22:50 / 03.03.2021
2 908

O‘zbekistonda yangi davr tibbiyotiga asos solinmoqda

O‘zbekistonda yangi davr tibbiyotiga asos solinmoqda
So‘nggi yillarda jamiyatimizning barcha sohalari kabi sog‘liqni saqlash tizimida ham bir qator islohotlar, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu jarayonda xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy-profilaktika, patronaj yordamini yanada yaxshilash, tez va shoshilinch tibbiy yordam hamda ixtisoslashgan tibbiyot sifatini oshirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash, xususiy tibbiyotni rivojlantirish borasida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash tizimiga 2020 yil davlat budjetidan jami 14,8 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan edi. 2021 yilda mo‘ljallangan davlat budjeti parametrlarida sog‘liqni saqlash sohasiga qariyb 20 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ilk bora onkogematologiya sohasiga qariyb 87,2 milliard so‘m ajratilmoqda. Shuningdek, tamaki savdosidan olingan aksiz solig‘ining 7 foizi onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi.

BIRLAMCHI TIBBIY XIZMAT
Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Prezidentning 2020 yil 13 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, umumiy amaliyot shifokori mutaxassisi oilaviy shifokor etib qayta nomlanadi. Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan boshlab qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanib faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi.

2021–2023 yillarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarni tashkil etiladi. Xususan:
•315 ta oilaviy shifokor punktlari, shundan 2021 yilda – 100 ta,
2022 yilda – 105 ta va 2023 yilda – 110 ta;
•52 ta qishloqda joylashgan oilaviy poliklinikalar, shundan 2021 yilda – 17 ta, 2022 yilda – 18 ta va 2023 yilda – 17 ta;
•33 ta shaharda joylashgan oilaviy poliklinikalar, shundan
2021 yilda – 7 ta, 2022 yilda – 13 ta va 2023 yilda – 13 ta tashkil etiladi.

XUSUSIY TIBBIYOT
Bugungi kunda O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalar soni ham kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bu tibbiyot sohasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada ko‘tarilishi, narxlarning esa arzonlashishiga zamin yaratadi. Ushbu omillar sabab mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari 6 107 tani tashkil etmoqda. Ushbu muassasalar tibbiyoti rivojlangan chet el mamlakatlari investitsiyalari jalb qilingan holda jahon standartlariga mos ravishda tashkil etilgan. 2021 yil davomida 275 ta yangi shu kabi muassasalarning bunyod etilishi va 200 tasi o‘z faoliyatini kengaytirishi kutilmoqda.

Alohida qayd etish kerakki, koronavirus pandemiyasi davrida xususiy tibbiyot tashkilotlari aholining koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘lishida jonbozlik ko‘rsatdi. Bugungi kunda 70 dan ortiq xususiy tibbiyot tashkilotlari koronovirus infeksiyasi bo‘yicha laboratoriya xizmatlari va 25 dan ortiq xususiy tibbiyot tashkilotlari diagnostika va davolash bilan shug‘ullanmoqdalar.

Xususiy tarmoqni rivojlantirishda davlat xususiy sherikligi tizimi eng samarador usullardan hisoblanadi. Shu bois har bir sohada davlat xususiy sherikligi asosida tashkil etilgan ob’ektlar soni yildan yilga ko‘tarilib borilyapti. 2020 yilda mamlakatimizdagi 300 dan ortiq samarasiz faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalarining bo‘sh binolari va yer uchastkalari ro‘yxati shakllantirilib, bu yerlarda davlat xususiy sherikligi loyihalarini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Gemodializ xizmatlari bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilib, uning birinchi bosqichida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlaridagi 1100 nafar bemorni dializ xizmati bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bunda Xindistonning “Nefroplyus” kompaniyasi investor sifatida tanlab olindi. Yurtimizning 3 ta hududida 4 ta yangi zamonaviy gemodializ markazlari xalqaro standartlarga mos ravishda qurilib, 2022 yilning fevral oyida ishga tushiriladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham huddi shu jarayonlarni davom ettirish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash lozimki, hozirgi kungacha vazirlik tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida 12 ta loyiha imzolandi, ulardan 2 tasi bo‘yicha faoliyat yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda tibbiyot yo‘nalishida respublika miqyosida amalga oshiriladigan 14 ta xalqaro loyiha hamda 2 ta yirik loyiha ustida ishlanmoqda.

IXTISOSLASHGAN MARKAZLAR
Bundan bir necha yillar oldin ko‘pgina noyob, murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun bemorlar turli xorijiy mamlakatlarga borishiga to‘g‘ri kelardi. Keyingi yillarda ixtisoslashgan tibbiyotni rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar natijasida bunday amaliyotlar, endilikda o‘zimizda muvafaqqiyatli amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2017-2019 yillarda o‘nlab markazlar, xususan, onkologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya, allergologiya, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, nevrologiya, narkologiya, bolalar xirurgiyasi yo‘nalishlarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tashkil qilindi. Respublika aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot markazlarni soni 22 taga yetkazildi va ularning hududlarda tegishli filiallari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Co‘nggi yillarda akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 200 dan ortiq buyrak, 10 ga yaqin jigar, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 100 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari o‘tkazilganligi tufayli 300 nafarga yaqin fuqarolarimizning yuqori texnologik operatsiyalar uchun chet davlatlardagi klinikalarga chiqishi oldi olindi va bemorlarning mablag‘lari tejab qolindi.

Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan markazlarning yetuk mutaxassislari hududlarga xizmat safarlari bilan chiqishi, u yerda bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazishi, hamkasblari uchun mahorat darslarini tashkil qilishi hamda murakkab jarrohlik amaliyotlarini joyida o‘tkazishlari kabi yaxshi an’ana yo‘lga qo‘yildi. Natijada, hududlarda ko‘plab bemorlar sifatli ixtisoslashgan tibbiy xizmat bilan ta’minlanmoqda.

BUNYODKORLIK ISHLARI
So‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizning 1700 dan ortiq davolash muassasalarida 5,0 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, bemorlar va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlar uchun munosib sharoitlar yaratish, zarur ehtiyojlarni ta’minlash maqsadida:
•3 076 ta davolash-profilaktika muassasasida isitish tizimi talab darajasiga keltirildi;
•1 842 ta muassasada ichimlik suvi tarmoqlari yangilandi;
•1 044 ta muassasada hamda 14 ta tibbiy ijtimoiy muassasada joriy va mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi.

Shu jumladan, 2020 yilgi investitsiya dasturi doirasida:
•283 ta tibbiyot ob’ektlariga 2,4 trillion so‘m yo‘naltirildi,
•61 ta ob’ektni qurilish-ta’mirlash ishlari 2021 yilga o‘tkazildi.
•223 ta ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi qaroriga asosan kelgusi 2021 yilda 131 ta tibbiyot muassasasini qurilish-ta’mirlash ishlariga 1,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.


PANDЕMIYAGA QARSHI KURASHISH
Pandemiya boshlangandan beri koronavirusga qarshi kurashish uchun hududlardagi tibbiyot muassasalarini kerakli tibbiy uskunalar bilan jihozlash maqsadida umumiy qiymati 85 049,3 ming AQSH dollariga teng tibbiyot jihozlar bilan ta’minlandi.

Jumladan, pandemiya davrida tibbiyot muassasalariga: 3 ta zamonaviy MSKT; 56 ta rentgen; 2303 ta funksional krovat;1 450 ta SIPAP; 6037 ta kislorod konsentratori; 1 850 ta IVL;150 ta PZR; 1564 ta kardiomonitor, Shu jumladan, budjet hisobidan: 500 ta IVL; 300 ta kislorod konsentratori; 10 ta PZR apparati va boshqa jihozlar yetkazib berildi. Muruvvat yordami orqali: 1 512 ta bolalar SIPAPi; 300 ta IVL. Jami 2 507 ta kislorod konsentratori va boshqa qator zamonaviy tibbiy asbob uskunalar yetkazib berildi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan maxsus shifoxona va karantin majmualari hamda zamonaviy laboratoriyalarni bunyod etish uchun 965 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etilib, ular zarur dori-darmon, himoya, eng zamonaviy diagnostika va davolash vositalari bilan ta’minlandi.

Qayd etish joizki, pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 ming nafardan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, 150 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassislar jalb qilindi. Kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash ishlari uchun 2021 yilgi davlat budjetidan 3 trillion so‘mlik zahira shakllantirilib, ushbu mablag‘lar hisobidan aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

KADRLAR TAYYORLASH
Ijtimoiy sohaning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tibbiyot tizimida malakali mutaxassislarga doim talab yuqori bo‘lib kelgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarida 2020 yil boshida 103,2 ming shifokor shtatidan jami 12 179 ta (11,8 foiz) vakant o‘rinlar mavjud bo‘lib, shundan: oilaviy shifokor bo‘yicha vakansiyalar 2740 ta (22,5 foiz), tor mutaxassisliklar 9439 tani (77,5 foiz) tashkil kilgan.

2020 yil tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 3063 nafar bakalavriat bosqichi bitiruvchilarining magistraturada 15 foizi va klinik ordinaturada 20 foizi o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ldi. Shu tufayli 2020 yilda oilaviy shifokor sifatida 1991 nafar (65 foiz) bakalavriat bitiruvchisini ishga joylashtirish hisobiga mavjud vakansiya 72 foizga qoplandi. 541 nafar magistratura va 2091 nafar klinik ordinatura bitiruvchilarini ishga joylashtirish hisobiga tor doiradagi mutaxassislarga bo‘lgan vakansiyadan 2632 tasi (28 foiz) qoplanidi.

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilning sentabr oyida:
•tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 3298 nafar bakalavriat bitiruvchilaridan 65 foizi — 1625 nafari oilaviy shifokor sifatida ishga joylashtirish hisobiga oilaviy shifokorlar vakansiyasi 100 foizga qoplanishi kutilmokda.
•827 nafar magistratura va 1415 nafar klinik ordinatura bitiruvchilarini (jami 2242 nafar) tor mutaxassis sifatida ishga joylashtirish hisobiga esa tor doiradagi mutaxassislarga bo‘lgan vakansiyalarning 33 foiziqoplanishi kutilmoqda. Shu tariqa tibbiyot tizimidagi vakasiya o‘rinlari yaqin yilda to‘liq qoplanadi.

ONALAR VA BOLALAR SOG‘LIGINI SAQLASH
Shuningdek, ushbu davrda paralell ravishda tibbiyot sohasi islohotlari, zamonaviy tibbiy inshootlarni bunyod etish ishlari ham izchil davom ettirildi. Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini ortirib, ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Chilonzor tumanida qurilgan Ikkinchi perinatal markazi kabi bir nechta tibbiy markazlar bunyod etildi. Perinatal markazda ilg‘or klinikalar tajribasi asosida eng zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Uning birinchi qavatida ko‘p tarmoqli poliklinika, yuqori qavatlarida bemorlar xonasi va umumiy amaliyot xonalari, jumladan, chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limi joylashgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 140 ta bemorni davolash mumkin.

Shuningdek, poytaxtimizda zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan Bolalar milliy tibbiyot markazi qurilib, o‘z faoliyatini boshladi. Qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan mazkur tibbiyot markazi Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etildi. Markaz tarkibidagi poliklinika kuniga 250 nafargacha bemor qabul qilish imkoniyatiga ega. Markaz magnit rezonansli tomografiya, multispiral kompyuter tomografiya, zamonaviy laboratoriya hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan.

2020 yil 10 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Qarorga binoan, bolalar va ayollar ayrim dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi:

2021 yil 1 iyundan boshlab:
•6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni;
•6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar “A” vitamini;
•2-10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlanadi.

2022 yil 1 iyuldan boshlab:
•homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3-15 yoshdagi bolalar yod preparati;
•35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minlanadi.
Shuningdek, homilador va tug‘ruqdan keyingi davrdagi ayollar hamda 5 yoshgacha bolalari mavjud oilalarga alohida patronaj hamshirasi biriktiriladigan bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi islohotlar, yangilanishlar va o‘zgarishlarning tub mazmun-mohiyati bevosita O‘zbekiston bu borada o‘zining zamonaviy tarixiy rivojlanishidagi yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda yangi davr tibbiyotiga asos solinmoqda