20:50 / 11.11.2020
1 703

Media makonida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish: huquqiy va ahloqiy jihatlar

Media makonida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish: huquqiy va ahloqiy jihatlar
Shaxsiy hayot va so‘z erkinligi o‘rtasidagi chegara qayerda? Materiallarni tayyorlashda ma’lumotlar manbalarini qanday qilib himoya qilish kerak? Ijtimoiy tarmoqlar uchun kontent yaratishning o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat? Nima uchun jurnalistik faoliyatda professional etikaga rioya qilish muhim?

Aynan shu savollar joriy yilning 10 noyabr kuni jurnalistlar va blogerlar uchun «Media makonida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish: huquqiy va ahloqiy jihatlar» mavzusida tashkil etilgan seminar ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi. Tadbir Adliya vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ishtirokchilar ochiq muloqot shaklida shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilishning huquqiy va ahloqiy jihatlari, media sohasi vakillarining shaxsiy va raqamli xavfsizligi masalalarini ko‘rib chiqdi. Amaliy misollar asosida tahliliy materiallar uchun axborot yig‘ish va unga ishlov berish, ochiq va yopiq manbalar bilan ishlash, ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish, fakt-chekingning zamonaviy usullari o‘rganib chiqildi.

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, jurnalist axborotni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish, axborot olish uchun davlat organlariga murojaat etish, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallarva axborotdan foydalana olish huquqiga ega ekanligi qayd etildi. Ayni paytda qonuchilik hujjatlari talablariga rioya etishi, o‘zi tayyorlayotgan materiallarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga amal qilishi, jurnalistlarning kasbga oid odob-ahloq qoidalariga rioya etishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.

Qonunda, shuningdek, jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Faktlar, shuningdek reportajlar, korrespondensiyalar, maqolalar, lavha yoki ocherklar personajlari (qahramonlari)ga doir shaxsiy ma’lumotlarsiz jurnalistlik faoliyatini amalga oshirishning imkoni yo‘q. Hattoki oddiy axborot tayyorlash jarayoni ham kamdan kam hollarda shaxs ishtirokisiz amalga oshiriladi, u doim voqea va hodisaning diqqat markazida, foto yoki videolavhada aks etadi.

Ekspertlarning qayd etishicha, fuqaroning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilishni shaxsiy hayot sirini muhofaza qilish bilan adashtirmaslik kerak. Ular ikki xil tushuncha. Shaxsiy hayot – inson shaxsiy deb hisoblagan va begonalardan sir saqlashni lozim topishidir. Shaxsga doir ma’lumotlar – u haqdagi anketa ma’lumotlaridir. Milliy qonunchlikka ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar bu - muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot.

Shaxsga doir ma’lumotlarga insonni identifikatsiya qilish mumkin bo‘lgan rasmiy ma’lumotlar kiradi: uning ismi, familiyasi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, pasport seriyasi va raqami, yashash joyi, fotosurati va b.sh. Bu ma’lumotlarni tarqatish shaxsga doir ma’lumotlar tegishli bo‘lgan sub’ektning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ya’ni asosiy shart – har bir inson o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashga albatta, o‘z ruxsatini berishi lozim.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda jurnalistlar kasbiy etikasi instituti qonunchilik darajasida belgilangan. Jurnalistlarning kasbiy etikasi qoidalari – bu jurnalistning shaxsiyati va kasbiy vazifalarini bajarishda uning hatti-harakatlariga qo‘yiladigan talablarni belgilaydigan qoidalar to‘plamidir. Bu qoidalar media hamjamiyat tomonidan belgilanadi. Ishtirokchilar media sohada o‘z-o‘zini tartibga solishni rivojlantirish, jumladan jurnalistlar kasbiy etikasi institutini keng qo‘llashning muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi.

Seminar ilg‘or horij tajribasini hisobga olgan holda, mediajamiyati vakillarining Internet tarmog‘ida malaka va huquqiy savodxonligini oshirish, internet-qonunchilik bo‘yicha milliy va xalqaro tajriba, tarmoqdagi etik standartlar bilan tanishish, shaxsga doir ma’lumotlar, shaxsiy hayotni muhofaza qilishga qaratilgan.

Boshqalarning shaxsiy hayoti, shaxsiy va oilaviy sirlari huquqini buzishi buzishi mumkin bo‘lgan fotosuratlar, video roliklar, axborot xabarlarini tarqatish hollari kuzatilmoqda. Ba’zan xabarlar tajovuzkor xususiyat kasb etadi. Kasbiy va etik standartlar – aniqlik, faktlarni fikrlar va izohlarlar ajratish - nafaqat an’anaviy media, balki internet-nashrlar uchun ham dolzarbdir.

Sevara Urinbayeva
Adliya vazirligi Jamoatchilik
bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Media makonida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish: huquqiy va ahloqiy jihatlar