1 456
«Ayrim «ekspert»larning o‘zbek xalqi siyosiy jihatdan faol emasligi bo‘yicha da’volari noto‘g‘ri» — tadqiqotchi
O‘zbekistonda umume’tirof etilgan xalqaro huquq andozalari, demokratik tamoyillar va milliy qonunchilik me’yorlariga muvofiq tashkil etilgan navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘z yakuniga yetdi. Besh siyosiy partiya va ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ishtirok etgan, o‘zaro raqobat ruhida o‘tgan saylov kampaniyasida ilgari surilgan saylovoldi dasturlari va targ‘ibot tadbirlarida bildirilgan fikr-mulohazalar saylovchilar tomonidan o‘z bahosini oldi.
Xalqimiz davlat va jamiyatning yaqin istiqboldagi taraqqiyoti, qolaversa, har bir fuqaro o‘z kelajagi qaysi yo‘nalishda bo‘lishini istashi haqida o‘z fikrini ochiq bildirdi. Endi bu muhim tadbirda qatnashgan siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari uchun saylov natijalarini sarhisob qilish, davlat boshqaruv organlari uchun esa saylov kampaniyasida ilgari surilgan taklif va rejalar hamda ularga nisbatan fuqarolarning munosabatini chuqur tahlil qilish vaqti keldi.
«Xalq tanlovi – xaq tanlov» degan gap bor. O‘zbek xalqi saylovda o‘z tanlovini qildi, hisob-kitoblar O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan mamlakatimizning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovlarda ishonchli g‘alabaga erishganini ko‘rsatmoqda.
Saylov natijalarining tahlili xalqimiz nomzodlarning saylovoldi dasturlari va targ‘ibot tadbirlarida o‘rtaga qo‘ygan masalalarni jiddiy o‘rganish bilan bir qatorda bu g‘oyalarning hayotga tadbiq etishning qanchalik hayotiy, ya’ni real zaminga egaligi, bu taklif va rejalarning har tomonlama, huquqiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa jihatlardan asoslantirilganiga, shuningdek nomzodlar tomonidan bu yo‘nalishlarda shu paytgacha qanday ijobiy harakatlar qilinganiga alohida e’tibor qaratganini ko‘rsatmoqda.
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligida saylovda ishtirok etish va o‘zi tanlagan nomzodlarga ovoz berish fuqarolarning huquqi hisoblanadi. Ayni paytda ko‘plab rivojlangan davlatlarda ham saylovda qatnashish va ovoz berish fuqarolarning burchi deb belgilangan. Ayrim mamlakatlar qonunchiligida esa saylovda qatnashmaganlik uchun turli jazo choralari ham mavjud.
Ikkinchidan, saylov jarayonlarida ayrim shaxslar tomonidan turli axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi saylovlar kerak emasligi hamda saylovlarni «boykot qilish», ya’ni saylovda qatnashmaslik maqsadga muvofiq degan ko‘plab da’vatlar tarqatildi. Shunga qaramay, saylov huquqiga ega bo‘lgan va saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning mutlaqo ko‘pchiligi saylovlarda ovoz berish yo‘li bilan bu masalaga nisbatan ham o‘z fikrini bildirdi.
Umuman olganda, bu yilgi saylov natijalari keyingi yillarda O‘zbekiston jamiyatida huquqiy ong va huquqiy madaniyat yuksalib borgani, fuqarolarning siyosiy faolligi oshgani, aholining o‘zi yashab kelayotgan hamda kelajakda o‘z farzandlari kamol topishi kerak bo‘lgan davlat va jamiyat hayotiga befarq emasligini namoyish qildi.
Mana shu ikki holatning o‘zi ham mamlakatimiz xalqining siyosiy dunyoqarashi oldingi davrlarga taqqosan sezilarli darajada kengaygani, mamlakat ichi va tashqarisidagi ayrim «ekspert» va «siyosatshunos»larning o‘zbek xalqini siyosiy jihatdan faol emasligi to‘g‘risidagi da’volarini noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatdi.
Shu ma’noda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab kimlar va nima uchun ovoz berdi degan savolning o‘zi ortiqcha. Chunki, saylov huquqiga ega barcha vatandoshlarimiz bu savolga o‘zlarining aniq javobini berdi.
O‘tgan besh yil davomida Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan ichki va tashqi siyosati haqida aholining barcha qatlamlarida tassavvur shakllangan, ilgari surilgan tashabbus va rejalarning ijobiy natijalari ko‘pchilikning hayotida yaqqol sezildi. Shu sababli ham xalqimiz saylovda «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyilga asoslangan islohatlarning izchil davom etishi uchun ovoz berdi.
Bu mavzuda juda ko‘p mulohazalar bildirish mumkin, biroq hozir biz faqat aholining ko‘pchiligi uchun bevosita aloqador bo‘lgan ayrim muhim masalalar yuzasidan bir-ikki fikrlar bilan cheklanishimiz mumkin:
- naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi va valyuta bozorining erkinlashtirilishi. Ko‘pchilik eslasa kerak, ishchi va xizmatchilarning ish haqlari, ayniqsa nafaqaxo‘rlarning pensiya to‘lovlarini hali yetarli sharoitlarni yaratmay turib, «plastik karta» tizimiga o‘tkazilishi sababidan aholi o‘z qonuniy pul mablag‘larini turli xil lo‘ttibozlarga yalinib, katta foiz evaziga naqd pulga almashtirishar edi. Chunki, savdo shahobchalari har xil sabablar bilan naqd pulsiz savdo qilishdan qochar, bank kartalaridan pul yechish uchun yetarli bankomatlar yo‘q edi.
O‘qish, biznes yoki davolanish maqsadida chet davlatlarga borib kelish hatto buning uchun yetarli mablag‘i bo‘lgan fuqarolar uchun ham katta muammo edi. Albatta, xorijga chiqish uchun xorijiy valyuta kerak bo‘lib, oddiy insonlar uchun «xo‘ja ko‘rsin»ga ochib qo‘yilgan valyuta almashtirish shahobchalaridan valyuta sotib olish imkoni yo‘q edi. Ayni paytda, turli xil korrupsiya aloqalari tufayli konvertatsiya amaliyotiga qo‘li yetadigan ayrim toifaga mansub shaxslar milliy va xorijiy valyutaning rasmiy va «qora bozor» narxidagi farqi evaziga juda katta miqdorda «havodan pul» qilish bilan shug‘ullanishardi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida iqtidorga kelgach, moliya va bank tizimi faoliyatini tubdan yaxshilash bo‘yicha bir qator qat’iy chora-tadbirlarni amalga oshirdi, naqd pul muomalasi hamda milliy pul konvertatsiyasi bilan bog‘liq ko‘p yillik salbiy holatlarga chek qo‘yildi. Albatta, aholining ko‘pchiligi hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan bu o‘zgarishlarni o‘z boshidan o‘tkazgan millionlab insonlar saylovda bu ishlarni tashabbuskori bo‘lgan inson nomzodini qo‘llab ovoz berdi;
- fuqarolarni «ro‘yxatga qo‘yish» (propiska) tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham haqida ham yuqoridagidek fikrlarni bildirish mumkin. Ko‘pchiligimiz «ro‘yxatga olish» masalasida juda ko‘p yurtdoshlarimiz o‘nlab yillar davomida qiynalib kelgani va «propiskangiz yo‘q» degan birgina bahona sababli qancha iqtidorli yoshlar «tashqarida» qolib ketganiga guvoh bo‘lganmiz. O‘tgan davr mobaynida vaqtincha yoki doimiy «propiska»siz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligi bekor qilindi, barcha uchun mamlakatning istalgan hududida mehnat qilish imkoni yuzaga keldi. Poytaxtda ko‘chmas mulk sotib olish uchun ushbu hududda doimiy ro‘yxatda bo‘lish shartiga bog‘liq qoidalar qonunchilikdan chiqarib tashlandi. Fuqarolarning doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ishlar kelgusida idoralararo elektron hamkorlik orqali «yagona darcha» tamoyili asosida amalga oshirilishi nazarda tutilagani aholining ortiqcha ovoragarchiligi va sarf-harajatlariga barham berdi.
20 yildan ortiq davrda bunday imkoniyatni faqat orzu qilib kelgan o‘n minglab fuqarolar va ularning yuz minglab oila-a’zolari saylovda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab ovoz bergani aniq;
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish tartiblarining soddalashtirilishi.
Mamlakatimiz hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar muammosi ildizlari mustaqillikning dastlabki yillariga borib taqaladi. Bir paytlari yagona huquqiy-siyosiy makon tarkibida bo‘lgan va keyinchalik mustaqil rivojlanish yo‘liga kirgan davlatlarning bir qator toifadagi aholisi shunday muammolarga duch kelgan edi. Turli sabablarga ko‘ra, bir mamlakatdan boshqasiga doimiy yashash uchun kelgan shaxslar o‘n yillab mamlakat hududida yashab, hatto bola-chaqalari voyaga yetguncha ham fuqarolik maqomiga ega bo‘lmay yashab kelardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1991 yildan 2007 yilgacha bunday toifadagi shaxslardan bor yo‘g‘i 482 tasi O‘zbekiston fuqaroligini olgan. 2007-2016 yillar davomida hech kimga fuqarolik berilmagan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan kuchga kiritilgan bu norma mamlakatda doimiy yashab turgan qariyib 100 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘z xohishiga ko‘ra qisqa muddatlarda O‘zbekiston fuqaroligini olishi mumkinligini ta’minlagan. Agar bunday tartibda fuqarolikni olgan har bir inson ortida kamida 8-10 tadan yaqin qarindoshlari mavjudligini hisobga olsak, bu toifaga mansub yuz minglab fuqarolar ham saylovlarda Shavkat Mirziyoyev uchun ovoz bergan;
- O‘tgan besh yil davomida mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining himoya qilish va rivojlantirishga doir tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va uni yuritish bo‘yicha jarayonlar soddalashtirildi, tadbirkorlar tomonidan davlat organlaridan o‘nlab turdagi litsenziyalar va yuzlab shakldagi ruhsatnomalar olish amaliyoti bekor qilindi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimi izchil takomillashtirilib, xotin-qizlar, yoshlar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar yaratildi. Ayniqsa, nazorat qiluvchi idoralarning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga aralashish holatlari keskin kamaytirildi.
Shu sababli ham bugungi kunda iqtisodiyotning turli sohalarida mehnat qilayotgan yuz minglab kichik va o‘rta biznes vakillari, ularning boshqaruvidagi katta va kichik jamoa a’zolari saylovda Shavkat Mirziyoyev nomzodini yakdillik bilan qo‘llab chiqishdi;
- oliy o‘quv yurtlarida yoshlarning o‘qish qamrovini keskin oshirilishi, sirtqi va kechki o‘qish shakllarini qayta tiklanishi, turli hududlarda xorijiy va xususiy universitetlar hamda ularning bo‘limlari tashkil etilishi katta hayot maydoniga kirib kelayotgan yosh yigit-qizlar va ularning yaqinlari tomonidan bevosita his qilindi. Abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini topshirish imkoniyati yuz minglab yoshlar va ularning ota-onalarning minnatdorligiga sabab bo‘ldi. Albatta bunday yoshlarimiz va ularning ko‘p sonli yaqinlari saylovda Shavkat Mirziyoyev uchun ovoz berishdi.
Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik maqomida bo‘lgan dastlabki besh yil davomida amalga oshirilgan islohatlarning fuqarolar uchun eng muhimlarini shunchaki sanab chiqish uchun ham ko‘p vaqt talab qilinishi yuqoridagi misollardan ham ko‘rinib turibdi.
Bu borada har bir fuqaro o‘z kasb-kori, turmush tarzi, dunyoqarashi va shaxsiy qiziqishlaridan kelib chiqib o‘z fikrini bildirishi mumkin. Masalan, kimdir, O‘zbekiston Prezidentining mintaqamiz davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish yo‘lidagi sa’yi-harakatlarini ta’kidlasa, kimdir aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ortiqcha qog‘ozbozliklar hamda fuqarolardan o‘nlab shakldagi ma’lumotnomalarni talab qilish amaliyotiga chek qo‘yilganiga e’tibor qaratishi mumkin. Ko‘pchilik davlat organlarining ochiqligi va ularning jamoatchilik oldida hisobdorligini ta’minlash yo‘lidagi ijobiy natijalarni e’tirof etishi aniq. Va albatta, bunday fikrlarning barchasi o‘z asosiga ega.
Anvar Eminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»