11:16 / 14.06.2021
2 411

Bo‘lajak kelinlar qaynona masalasida qanday fikrda?


Qiz bola xonadon farishtasi, otasining erkasi, onasining dardkashi, mehriboni, balog‘atga yetgach esa o‘zga bir oilaning bo‘lajak kelinidir. Ular ota uyida mehrga to‘lib, xuddi quyosh nuridan bahra olib o‘sgan niholdek o‘sib -ulg‘ayadi. Onalaridan yoki buvijonlaridan kelinlik sir-asrorlarini o‘rganadi. Boradigan joyida «toshdek qotishi»da eng muhim o‘rinda bo‘ladigan qaynona bilan qanday munosabatda bo‘lish kerakligi haqidagi maslahatlarni eshitib boradi. Xo‘sh, hozirgi qizlarimiz ayni masalaga -qaynona –kelin munosabatlariga qanday qaraydi?

Yaqinda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Xonzoda Husanova ko‘magida yuqoridagi va «Bo‘lajak kelinlar qaynona bilan yashashni xohlaydimi» degan savollar doirasida viloyat kutubxonasida oliy o‘quv yurtlarining qabul sinovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyent qizlar o‘rtasida kichik so‘rovnoma o‘tkazdik. Rosti, javoblar natijasiga ko‘ra qaynona bilan yashashni orzu qilganlar ko‘pchilikni tashkil etdi-yu, ammo bu borada juda oz bo‘lsada, afsuski, aksincha fikr aytganlar ham qayd etildi.

«Albatta, qaynonam bilan yashashni xohlayman. Chunki yangi oilamizning baxtli, fayzli bo‘lishida u kishining ko‘rsatmalari, hayotiy tajribalari juda ham kerak».
«Turmushdagi turli vaziyatlardan adashmay chiqib ketishda qaynonamga suyanaman».
«Yosh kelinlar uchun turmushning past-u balandini o‘zlashtirib olishida qaynonaning yordami alohida ahamiyatga ega».
«Qaynona bilan birga yashash, uning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish o‘zbek oilasining azaliy qadriyati, momolarimizdan qolgan meros, milliyligimizning o‘ziga xos, takrorlanmas jihatiku... Shunday ekan, men albatta qaynonam bilan yashayman va uning orzusidagi kelin bo‘laman”.
«Qaynonali kelin qarqara kelin, qaynonasiz kelin masqara kelin, savolingizga javobim shu».
«Orzuim qaynonali xonadonga kelin bo‘lish va o‘zim ham kelajakda kelin olib, oqila qaynona bo‘lish...».


Bular qaynona bilan birga yashashni o‘zlarining qizlik burchi deb bilan ko‘pchilik respondentlarning javoblaridan misollar edi.
Endi qaynonadan ayri yashashni istayotgan ayrim bo‘lajak kelinlarning ham fikrlarini keltiramiz:
«Qaynonalar farzandi(o‘g‘li)ni kelinidan qizg‘onadi, shuning uchun oilada ko‘p janjallar kelib chiqaradi deb ko‘p eshitganman, shuning uchun o‘zim mustaqil kelin bo‘lib yashashni xohlayman».
«Kinoseriallar orqali boshqa xalqlarda qaynona –kelin birga yashamasligini ko‘rib, shunday fikrga kelganman».
«Televideniyeda namoyish etilayotgan milliy seriallarimizdagi voqealarning aksariyati qaynona-kelinlarning kelishmovchiligi haqida. Shularni ko‘ribmi, erta-bir kun kelin bo‘lsam, men ham shunday muammo, mojarolarga duch kelsam-a degan xavotir tufaylimi, bilmadim, qaynonasiz kelin bo‘lish haqida orzu qilaman»...


Ha, mana shunday gaplar.Haqiqatan ham yosh qizlarning bunday fikrlarga kelishiga oynai jahonda berib borilayotgan oila haqidagi, 80-90 foiz voqealari janjalli seriallar, ko‘rsatuvlar ta’sir qilmayaptimikan? To‘g‘rida, televizorni yoqishadi, qaysidir kanalda qaynonasi bilan yashay olmay yoinki qaynonasiz yaxshi yashayotgan kelinlar tabassum qilib chiqib turadi yoki qaysidir bir ko‘rsatuvda qaynonasi bilan janjal qilib, oilasi o‘xshamaganlar ketma-ket chiqaveradi. Bunday oqibati chuqur o‘ylab ko‘rilmay ekranlashtirilgan syujetlar yosh qizlarimizning oila, milliy xonadonimiz borasidagi qarashlarini buzmasdan, yana kimning ongiga putur yetkazsin, axir?!

Hattoki, qaysidir kanalda serial bo‘layotgan bir paytda bizning mentalitetimizga zid bo‘lgan kadrlar ham efirga chiqib ketadi.Momolarimning aytishicha, avvallari kinolarda kelin-kuyovning to‘shagini o‘zlaridan boshqa hech kim ko‘rmas ekan. Endi esa ana o‘sha muqaddas va oilaning qo‘shqavatli pardasi ostidagi go‘shasi ham qaysi serialni ko‘rmang, bemalol ommaga oshkora qilinmoqda. Holbuki, er-u xotinning bu maskani daxlsiz va faqat o‘zlarigagina tegishli bo‘lmog‘i o‘zbek oilasining azaliy qonun –qoidasi, uyat degan eng oliy qadriyatlarimizdan birining hayotiy misoli bo‘lib kelgan.

To‘g‘ri, mo‘’jaz so‘rovnomamiz natijasiga ko‘ra bayon etilayotgan mavzuni juda dolzarb masala darajasiga ko‘tarmoqchi emasmiz.Lekin ne ilojki, ushbu maqolamizga bir-ikki nafar bo‘lsada, milliy oilamiz qadriyatlaridan voz kechmoqchi bo‘lgan zamondosh dugonalarimiz ham borligi qayd etilgani bois, hali sezilar-sezilmas, bilinar-bilinmas bu qarashlar erta bir kun yanada kengayib ketmasmikan degan savol va xavotir bilan nuqta qo‘yishga majburmiz.

Surayyo KELDIBEKOVA,
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar
 universiteti talabasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bo‘lajak kelinlar qaynona masalasida qanday fikrda?