19:13 / 26.10.2020
2 180

Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonunchilik normasini yanada takomillashtirish zaruriyati

Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonunchilik normasini yanada takomillashtirish zaruriyati
Bugungi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan eng global muammolardan biri – korrupsiya balosidir. Bu illatning vujudga kelishi sabablari va shart-sharoitlariga ko‘ra o‘ta murakkab ijtimoiy hodisa deb baholash mumkin. Shu bois unga qarshi kurash ham nihoyatda murakkab kechadi.

Korrupsiya davlatning moliyaviy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga, iqtisodiy jihatdan sezilarli darajada va investitsiyaviy muhitni yomonlashtiridigan moliyaviy biznes muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirgi paytda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilingan bo‘lib keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan normalar boshqa normativ huquqiy hujjatlarda mavjudmi?
Korrupsiya yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan faktlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 79-moddasida, shaxslarning bir davlat korxonasida ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa birgalikda xizmat qilishi ta’qiqlangan.

Shuningdek, Mehnat kodeksi 177-moddasida, ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emasligi belgilangan. Bu esa mansabdor shaxsning mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab vakolatidan chetga chiqishni ham cheklaydi.

Jinoyat kodeksida korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan. Bular: 167-modda (o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish), 205-modda (hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-modda (hokimiyat va mansab vakolati doirasidan chiqish), 210-modda (pora olish), 211-modda (pora berish), 212-modda (pora olish-berishda vositachilik qilish), 213-modda (davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish), 214-modda (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) va boshqa bir qator moddalarda o‘z aksini topgan.

Endi, qonunlarda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan suiiste’mol qilinishi ehtimolini istisno etmaydigan ba’zi huquqiy masalalarga to‘xtalib o‘tsak.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 65, 66, 661, 68, 70-76, 86-moddalari turli asoslarda jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish bilan bog‘liq masalalarni tartibga soladi.

Shu bilan birga, jinoyat sodir etgan shaxs qilmishi ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi, o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi, yarashilganligi va amnistiya akti asosida javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilishi mumkinligi ta’kidlanadi. Ushbu moddalarda “ozod qilinishi mumkin”, “qo‘llanilishi mumkin”, “almashtirilishi mumkin” kabi huquqiy atamalardan foydalanishda ushbu normalarni amalga oshirish imkoniyati sudyaning sub’ektiv ixtiyoriga bevosita bog‘liqligini keltirib chiqaradi.

Shaxsni javobgarlik va jazodan ozod qilishning aniq mezonlarning va huquqiy shartlarining mavjud emasligi sudyaning bunday qaror qabul qilishda xolislik, adolatlilik va qonuniylikni ta’minlashda sezilarli darajada murakkablashtiradi.

O‘z navbatida, shaxsni jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish masalasini hal qilishda vakolatli mansabdor shaxsning dispozitov xususiyatidagi “ehtimol qo‘llash mumkin” huquqi esa korrupsiya manfaatini yuzaga keltirish uchun foydalanishga sharoit yaratishi mumkin.

Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar
1. Ba’zi qonun normalarida mansabdor shaxslarning javobgarligi masalasi noaniq qoidalarga bog‘liq bo‘lib, ayrimlarida qonuniy javobgarlik choralari umuman ko‘rsatilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 73-moddasida, sud qarorining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishining o‘zi, sud qarorini chiqarishda qatnashgan sudyaning, agar u ataylab qonun buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, javobgar bo‘lishiga sabab bo‘lmasligi ko‘rsatilgan.

Biroq, amaliyotda ushbu normani amalga oshirishda qiyinchilik vujudga keladi, chunki “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning o‘zida va boshqa hujjatlarda ham jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikni belgilashning aniq mezonlari mavjud emas. Bunday noaniqlik sababli sudyani intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqayotganda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 73-moddasi talablarini turlicha talqin qilish va har xil qaror qabul qilish mumkin. Shu sababli ushbu moddadagi jiddiy oqibatlarga olib kelgan vijdonsizlikni belgilashning aniq mezonlarini belgilash lozim.

2. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) amaldagi tahririni takomillashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi, chunki unda ushbu jinoyatning ob’ektiv tomoni yetarli darajada aniqlanmagan. Demak, ushbu tahrirga binoan mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi uchun javobgarlikka tortiladi.

Biroq, pora oluvchi nafaqat pora beruvchining manfaati uchun, balki u vakil bo‘lgan shaxslarning manfaati uchun (masalan advokat mijozning manfaati uchun) pora olish mumkinligini ko‘rsatmaydi. Jinoyat kodeksining 210-moddasi amaldagi tahririda mansabdor shaxsning pora olishi ma’lum bir harakatni pora beruvchining manfaati uchun bajarish yoki bajarmaslikni nazarda tutadi.

Biroq, pora olishning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bu “xizmatda sovuqqonlik qilish” (mansabdor shaxs tomonidan xizmatdagi kamchiliklar yoki qoidabuzarliklar uchun chora ko‘rmaslik, xodimning noqonuniy harakatlariga javob bermaslik) yoki “xizmatdagi salbiy harakatlarga ko‘z yumish” (noloyiq rag‘batlantirish, asossiz lavozimni ko‘tarish va hk) bo‘lishi mumkin. Shu sababli pora olish jinoyati dispozitsiyasiga ushbu normalar kiritilishi lozim deb hisoblayman.

Qonuniy va noqonuniy xatti-harakatlar uchun pora olishni bir-biridan farqlash kerak, chunki Jinoyat kodeksining 210-moddasi ikkinchi qismida faqat tamagirlik yo‘li bilan ya’ni, pora beruvchining qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan harakatlari uchun pora olish nazarda tutilgan.

Amaliyotda esa noqonuniy xatti-harakatlar uchun pora olish holatlari (yetarli asoslar bo‘la turib jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish, intizomiy javobgarligini yashirish, imtihonga tayyorgarlik ko‘rmaslik va hk) ham ko‘proq uchraydi.

Xorijiy davlatlar tajribasi
AQSH, Angliya, Fransiya va boshqa xorijiy davlatlarda jamoat tashkilotlari davlat va munitsipial idoralar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha keng vakolatlarga ega. Xususan, Buyuk Britaniyada politsiya huzuridagi jamoat kengashlari korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan politsiya xodimlarining xizmat tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.

Biroq, hozirgi kunda mamlakatimizda davlat organlari huzurida korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘z ichiga olgan jamoat kengashlari mavjud emas.

Jamoat nazoratining jamiyat va davlat oldida qonun ustuvorligini ta’minlashda beqiyos rolini hisobga olib, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari huzurida tashkil etilgan jamaot kengashlarining imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarur. Shu sababli “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari huzuridagi jamoat kengashlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilish lozim.

Ushbu qonun o‘z ichiga jamoat kengashlarining vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va boshqa masalalarni qamrab olishi kerak.
Ushbu institutning faoliyat olib borishi turli davlat organlari huzuridagi jamaot kengashlari shaklidagi jamoat tashkilotlarini korrupsiyaga qarshi kurashishga keng jalb qilish, shu bilan davlat organlarida olib borilayotgan jarayonlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga imkon beradi.

Aksariyat xorijiy davlatlarda “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan, ular davlat xizmatining faoliyatini, shu jumladan mansabdor shaxslarning huquqlari va majburiyatlarini har tomonlama tartibga soladi.

Germaniya, Sloveniya va boshqa bir qator mamlakatlar qonunchiligi yuqori davlat lavozimidan ketgan shaxslarni ishga qabul qilish tartibini belgilaydi. Davlat lavozimidan ketgan shaxslar belgilangan muddat ichida xususiy sektorda ishlash yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun Hukumat ruxsatini olish kerak. Aks holda, davlat lavozimidan ketgan shaxslarning xatti-harakatlari korrupsion holat sifatida qaraladi.

Germaniya qonunchiligida “martaba pog‘onasidan ko‘tarish huquqi” ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra ma’lum bir vaqtda tegishli lavozimda ishlaganidan so‘ng xodim muntazam ravishda lavozimidan ko‘tarilishi kerak.
Mamlakamtimizda davlat xizmatchilarning huquq va majburiyatlarini tartibga soluvchi yagona qonun mavjud emas. Shu sababli “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarur.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi davlat xizmatchilari bo‘lgan shaxslarning toifalari, ularning huquqlari va majburiyatlarini, ijtimoiy va boshqa kafolatlarini aniq belgilashga, ularning faoliyatini baholash mezonlarini, shuningdek keyingi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida cheklovlarni belgilashga imkon beradi.

O‘z navbatida, mazkur qonun qabul qilinishi davlat xizmatida korrupsiyaning oldini olishga muhim hujjat hisoblanadi. Unda mansabdor shaxslar lavozimidan ketganidan so‘ng o‘zlari yaqin vaqtgacha ishlagan va o‘zi nazorat qilgan yoki qandaydir tarzda aloqada bo‘lgan tashkilotlarda ishlamasliklari kerakligi haqidagi qoidalar nazarda tutilishi kerak.

Ko‘pgina xorijiy davlatlarda (Singapur, Gongkong, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH) davlat xizmatchilari uchun majburiy bo‘lgan yagona Axloq odob qoidalari yoki normalari qabul qilingan. Ushbu qoidalarda davlat xizmatchisining xizmat paytida va xizmatdan tashqarida ham o‘zini tutish me’yorlari o‘rnatilgan.

Biroq, mamlakatimizda davlat xizmatchilarining yagona axloq odob kodeksi qabul qilinmagan. Shu sababli davlat xizmatchilarining yagona Axloq odob kodeksini qabul qilish lozim. Bunday hujjatning qabul qilinishi barcha davlat xizmatchilari uchun yagona va standart qoidalarni belgilashga imkon beradi.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, korrupsiya murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, unga qarshi kurashish uchun alohida choralarni qo‘llash samarali hisoblanmaydi, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyatning o‘zaro jipsligi talab etiladi. Zero, bu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar fuqarolar tomonidan ham faollik ko‘rsatilsagina, ko‘zlangan natijani berishi mumkin. Yuqoridagi takliflarning amaliyotga tadbiq etilishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida o‘z samarasini beradi.

Otabek Toshev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
ma’sul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonunchilik normasini yanada takomillashtirish zaruriyati