan holda holis baho berish, shuningdek huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Muhokama qilinayotgan masalaning yana bir muhim jihati shundaki, huquqiy statistikaning ochiq e’lon qilinishini yo‘lga qo‘yish O‘zbekistonda sud-huquq tizimida amalga oshirilib kelayotgan tizimli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ladi va mamlakatimizning jahon hamjamiyati oldidagi obro‘si yanada oshishiga xizmat qiladi.

A’zam Madaminov
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar statistikasi ochiq e’lon qilib borilishi kerak