
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda IIV xodimlari qiynalib, oyliklari yetmayotgani, majburiy «plan» qo‘yilishi haqidagi audiolar tarqalmoqda. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov AOKAda o‘tkazilgan brifingda bu boradagi savollarga javob berdi.
26 iyul kuni internetda Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektori, podpolkovnik Farrux Xolovning tuman xodimlardan ish natijalarini oshirishni talab qilib yo‘llagan murojaati audioyozuvi tarqalgandi.
Unda Xolov Olmazor tumani fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzishda juda kam ko‘rsatkichga egaligi, natijada bu yuqori turuvchi rahbarlarni qanoatlantirmayotgani, tuman rahbarlari shahar miqyosida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda buning uchun qattiq gap eshitishayotganini ta’kidlagan.
G‘iyosovning aytishicha, ichki ishlar tizimi «bunday nomaqbul ish uslubidan allaqachon qutulgan».
«Hozirda xodimlarimizga bunday talablar qo‘yilmaydi. Agar kimda bu haqda ma’lumot bo‘lsa, 1102 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishini so‘raymiz. Biz ijrochiga ham, rahbariga ham qa’tiy chora ko‘ramiz. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi», deydi u.
28 iyul kuni esa ichki ishlar xodimi sifatida gapirgan noma’lum shaxsning ovozli xabari tarqaldi. Unda ham rahbariyat «10ta keltirish»ni (qoidabuzarlarni Ichki ishlar binosiga keltirish nazarda tutilmoqda - tahr.) talab etishini aytib o‘tgan. Ma’lum qilinishicha, «12 soatlik ish faoliyatidan so‘ng, bo‘limga borganda 20 kishidan kazarmaga olib qolinadi».
«Covid-19 uchun emish. Kim o‘ylab chiqargan shuni? Bir tarafdan yetti metr masofa (saqlang) deydi, boshqa tarafdan 20 kishini bir joyga tiqadi.
Ikkinchidan, kazarmada yotay desang, Mehr-saxovat uyi bor – o‘sha yer ham undan tuzukroq. Yotoq qandalasi (klop) bosgan... Hojatxonaga kiraman, desang, tualet yo‘q. Ertalab yuz-qo‘lni yuvish uchun ko‘chaga chiqib, Qo‘yliq massiv tarafga o‘tib, do‘kondan suv olib, yuvinish kerak», deydi u.
Ovozli xabar egasi 2 million so‘mlik oylikning 15 foizi Covid-19 tufayli, 35 foizi esa Sardoba fojiasi oqibatlarini bartaraf etish uchun majburan olib qolinganini bildirgan.
«O‘ylashimcha, GUVDda (Toshkent shahar IIBB nazarda tutilmoqda - tahr.) ayrim rahbarlar muhtaram yurtboshimizga chiqib, biz qildik yo men qildik, deydimi?! Bu yoqda shaxsiy tarkibdan majburan shuncha pul oldim yo bunaqa qildik, deb chiqmaydi. Lekin men bor qildim, deydi «Mufasa» deganlari («Qirol sher» multfilmidagi obraz - tahr.). Bu yoqda shuncha odamni juvonmarg qilganini aytishmaydi. To‘g‘rirog‘i, bilishmaydi.
O‘ttiz besh foiz nima degani? Birovning bola-chaqasi qiynalgan, ota-onasi bor. Pulga muhtoj. Ota-onasi kasal, dori-darmonga pul yo‘q bo‘lsa kerak. Shuni taqab, birovdan qarz olib, keyingi oyda falon so‘m maosh olaman, deb, falon so‘m qarzimni bersam, 300 ming so‘m o‘zimga qolarkan. Shu pulni esa Yangiyo‘l yo To‘ytepadan keladiganlar ishxonamga yo‘l kira uchun bir oyga yetkazib turaman yoki birovning o‘rniga ishga chiqaman, deb qoladimi?! Yo batalon, avtobusi, patrul mashinasi ichida uxlab yotadimi?
12 soat «Madad» degan joyda postda turamiz. Fuqarolar suv tashlab ketishadi. Ayrim tushungan insonlarga katta rahmat aytamiz. Uyining oldida o‘tirsak, osh-ovqat olib chiqadi, chin dildan minnatdormiz. Olib chiqayotgan mahali, shunga ham bosh og‘rig‘i: olma, yema, qarama. Nega? Joyini tashlab, ovqat olib kelgani ketsa, kelib tekshirib, aqllilik qilasanlar. Uydagilar olib chiqsa, ulardan olma, deysanlar.
Nima degani bu? Xizmatni tugatib uyga boraman, desang, kazarma, undan chiqsang, kechasi 12-1da qanaqadir tadbir. Fohisha tadbiri deysanlar, qayerdan o‘ylab chiqilgan bu, «Tig‘» tadbiri, 20ta tig‘ bo‘lsin, 20ta niqobsiz bo‘lsin. Ko‘chada odam yo‘q, Uyda o‘tiribdi-ku. Ko‘chaga non uchun chiqqan odamni ushlab olib, protokol qilmaysan-ku? Ular ham uyda ishlolmay, qarz-havola qilib o‘tiribdi », degan u.
Toshkent shahar IIBB rasmiy vakili ushbu audioyozuv masalasida hali rasmiy izoh bermadi. IIV matbuot kotibi esa brifingda shunday masalalar yuzasidan umumiy munosabat bildirdi.
«Hozir hech kimga oson emas. Albatta, bugungi kunda ichki ishlar organlariga qo‘yilayotgan yuklama ko‘p marta oshgan. Bizning xodimlar orasida ham kasallanganlar, karantinda saqlanayotganlar va shu kasallikdan vafot etganlar bor. Lekin ichki ishlar organlari xodimlari har qanday vaziyatda oldilariga qo‘yilgan vazifani bajaradilar, bunga bizning kuch va vositalarimiz yetarli», degan u.
Shu bilan birga, oylik kamligi va oylik qirqilishi haqidagi davolar izohsiz qoldirilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar